07:42 / 04.02.2019
27906

Bedarak yo‘qolgan futbolchi uchgan samolyot topildi

Foto: AFP 2019 / LOIC VENANCE

APLning “Kardiff Siti” klubining yangi o‘yinchisi Emiliano Sala uchgan va radarlardan yo‘qolib qolgan Piper PA-46 Malibu samolyoti La-Mansh bo‘g‘ozi tubida topildi. Bu haqda SkyNews ma'lum qildi. 

Yengil motorli samolyot 22 yanvarda futbolchi va uchuvchi bilan Fransiyaning Nantidan Uelsning Kardiffiga parvoz vaqtida yo‘qolib qolgandi. Sala parvoz oldidan samolyot bo‘laklanib ketishi mumkinligidan xavotir bildirib ovozli xabar yozishga ulgurgan. Keyinroq uchuvchi yo‘lovchilarni tashishga litsenziyaga ega bo‘lmagani aniqlangan.

Samolyotni futbolchini qidirish operatsiyasida ishtirok etgan FPV Morven kemasi ekipaji aniqlagan. Sportchi va uchuvchining oilasi samolyot topilganidan xabardor qilingan. 

Politsiya samolyotni qidirishni 24 yanvarda yakunlagan. Argentinalik futbolchi omon qolganiga imkon juda oz bo‘lgan. Keyingi qidiruv ishlarini futbolchining oilasi o‘z qo‘llariga olgan. Ushbu maqsadda kraudfanding platformasi orqali zarur mablag‘ to‘plangach, qidiruv ishlari ikki kema yordamida davom ettirilgan.

Mavzuga oid
Top