14:01 / 07.02.2019
17491

Kesib ketilgan gaz quvuri, loy ko‘chalar va ta'mirtalab maktab. Navbahor tumanidagi «Dul-dul» mahallasi muammolari

Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi «Dul-dul» mahallasi aholisi tomonidan bir qator muammolar bayon etilgan murojaat kelib tushdi.

«Mahallamiz tumanning chekka hududida joylashgan. Gaz va ichimlik suvi yo‘q. Elektr energiyasida muntazam uzilishlar kuzatiladi. Yo‘llar ta'mirtalab, maktab abgor holatda. Birorta maktabgacha ta'lim muassasi yo‘q. Yo‘nalishli transport vositalari mavjud emas. Shu tufayli mahalla aholisi aziyat chekmoqda», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Navbahor tumaniga yo‘l oldik.

«Dul-dul» mahallasi tumanning chekka hududida joylashgan bo‘lib, Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. 1500dan ziyod aholisi bor bu mahallada haqiqatan ham bir qator muammolar yig‘ilib qolgan. Mahalla aholisi bizga bayon etgan muammolarni birma-bir o‘rgandik.

Ushbu mahallaga ichimlik suvi yetib bormagan. Maxsus texnikalar yordamida olib kelingan ichimlik suvini belgilangan narxda xarid qilib iste'mol qiladi.

Bir necha yil avval mahalla gaz tarmog‘idan uzilgan. Aholiga ayni vaqtda suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.

«Mahallamiz gaz tarmog‘idan uzilgandan keyin gaz quvurlari ham talon-toroj bo‘lmoqda. Bu holat bilan birorta mutasaddining ishi yo‘q. Axir mahallamizga gaz o‘tkazilganda, bu gaz quvurlar aholi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. Mayli, gaz tarmog‘idan uzilgani bilan suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Ammo nega gaz quvurlari talon-toroj qilinishi kerak?! Mahallamiz butkul muammolar girdobida qolgan, ko‘chalar abgor, maktab ta'mirtalab, farzandlarimiz bog‘cha nimaligini bilmay katta bo‘lishmoqda. Transport masalasi ham qiyin. Taksilar mahallamiz nomini aytsangiz kelishni istamaydi. Kelsa ham ikki barobar narx aytadi. Mahallamizda bu muammolar ancha yildan buyon hal etilmay kelmoqda», – deydi mahalla faoli Ahtam Otamurodov.

O‘rganishimiz davomida mahalla faoli e'tirozlari yuzasidan holatlarni ko‘zdan kechirdik. Mahalla gaz tarmog‘idan uzilgandan keyin 1,5-2 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri «uddaburonlar» tomonidan kesib ketilgan.

Qishloq yo‘llari juda ham abgor holatda. Yog‘ingarchilik vaqti loy, yozda esa tuproqqa aylanadigan ko‘chalar mahalla aholisiga qator noqulayliklar tug‘diradi.

Mahalla faoli aytganidek, mahalla hududida birorta maktabgacha ta'lim muassasasi yo‘q. Ta'mirtalab deyilayotgan mahalla hududidagi 24-umumiy o‘rta ta'lim maktabini ko‘zdan kechirdik.

1985 yil maktabgacha ta'lim muassasasiga mo‘ljallab qurilgan ushbu bino 1996 yilda maktab uchun moslashtirilgan. Maktab binosi va sinfxonalar ta'mirtalab. Bir qator muammolar bor. Suratlardan o‘zingiz yetarlicha xulosa chiqarishingiz mumkin.

O‘rganishimiz davomida Navbahor tumani hokimi Lochin Obloqulov ushbu mahallada aholi bilan uchrashdi va mavjud muammolar yuzasidan muloqot qildi.

Tuman hokimining aytishicha, ushbu muammolar bosqichma-bosqich hal etiladi. Shuningdek, ushbu qishloq 2020 yilda «Obod qishloq» dasturiga kiritilishi belgilangan. Ko‘p vaqt va ko‘p mablag‘ talab etiladigan muammolar loyihalar asosida ushbu dastur bo‘yicha hal qilinadi. Transport, yo‘l va ichimlik suvi muammolari ko‘rib chiqiladi. Oilaviy maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish choralari ko‘riladi.

Mahalla o‘rganishlar natijasida gaz yetib bormaydigan hududlar qatoriga kiritilgan. Vazirlar Mahkamasi, viloyat va tuman hokimlarining tegishli qarorlari asosida gaz tarmog‘idan uzilgan. Gaz tarmog‘iga qayta ulashning imkoni yo‘q. Qishloq aholisiga suyultirilgan gaz ballonlari muntazam yetkazib turilibdi.

Mahalla aholisi tuman rahbariga ishsizlik va yana bir qator muammolar yuzasidan murojaat qildi. Tuman hokimi ushbu muammolarni hal etishga va'da berdi.

Mahalla aholisida muammolar ijobiy hal etilishiga umid uyg‘ondi. Muhimi, tuman mutasaddilarining va'dasi bajarilsa bo‘lgani. Aks holda, xalqning mahalliy hokimiyat vakillariga ishonchi yo‘qolib boraveradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top