13:59 / 06.02.2019
32817

Magnitogorskda 8 kishini qutqargan o‘zbekistonlikka tashqi ishlar vazirining sovg‘asi topshirildi

2019 yilning 5 fevral kuni O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasida (Rossiya) o‘zbekistonlik fuqaro Olamafruz Abdullayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

Foto: TIV axborot xizmati

Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan hamyurtimiz o‘tgan yilning 31 dekabri tongida Magnitogorsk shahridagi turar-joy binosi portlashidan keyin yordamga shoshilgan birinchi insonlardan biri bo‘lib, qutqaruvchilar kelgunga qadar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bino qoldiqlari orasidan sakkiz kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lgandi.

Uning beg‘araz va qahramonona harakati Rossiya matbuoti tomonidan keng yoritildi va vatandoshimiz jasorati hamda o‘zgalar qayg‘usiga befarq emasligi ta'kidlandi.

Bosh konsulxonadagi uchrashuvga Rossiyada vaqtinchalik bo‘lib turgan hamyurtlarimiz, jumladan, oliy ta'lim muassasalari talabalari, shuningdek, Sverdlovsk viloyatidagi o‘zbek diasporasi rahbari Zokir Allabergenov ham taklif etilgan.

Uchrashuv yakunida Olamafruz Abdullayevga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri nomidan qimmatbaho sovg‘a va mamlakatning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi faxriy yorlig‘i topshirildi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan uning 7 fevralda uchib ketishi uchun Yekaterinburg-Toshkent reysiga bepul chipta ajratildi.

 

Mavzuga oid
Top