20:39 / 06.02.2019
38332

Qozog‘istonda anomal sovuq kuzatilmoqda. 40 nafar o‘zbekistonlik muzlab qolishiga bir baxya qoldi

Qozog‘istonlik qutqaruvchilar «Astana-Petropavlovsk» avtomobil yo‘lining 167 kilometrida buzilib qolgan yo‘lovchi avtobusdan 40 nafar o‘zbekistonlik va ikki nafar qozog‘istonlikni qutqarib qoldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi ma'lumot bergan.

Avtobus «Sariag‘ash-Yekaterinburg» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan.

Avtobus yo‘lovchilari Kogam qishlog‘idagi o‘rta maktabga isinish uchun olib kelib joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, qutqarilganlarning hech biriga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilmagan. Tan jarohati olganlar va qurbonlar yo‘q.

Bir necha kundan buyon Qozog‘istonning shimoliy hududlarida kuchli sovuq kuzatilmoqda. Shu tufayli, respublika ahamiyatiga ega «Astana-Petropavlovsk» avtomobil yo‘li barcha turdagi avtomobil vositalari uchun yopib qo‘yilgan. Qozog‘iston aholisiga bu yo‘nalish bo‘yicha safarlarni kechiktirish tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida ham O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan 54 kishini Turkiston viloyatidan Yekaterinburgga olib o‘tayotgan transport vositasi texnik nosozlik sababli juda sovuq ob-havo hukmronlik qilayotgan Petropavlovsk chegarasida to‘xtab qolgan, patrul politsiyasi bu avtobus yo‘lovchilarini muzlab qolishdan qutqarishgandi.

Top