12:11 / 05.02.2019
10696

O‘zbekiston mamlakat hududida Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasida muzokaralar uchun sharoit yaratib berishga tayyor 

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan BMT bosh kotibining maxsus vakili, Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha BMT Missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamotoni qabul qildi.

TIV xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston bilan UNAMA o‘rtasidagi hamkorlikning, jumladan Afg‘onistonda xavfsizlik va mustahkam rivojlanishni ta'minlash, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish sohalaridagi munosabatlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.

Tadamichi Yamamoto BMT va uning institutlari, xususan, UNAMA, Afg‘onistonda tinchlik jarayonini boshlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi, infrastruktura loyihalarini amalga oshirish hamda uni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilishga oid sa'y-harakatlari borasida prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida O‘zbekiston olib borayotgan izchil siyosatni ma'qullashini va qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.

TIV rahbari O‘zbekiston tomonining tinchlik jarayonining har qanday bosqichida mamlakat hududida Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi. Xalqaro terrorizm, uyushgan transmilliy jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy savdosidan kelib chiqayotgan jiddiy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun hamkorlikni mustahkamlashdan tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi tasdiqlandi, deyiladi xabarda

Suhbatda BMT rezident-koordinatori, Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Xelena Freyzer ishtirok etgan.

Top