14:47 / 02.02.2019
11114

Raqamli diplomatiya va mamlakat brendi: ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek siyosatchilariga kerakmi?

Ko‘pchiligimiz jahon siyosat taxtasidagi kuchli figuralarning ijtimoiy tarmoqlardagi post va tvitlarini tez-tez ko‘rib turamiz. Ma'lum siyosiy vaziyat, tashqi munosabatlarda o‘zining pozitsiyasini bildirish uchun ijtimoiy tarmoqlar - Facebook, Twitter va Instagram kabilar haqiqiy media qurol vazifasini o‘tamoqda. Chunki aynan ular orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosatchi va oddiy aholi vakillari o‘rtasida ko‘prik o‘rnatiladi.

Bu ko‘prikning qanchalik mustahkam va ishonchli ekanligi «raqamli diplomatiya» vositalaridan samarali foydalanish darajasiga bog‘liq. Yil boshida Tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekistonda ham «raqamli diplomatiya» vositalari rivojlantirilishi haqida xabar berilgandi.

Dasturni bajarish uchun mas'ul tashkilotlar sifatida Tashqi ishlar vazirligi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ko‘rsatilgan, ijro esa 2019 yil 20 iyulgacha ta'minlanishi kerak edi.

«Raqamli diplomatiya» nima o‘zi?

Raqamli (elektron) diplomatiya – bu diplomatik masalalarni hal qilish uchun internet va axborot-texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish demakdir. Raqamli diplomatiya doirasida yangi media vositalar, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar va global tarmoqning shu kabi media maydonlaridan foydalaniladi.

Jahon siyosatida bunday turdagi diplomatiyada odatda an'anaviy hukumat idoralari (avvalo, tashqi siyosat bilan shug‘ullanuvchi), nodavlat tashkilotlar faol ishtirok etadi. Raqamli diplomatiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — tashqi siyosat bo‘yicha manfaatlar, axboriy targ‘ibotni Internet-televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borishdir.

Ushbu atama dastlab raqamli texnologiyalarga tayanib faoliyat olib borilgan AQSh ijtimoiy siyosatiga nisbatan ishlatilgan. Atama «Internet-diplomatiya», «ijtimoiy tarmoqlar diplomatiyasi» va «Web 2.0 diplomatiyasi» sifatida ham ishlatib kelinadi.

Bu sohadagi ilk dasturlar 2002-2003 yillarda kichik Jorj Bush tashviqotining an'anaviy vositalardan radio va telekanallardan internetga ko‘chishi bilan rivojlanishni boshlagan. 2006 yilda esa Davlat kotibi Kondoliza Rays tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarning AQSh haqidagi ma'lumotlar va dezinformatsiya postlari monitoringi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislardan iborat Raqamli hamkorlik guruhi tashkil etilgan. O‘sha vaqtning o‘zidayoq Davlat departamentining rasmiy blogi va hukumat portali ochilgan.

2009-2011 yillarda AQSh Davlat departamentida siyosiy rejalashtirish bo‘limi direktori Enn-Meri Sloterning fikrlariga ko‘ra, nisbatan soz va tarmoqlangan axborot kanal va kommunikatsiyalariga ega davlatlar kunning global mavzusini qo‘ya olish imkoniga egadirlar.

Hozirda dunyo bo‘ylab turli davlat rahbarlari, vazirlik va tashkilotlari, siyosiy arboblarining rasmiy sahifalari ijtimoiy tarmoqlardagi ijtimoiy fikrni o‘z manfaatlari, siyosiy qarashlari ta'sirida ushlab turibdi.

Asosan Twitter tarmog‘ida «raqamli diplomatiya» va bahslashuvchi tomonlarning munozarasiga «tviplomatiya» (Twiplomacy) atamasi bilan ta'rif beriladi.

Bugungi kunda Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy tasdiq belgisiga egalik, postlardagi yagona tartib va faollik bo‘yicha AQSh, Kanada, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Fransiya va ayni kunlarda Venesuela siyosatchilari yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekistonning «raqamli diplomatiya»dagi hozirgi holati qanday?

twiplomacy.com sayti statistikasiga ko‘ra, Twitter'dagi O‘zbekistonda eng faol va muhim sahifalar - Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot xizmati, Bosh vazir Abdulla Aripov, gov.uz portali va Tashqi ishlar vazirligi sahifalaridir.

Dunyodagi yetakchi rahbarlar va tashkilotlar orasida Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot xizmati ko‘rsatkichlari quyidagicha:

Prezident matbuot xizmatini Twitter'da 7 mingdan ortiq, Instagram'da esa bir milliondan ortiq follover kuzatib borsa, Facebook'dagi rasmiy sahifaga 195 mingdan ortiq foydalanuvchi layk bosgan.

Instagramda faol yetakchilar elliktalik ro‘yxatlarida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati tomonidan yuritiluvchi sahifalar turli toifalarda quyidagi o‘rinlarda:

  1. Eng ko‘p muloqot qamroviga ega 50 dunyo yetakchilari - 9 mln foydalanuvchi, 14-o‘rin. (1-o‘rinda AQSh prezidenti Donald Tramp, 229 mln foydalanuvchi)
  2. Eng ko‘p muloqot qamroviga ega (bir postga nisbatan) 50 dunyo yetakchilari - 12570 foydalanuvchi, 27-o‘rin. (1-o‘rinda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, 1056992 foydalanuvchi)
  3. Eng faol 50 dunyo yetakchilari (kundalik postlar soni) - kuniga o‘rtacha bir post, 42-o‘rin (1-o‘rinda Bruney Bosh vaziri idorasi - kuniga o‘rtacha 17 post)

Bir qarashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati tomonidan yuritilayotgan sahifalar TOP-50talikka kirganining o‘zi ham «raqamli diplomatiya» sohasida siljishlar borligini ko‘rsatishi mumkin, lekin global miqyosda ijtimoiy tarmoqlardan tizimli va tartibli foydalanayotgan AQSh, Kanada, Turkiya kabi davlatlar tajribasini o‘rganish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

«Xyuston, bizda muammolar bor»

Bundan ikki yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilingandi.

Ikki yil davomida ham tashqi, ham ichki siyosatda turli yangiliklar, avval hukumat idoralari va jamiyatimizga notanish bo‘lgan samarali usullarga murojaat etildi. Ba'zi vazir va deputatlar Facebook, Twitter va hatto Instagram’da ham o‘z sahifalarini ochishni boshladi.

Bundan umidlangan ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar faol tarzda o‘z savol va fikrlarini yo‘llab, muhokama va munozaralarga qo‘shila boshladilar. Taassufki, ijtimoiy tarmoqlarda kechgan o‘zaro muloqot bir yarim yil davom etdi xolos.

Mana yarim yildan ko‘proq muddat O‘zbekistonda Facebook va YouTube’ga kirishda duch kelinayotgan muammolarga aniq izoh berilgani yo‘q. Aniq izoh berilmas ekan, tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi aholi orasida shubha paydo bo‘ladi.

«Balki yozayotganlarimiz «kattakonlar»ga qattiq ta'sir qilayotgandir», «Virtual qabulxonalar muammolarni yana hokimiyatga qaytarib jo‘natvoradi-ku baribir. Xalq bilan haqiqiy muloqot tugadimi?», «Dodimizni kim eshitadi?», «Qachon biz ham odamga o‘xshab Internetdan foydalanamiz? VPN nima degani?» kabi savol-u gaplar tez-tez quloqqa chalinib turibdi.

Xususan, so‘z erkinligi va ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq masalaga britaniyalik elchi, diplomat Kristofer Allan ham to‘xtalib o‘tgandi

«Harqalay O‘zbekiston bu sohada rivojlanmoqda. So‘z erkinligini ta'minlash uchun vaqt o‘tgan sayin dadil qadamlar tashlanmoqda. Hamma qadamlar ham ijobiy bo‘lmayapti va siz bularni ta'kidladingiz. Shuningdek, men katta resursga ega ijtimoiy tarmoqlarga ulanishda kuzatilayotgan qiyinchiliklardan xabardorman».

Mamlakat brendi va siyosatchilarning asl imiji (qiyofasi) aynan mana shu oddiy masalalarni hal etishdan shakllanib boradi. O‘zaro muloqot esa uning samaradorligini oshiradi.

Yana bir tabiiy savol tug‘iladi – O‘zbekiston jahon miqyosidagi turli reytinglarda, asosan, salbiy o‘rinlarda ekanligining bosh sababi hech o‘rganib ko‘rilganmi? Korrupsiya darajasi, so‘z erkinligi...

Turli reytinglar qonunlarning, vazirlik va siyosiy partiyalarning amalda xalq manfaatini qanchalik himoya qila olishi darajasi hisobga olinib tuziladi.

Mamlakat brendi va reytinglar nega kerak?

Siyosat fanlari doktori, professor Alisher Fayzullayevga ko‘ra, brending tushunchasi nafaqat tovar va xizmatlar uchun, balki davlatlar, millatlar, shuningdek, ma'lum joylar uchun ham qo‘llaniladi. Mamlakat brendi – uning o‘ziga xos, jozibali va taniqli imijini shakllantirish demakdir. Mamlakat brendi odamlarga tushunarli, jamiyat uchun ahamiyatli, unikal (o‘ziga xos – boshqa mamlakatlar brendidan ajralib turadigan) va ma'lum qadriyatlarni o‘zida namoyon etishi kerak. Bularning bariga erishish uchun esa hukumat tomonidan yondashuv, katta professionalizm, vaqt va vositalar talab etiladi.

Millat brendingi tushunchasini (nation branding) 1996 yilda britaniyalik olim va maslahatchi Saymon Anxolt muomalaga kiritgan. Shundan buyon millat va mamlakat imiji tushunchasi va targ‘iboti uchun konseptual vositaga aylanib ulgurdi.

O‘zbekistonning ichida olib borilayotgan islohotlarning haqiqatda amalga oshishi va qanchalik samarali kechayotgani unga nisbatan jahon hamjamiyatining siyosiy munosabatlarida ham o‘z aksini topadi.

Misol uchun, O‘zbekistonda ba'zi mas'ul tashkilot rahbarlarining tadbirkorlar huquqini poymol etishi yoki so‘z erkinligini cheklashi, biror hokimning o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga yo‘naltirishi – hamma-hammasi hisobga olib boriladi. Qarabsizki, jahon siyosatidagi imijimizni ko‘rsatib beruvchi reytinglarning xalqaro muloqotda salbiy ta'siri sezila boshlaydi.

Yana bir misol, ko‘pincha biz turli sohada tajriba almashadigan Rossiya Federatsiyasida ham o‘tgan yili Telegram bilan bog‘liq voqealar mamlakatning xalqaro imijini, uning hukumatiga nisbatan fuqarolari ishonchini yanada tushirib yubordi.

Bu kabi misollar, u xoh tarmoq va messenjerlar bloklanishi, xoh fuqarolarga nisbatan bepisandlik bilan qarash bo‘lsin, ayniqsa, avtoritar boshqaruv shaklidagi davlatlarda tez-tez uchrab turadi.

O‘zbekistonda esa hozircha VPN orqali tarmoqlardan foydalanishga intilish, kundalik turmushda rasmiylar bilan uchrab turadigan ba'zi tushunmovchiliklar ham shu misollarni eslatib yuborishi mumkin. Bu esa islohotlarning real amalga oshishini istayotgan, mehnat qilayotgan va chetdan chaqirib olinayotgan mutaxassislar, hatto o‘zbekistonlik vazir va siyosatchilar ham anglashilmovchiliklar markazida qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentga ilk murojaati davomida ijtimoiy tarmoqlar masalasiga urg‘u berib, davlat amaldorlari, siyosatchilarni ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishga, xalq bilan yaqindan muloqot qilishga chaqirgandi.

Deputat Rasul Kusherbayevning Kun.uz bilan suhbatida ham shu jihatga to‘xtalib o‘tilgandi: «Shuning natijasida, tarmoqlarda sahifalarimizni ochdik, ochiqcha ishlashga harakat qildik. Shunga zamin paydo bo‘ldi. Kim bundan qay darajada foydalanyapti, bu uning o‘ziga havola», - degandi u.

Chindan ham, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari nomidagi yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zining vazifasi nimadan iborat ekanligini to‘la his qilayotgan siyosatchilarimiz ham yo‘q emas (Ularning barchasining ism va lavozimlarini birma-bir keltirib o‘tishga hojat yo‘q, amaldagi ishlarini xalqning o‘zi baholaydi).

O‘zbekiston tashqi siyosatida «raqamli diplomatiya»ni shakllantirish uchun nimalarga e'tibor berish zarur?

Maqola avvalida «raqamli diplomatiya» shakllanib ulgurgan va rivojlangan davlatlarni sanab o‘tdik. O‘zbekistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holatda yetakchilar qatoriga qo‘shilish uchun nimalarga e'tibor berish zarur?

Birinchidan, vazirlik va davlat tashkilotlari rahbarlari, xodimlari o‘zining vazifasi nima ekanligini aniq bilib olishi, unga vijdonan yondashishi, qog‘ozbozlik, ko‘zbo‘yamachilikdan voz kechishi kerak;

Ikkinchidan, O‘zbekistonda Internet tezligi oshirilishi va ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun imkoniyat bo‘lishi zarur;

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati, vazirliklar va davlat idoralari matbuot xizmatlari uchun brending va imijmeyking bo‘yicha global darajadagi ekspertlarning ijtimoiy tarmoqda etika, psixologiya va postlar dizayni bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etish zarur;

To‘rtinchidan, birinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasining vazirlik, davlat tashkilotlari sahifalarida o‘zbek tilidan (lotin yozuvida) foydalanishni to‘la tashkil etish, ikkinchi bosqichda tashqi siyosiy muloqotni ingliz tilida boshqa davlatlar siyosiy doiralari bilan ijtimoiy tarmoqlarda olib borishni tashkil etish kerak;

Quyida Turkiya «raqamli diplomatiyasi» tajribasidan ba'zi misollar keltirish o‘rinli:

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Twitter'dagi rasmiy sahifasini 13,4 mln foydalanuvchi kuzatib boradi. Sahifa rasmiy tasdiq belgisiga ega. Sahifaning yon burchagida Twitter tomonidan Turkiya sobiq bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘li va Turkiya prezidenti sahifasi tavsiya etilmoqda.

Quyidagi skrinshotda esa mamlakat tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining rasmiy sahifasi keltirilgan. Uni 1,28 mln foydalanuvchi kuzatib boradi, uning o‘zi 107 sahifani kuzatadi va uning sahifasida ham rasmiy tasdiq belgisi bor.

Bunda siyosiy arbobning sahifa muqovasiga e'tibor qaratamiz. Ikki logotipning ham Turkiya siyosatida muhim ahamiyati bor - biri 2016 yil iyul voqealari, ikkinchisi esa Tashqi ishlar vazirligi ramzlari. O‘ng burchakda Mavlud Chovusho‘g‘lining minbardan qasamyod qilayotgan surati mavjud va bu foydalanuvchilar ruhiyatiga ta'sir qilib, siyosatchiga nisbatan ishonchni mustahkamlaydi.

Mavlud Chovusho‘g‘li 107 sahifani kuzatib borishiga to‘xtaldik. Tashqi ishlar vaziri davlat rahbarining sahifasini kuzatib boradi, qolgan sahifalarning katta qismi turk vazir va siyosatchilari, dunyo yetakchilarinikidir:

E'tiborli jihati, Turkiya tashqi ishlar vaziri OAV rasmiy sahifalarni ham kuzatib boradi. Turk «raqamli diplomatiya»siga xos yana bir jihat - bu bir vazir sahifasi boshqa vazir tomonidan kuzatib boriladi. Har bir vazir bir-biri bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘ziga xos retvit va layklar tilida muloqot qiladi.

Kezi kelganida Twitter'dagi bir tvit tashqi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Siyosatchilarning rasmiy sahifasidan yozilgan tvit yoki post katta media to‘lqinga sabab ham bo‘lgan vaziyatlar ko‘p uchrab turadi.

Mirzayor Erkinov

Top