11:40 / 13.02.2019
20610

«Barcha asal oylari bir kun tugaydi». Sulsherga katta baho berildimi? 

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 finalidagi ilk uchrashuvda «Manchester Yunayted» o‘z uyida «PSJ»ga yutqazib qo‘ydi (0:2).

«Manchester Yunayted» (Angliya) – «PSJ» (Fransiya) – 0:2 (0:0)
Gollar: Kimpembe, 53 (0:1). Mbappe, 60 (0:2).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Yang, Bayi, Lindelyof, Shou, Matich, Errera, Pogba, Lingard (Sanches, 45+4), Reshford (Lukaku, 84), Marsiyal (Mata, 46).
«PSJ» (Fransiya): Buffon, Kerer, Tiagu Silva, Kimpembe, Bernat, Markinyus, Verratti (Paredes, 75), Draksler, Dani Alves, Mbappe, Di Mariya (Dagba, 81).
Ogohlantirishlar: Kimpembe, 11. Draksler, 19. Pogba, 26. Yang, 30. Bernat, 34. Lindelef, 50. Dani Alves, 62. Errera, 87. Shou, 90+2.
Chetlatish: Pogba, 89.
Hakam: Orsato (Italiya).
12 fevral. Manchester. «Old Trafford» stadioni.
Javob o‘yini – 6 mart.

Deyarli 20 yil muqaddam Ole Gunnar Sulsher o‘zining goli bilan «MYu»ga Chempionlar ligasi tarixidagi eng yorqin g‘alabani keltirgandi. Endi ushbu norvegiyalik sobiq futbolchi «MYu»ni boshqarmoqda, uning yevrokubokdagi debyuti kutilmagan ko‘rinish oldi. «PSJ» oson raqib emasdi. Garchi, «Yunayted»ning sobiq futbolchisi, Sulsherning sobiq jamoadoshi Erik Kantona original prognoz bergan bo‘lsada. «MYu» futbolchilari men qurbaqalarni qanday yesam, parijliklarni ham shunday yeb qo‘yishadi», degandi sobiq futbolchi.

Parijliklar o‘yin oldidan jiddiy muammolarga duch kelishgandi: Neymar, Kavani va Menening jarohatlari. Jamoaning janubiy amerikalik hujumchilari Chempionlar ligasi guruh bosqichida jami 7ta gol urishgandi. Bu guruh bosqichida «MYu»ning barcha futbolchilari bir bo‘lib urgan gollar soniga teng. Lekin parijliklar darvozasi Buffon qo‘lida edi.

Qiziqarli statistika. Italiyalik darvozabon bu maydondagi raqibi Markus Reshford dunyoga kelishidan ikki oy avval YeChLda debyut qilgandi. U shuningdek, jamoadoshi Kilian Mbappe tug‘ilishidan oldin YeChLda o‘ynagan. Aynan shu ikki futbolchi ikki jamoaning hujum markazida harakat qildi. Birinchi bo‘limda ularning ikkisi ham o‘zini ko‘rsata olmadi.

Birinchi bo‘limdagi asosiy vaziyat Yang va Di Mariya ishtirokida bo‘ldi. «MYu» sardori to‘p uchun kurash vaqtida sobiq jamoadoshini kuch bilan maydon chetidagi to‘siq tomon itarib yubordi. Argentinalik futbolchi bir necha daqiqa davomida yerda yotdi, o‘yin hakami Daniele Orsato esa angliyalik himoyachiga sariq kartochka ko‘rsatmadi, aks holda shundoq ham avvalroq ogohlantirilgan futbolchi qizil kartochka olib maydonni erta tark etgan bo‘lardi.

Birinchi bo‘lim oxirida «Yunayted» jarohat tufayli hujum chizig‘i vakillari Lingard va Marsiyalni yo‘qotdi, zaxiradan chiqqan Aleksis Sanches va Xuan Mata hujumkorlikni kuchaytira olishmadi.

Foto: Gettyimages .com

Tomas Tuxel esa jamoaning qanotlarini faollashtirdi, birinchi bo‘limda raqibning bu chiziqlari oqsayotgani bilinib qolgandi. Ikkinchi bo‘limda parijliklar kengroq o‘ynay boshlashdi, Di Mariya va Draksler ham «MYu» mudofaasini yorib o‘tishda qanot futbolchilari Bernat va Dani Alvesga yordam bera boshlashdi.

Di Mariyada bu o‘yinda ishtiyoq katta edi: uning Angliyadagi yagona mavsumi dahshatli darajada yomon kechgandi, «MYu» muxlislari esa hamon uni yomon ko‘rishlarini bildirib qo‘yishdi. 

Anxel Di Mariya 2014 yil yozida «Real»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tgandi. Uning transferi uchun o‘shanda 59,7 mln funt to‘langandi va bu o‘sha vaqtda ingliz klublari uchun rekord natija bo‘lgandi. Ammo Angliyada uning o‘yini chiqmadi va bir yil o‘tib uni Parijga 63 mln yevroga transfer qilishdi. Bu sotib olingan narxdan arzonroqqa edi.

To‘rt yil o‘tib u «Old Trafford»ga qaytdi. Uni juda yomon kutib olishdi va tinmay hushtakbozlik qilishdi. Futbolchi esa muxlislarning hamda Eshli Yangning harakatlariga munosib javob qaytardi.

53-daqiqada Di Mariya burchak zarbasini ajoyib tarzda amalga oshirdi, u darvozabon hududiga oshirgan to‘p Matich bo‘sh qoldirgan Kimpembega kelib tushdi va hisob ochildi.

60-daqiqada esa qarshi hujum vaqtida oldinga intilgan Kilian Mbappeni golli pas bilan ta'minladi.

Foto: Gettyimages .com

Bu ikki gol orasida Di Mariya «publikaga o‘ynashga» ham ulgurdi, qanotdan to‘p tashlab berish vaqtida unga mahalliy muxlislardan biri pivo butilkasini uloqtirdi, u esa idishni qo‘liga oldi va undan ichgandek harakatni amalga oshirib, muxlisni mulzam qildi.

Foto: Marc Atkins/Getty Images

Ikkinchi golni nishonlash vaqtida esa u mahalliy muxlislarga o‘z «dil so‘zlari»ni yo‘lladi.

81-daqiqada o‘yin qahramoni o‘yindan olindi, Tuxel uni navbatdagi ko‘ngilsizliklar va haqoratlardan va jarohatdan asradi.

Foto: Gettyimages .com

O‘yinning qolgan qismida «PSJ» yana gol urishi mumkin edi, Dani Alves, Mbappe va Bernat golli vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi. «MYu» esa ochiqchasiga zaif ko‘rinardi, o‘yin oxirida bu o‘yin qahramoni bo‘lishi kutilgan Pol Pogba ahmoqona holatga tushib, maydondan chetlatildi.

Foto: Gettyimages .com

Bu juftlikda yechilmagan masala qolmadi hisob, Tuxel muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qildi, desa ham bo‘ladi.

Barcha savollar - Sulsherga. U jamoa bilan 11 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandi (10 g‘alaba va bir durang), lekin bu o‘yinlardan faqat bittasi top-klubga qarshi kechgan, ammo «Tottenhem»ga qarshi o‘yinni De Xeaning ko‘pdan-ko‘p seyvlari qutqargandi, qolgan o‘yinlarda esa o‘rtamiyonalar va autsayderlar klass evaziga mag‘lub etilgandi. Endi esa Sulsherga yuqori baho berib yuborilgani ma'lum bo‘lib qoldi, «MYu» Sulsher boshqaruvidagi o‘yinlarda birinchi marta maydonni golsiz tark etdi, endi «MYu»ning haqiqiy darajasi fosh bo‘lib qoldi. Sobiq futbolchi, futbol eksperti va taniqli «so‘z ustasi» Gari Lineker aytganidek «Barcha asal oylari bir kun kelib tugashi kerak».

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top