01:03 / 07.02.2019
94983

Avtomobil sanoatini qanday qilib raqobatbardosh qilish mumkin?

“O‘zavtosanoat” raisining o‘rinbosari Azizbek Shukurov avtomobillarga bojlarni pasaytirishda o‘ta hushyor bo‘lish kerakligini ta'kidlab o‘tdi. "Men buni boshqacha atagan bo‘lar edim. Monopolistning o‘z monopol holatini ta'minlab berayotgan bojxona bojlarini pasaytirish yoki pasaytirmaslik haqidagi fikrlarni eshita turib o‘ta diqqatli va hushyor bo‘lish lozim".

Janob Shukurov o‘z pozitsiyasini asoslantirish uchun qo‘yidagi dalillarni keltirgan:

  • Yiliga 200–250 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bizning avtosanoatimiz yiliga 10 million avtomobil ishlab chiqaruvchi Volkswagen bilan raqobatga kirisha olmaydi, chunki 10 millionta mashina ishlab chiqarilganda 200–250 mingta ishlab chiqarilgan holatga nisbatan bitta avtomobilning tannarxi albatta past bo‘ladi (miqyos effekti degan narsa amal qiladi).
  • Butun dunyoda mahalliy ishlab chiqaruvchilar himoya qilinadi. Shu sababli biz ham shunday yo‘l tutishimiz kerak. Nevada shtati gubernatori tomonidan Tesla kompaniyasiga elektromobillar uchun litiy-ionli Gigafactory batareyalarini ishlab chiqarish uchun berilgan 1,4 milliard dollar imtiyoz misol tariqasida keltirilgan.
  • Ko‘plab davlatlar go‘yoki “kuchli kompaniyalar, monopoliyalar” tufayli “oyoqqa turib olgan” (bu yerda “abjir qo‘llar”ga e'tibor bering: “kuchli kompaniyalar” va “monopoliyalar” sinonim sifatida ishlatilmoqda).

Menda esa janob Shukurovga ayrim aniqlashtiruvchi savollar bor:

1. Jahonda o‘nlab muvaffaqiyatli avto ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bor. Shukurovning o‘zi faqat 8–9 ta yapon kompaniyasini yodga olib o‘tgan (ularning yillik umumiy hajmi 9 million avtoga yetadi). Qo‘rqmasdan ta'kidlash mumkinki, ishlab chiqaruvchilarning barchasi ham Volkswagen erishgan hajmga erisha olmagan. Tabiiyki, ular ham miqyos effektidan Volkswagen singari foydalana olmaydi. Modomiki shunday ekan, jahon bozorlarida ular qanday qilib raqobatga kirishishmoqda? Umid qilamanki, janob Shukurov ularning barchasi bizdagi avtosanoatdek (100 foizdan yuqori) bojxona bojlari bilan himoyalangan, deb ta'kidlamaydi. Lekin bu holatda Volkswagen foydalanadigan miqyos effekti avtomobilsozlik uchun u qadar o‘tib bo‘lmas to‘siq hisoblanmas ekan-da! Negadir faqat va faqat bizning avtosanoatimiz uchun bu to‘siq mavjud.

2. Agar janob Shukurovning miqyos effekti raqobatbardoshlikka erishish uchun o‘ta muhim degan fikriga qo‘shilsak hamda ishlab chiqarish miqyoslari bo‘yicha Volkswagenʼga yaqin kelishni hattoki o‘ylamayotgan bo‘lsak, bu hol avtosanoatimiz proteksionistlik himoyasidan bir necha o‘n yillarga foydalanishdan umid qilayotganini bildiradimi? (Bu vaqtga kelib benzin va gazda yuradigan mashinalardan foydalanmay qo‘yishadi, albatta, harf teruvchi mashinkalar singari). Ya'ni, biz — o‘zbekistonlik iste'molchilar va soliq to‘lovchilar mahalliy avtosanoatning monopoliyasiga mahkum etilganmizmi?

3. Mana, biz, undan ochiq va ommaviy informatsiyani eshitdik: AQShning (dunyodagi eng boy davlatning!) boy shtatlaridan birining gubernatori yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun 1,4 milliard dollarli soliq imtiyozlari taqdim etibdi. Bilishni xohlar edikki, rivojlanishining 20 yildan ziyodroq vaqti davomida O‘zbekiston (dunyoning eng kambag‘al davlatlaridan biri) avtosanoati davlat va xalqdan qancha va qanday imtiyozlar (bu esa o‘nlab milliard dollarni tashkil etadi) olgan? Binobarin, davlatimiz quyidagi imtiyozlardan qancha mablag‘ yo‘qotdi:

  • milliy avtosanoat uchun valutaning imtiyozli konvertatsiyasidan (bozor narxlaridan karrasiga ziyod bo‘lgan ayriboshlash kursidan);
  • avtosanoatga berilgan soliq imtiyozlaridan;
  • import avtomobillarga qo‘llaniladigan bojxona bojlari va QQS tufayli budjetga kirmagan tushumlardan (bu to‘lovlarning miqdori o‘ta yuqori bo‘lganligi sababli, import deyarli yo‘q, binobarin, budjet bojxona bojlari va soliqlardan tushumga ega bo‘lmaydi);
  • imtiyozli kreditlardan (bu yerda imtiyozli va bozor bahosidagi kreditlar foiz stavkalari o‘rtasidagi farqni inobatga olish lozim);
  • mahalliy avtomobillarga to‘langan qimmat narxlardan (bu holatda avtosanoatning donorlari iste'molchilar bo‘lishadi, ular arzonga olish mumkin bo‘lgan tovarga ortig‘i bilan haq to‘lashadi);
  • navbatlarda turish, “shapka” berish, qondirilmagan talab va O‘zbekistonda avtomobil xarid qilishda yuzaga keladigan boshqa “ko‘ngilxushliklar” (balkim men biror narsadan bexabardirman, boshqa mamlakatlarda ham “rivojlanishning ma'lum bir bosqichi”da avtomobil xarid qilishda “shapka”lar va navbatlar oddiy hol bo‘lgandir?)

Nevada shtati gubernatori qilgani singari konkret raqamlarni tushunarli va aniq-tiniq qilib ayting-chi: avtosanoatimizni “himoya” qilish bizga qanchaga tushgan, tushmoqda va tushadi? Balkim avtosanoatdan himoya qilish uchun fursat yetib kelgandir?

4. Mana, 20 yildan ziyod vaqtdirki, avtosanoatimiz jahonning u qadar boy bo‘lmagan davlati iste'molchilari va soliq to‘lovchilari cho‘ntagidan to‘lanadigan misli ko‘rilmagan imtiyozlardan foydalanib kelmoqda. Biz — O‘zbekiston aholisi bu “milliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish”dan nima foyda oldik?

  • yo‘lga qo‘yilgan raqobatbardosh ishlab chiqarishnimi?
  • avtomobillarning zamonaviy modellari qatorinimi?
  • zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarinimi?
  • past tannarxlar va baholarnimi?

Yigirma yillik proteksionistik siyosatning konkret natijalari haqida bilsak bo‘ladimi?

5. Avtomobillarimizning oddiy yig‘ilishi holatida ham ularning tannarxi xorijdagi analoglaridan qimmatroq bo‘lishiga qanday qilib “erishyapmiz”? Nima, bizda oylik ish haqi, elektr energiyasi narxi va soliqlar Germaniyadagidan ham balandmi? E, aytmoqchi, avtosanoatimiz deyarli soliq to‘lamagan-ku! Bizdagi baland tannarxni unga to‘nkab bo‘lmasa…

Avtosanoatga raqobatbardosh bo‘lish uchun yana necha yil berish kerak? Agar buning mutlaqo imkoni bo‘lmasa, bizga shunday avtosanoat kerakmi o‘zi?

Endi savollardan sharhlarga o‘tamiz.

Nechog‘lik samarasiz bo‘lmasin, hech kim avtosanoatni tugatish kerak, demayapti. Gap faqat bojxona bojlarini taqiqlovchi miqdordan oqilona darajaga, aytaylik, 20-30 foizgacha tushirish haqida bormoqda. Bu ham budjetimizni to‘ldirishga xizmat qiladi, asosiysi, avto ishlab chiqaruvchilarimiz uchun raqobat yuzaga keltiradi. Ularni o‘ldirmaydi. Ularni o‘ldiruvchi, mayib va noraqobatbardosh qiluvchi narsa o‘zlari mavjud bo‘lgan monopol holat. Faqatgina raqobat har qanday ishlab chiqaruvchini risoladagidek ishlashga majburlay oladi. Toki korxona monopol pozitsiyada, bo‘lib ham mutlaq monopol ekan, hech qanaqa modernizatsiya dasturlari, kadrlar almashinuvi yordam bera olmaydi.

“Hukmronlik insonni buzadi, mutlaq hukmronlik mutlaqo buzadi”, degan gap bor. Suhbatimiz mavzusiga ko‘ra uni shunday o‘zgartirsa bo‘ladi: “Mutlaq monopoliya mutlaqo aynishga olib keladi va rivojlanish uchun biror imkon qoldirmaydi”.

Mikroiqtisodiyot bo‘yicha istalgan darslikni oling va monopolchi o‘zini qanday tutishini o‘qing. U xarajatlarni qisqartirish, sifatni yaxshilash, assortimentni takomillashtirishni mutlaqo o‘ylamaydi. U ishlab chiqarish hajmlarini sun'iy qisqartirib, narxni ko‘tarish maqsadida o‘z foydasini maksimallashtiradi. Agar uning narxlarini davlat nazorat qilsa (bizning holatdagidek) monopolchi o‘z mahsulotiga baland narxlar belgilash zaruriyatini davlatga isbot qilish uchun tannarxni shishira boshlaydi.

Bizning holatda vaziyatni og‘irlashtiruvchi yana bir jihat borki, avtosanoatning bosh zavodi doimo to‘liq yoki qisman davlatga tegishli bo‘lgan. Bu yerda monopolizmga qo‘shimcha ravishda yana qudratli korrupsion “chizgi”lar paydo bo‘ladi: chunki real va samarali mulkdorning o‘zi yo‘q. Shuning uchun korxona menejyerlari sun'iy taqchillikdan tortib butlovchi qismlar xarid qilishda “otkat”largacha — korrupsion foyda olishning turli-tuman usullarini izlab topishadi.

Shu sababli, agar biz raqobatbardosh avtomobil sanoatiga ega bo‘lishni hamda monopolchilar va korrupsionerlarga o‘lpon to‘lashdan voz kechishni istasak, bizda qo‘yidagi choralarni amalga oshirishdan o‘zga yo‘l yo‘q:

  • sohada raqobatbardosh muhit hosil qilish;
  • avtosanoatni xususiylashtirish.

Yuliy Yusupov.

Top