17:35 / 13.02.2019
39920

«Xavfli»​ vaksina: emlash haqidagi mish-mishlar qanchalik to‘g‘ri?

Foto: Shutterstock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) ma'lumotiga ko‘ra, xavfli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha emlash usuli ​muammoga iqtisodiy jihatdan eng samarali yechim bo‘lib, yiliga 2-3 million kishining hayotini saqlab qolinadi. Emlashdan bosh tortish esa insoniyatga qarshi ommaviy tahdidlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ammo, shunga qaramay, emlash mavzusi atrofida ziddiyatli fikrlar ko‘p uchraydi. Xususan, uning aks ta'siri, o‘tkazilish tartibi, xavfsizlik darajasi borasida mutaxassislar va aholining fikri aksar bir nuqtada to‘qnashmaydi.

Emlashning ahamiyati qanchalik?

Emlash xavfli va yuqumli xastaliklar qo‘zg‘atuvchisining zararsiz miqdordagisini qonga yuborish jarayoni hisoblanadi. Organizm bu virus bilan «tanishadi»​ va unga qarshi immunitet hosil qiladi. Bu orqali xastalikning yuqish ehtimoli sezilarli darajada kamaytiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, emlash kampaniyasining to‘g‘ri amalga oshirilishi natijasida bo‘g‘ma, qoqshol, virusli V gepatiti kabi xastaliklar O‘zbekiston hududida uchramaydi.

Emlashni amalga oshiradigan mutaxassis maxsus o‘qitiladi va vaksina o‘tkazishga ruxsat beruvchi sertifikat beriladi. Har bir emlash xonasida bunday sertifikat osig‘liq turishi kerak. Ota-ona mutaxassis malakasiga shubha qilgan taqdirda bu hujjatni hamda inʼeksiyaning kafolatini talab qilishga haqqi bor.

Milliy emlash taqvimiga bakterial meningit, ko‘kyo‘tal, poliomelit, qoqshol, rotavirus, difteriya, virusli V gepatiti, sil kabi turli yuqumli xastaliklarga qarshi 12 xil vaksina kiritilgan. Ular bola tug‘ilgandan 18 yoshgacha bo‘lgan davrda turli muddat oraliqlari bilan rejali tarzda amalga oshiriladi. 12 turdagi vaksina davlat budjeti hisobidan barchaga bepul o‘tkaziladi.

«Faqatgina A gepatitiga qarshi emlash pulli tarzda amalga oshiriladi. U emlash jadvaliga kiritilmagan, lekin xavfi yuqori bo‘lganligi uchun mutaxassislar tomonidan qat'iy tavsiya etiladi.

2017 yilda A gepatiti epidemiya tarzida qo‘zg‘alishi xavfi mavjud edi. Shu bois vazirlik 3 million doza inʼeksiya olishga erishgan va bepul tarzda bolalarga o‘tkazilgan edi. Epidemiya ehtimoli yuzaga kelganda shu singari kampaniyalar olib borilishi mumkin»​, –​ deydi Dilorom Tursunova.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy og‘ir ahvoldagi oila farzandlarini bu vaksinadan o‘tkazishda qiyinchilik yuzaga kelganda homiylar ko‘magi tashkillashtirib beriladi. Keyinchalik bu vaksina ham Milliy emlash taqvimiga kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Emlanmagan bola ta'limdan mahrum...mi?

«Farzandlarimizni bog‘chaga yoki maktabga bermoqchi bo‘lsak, sariq kasaliga qarshi emlatib, spravka olib kelasiz, bu majburiy, deyishyapti. Xususan, Qo‘qondagi bog‘chalarda shu holat kuzatilmoqda. O‘zim ham shunday vaziyatga duch keldim, tanishlarimdan surishtirganimda, ularga ham shunday talab qo‘yishganini aytishdi. Bu vaksinaning narxi 100.000 so‘mdan ortiq ekan. Bu qanchalik to‘g‘ri?»​, –​ deya yozadi qo‘qonlik fuqaro Tolibjon Obidov.

Bu masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilinganda, bunday tartib mavjud emasligini ma'lum qilishdi.

«Vaksina qabul qilmagan bolani maktabga hamda maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilmaslik haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining hech qanday qarori ham, buyrug‘i ham mavjud emas. Faqatgina emlashning ahamiyatini targ‘ibot-tashviqot yo‘li bilan aholiga tushuntirish kerak. Muassasa ma'muriyati ota-onalarga yuqumli kasalliklarning xavfi, vaksina olish orqali ham farzandining, ham atrofdagilarning salomatligini muhofaza qilgan bo‘lishini tavsiya asosida ogohlantirishi mumkin», –​ deydi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh mutaxassisi Dilorom Tursunova.

Shuningdek, Maktabgacha ta'lim vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi «Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi ​qaroriga asosan yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan bolani bog‘chaga qabul qilmaslik bo‘yicha talablar qo‘yilmagan. Ota-onalar faqatgina bolalarning salomatligiga mas'ul bo‘lgan holda o‘z xohishi bilan emlatishi mumkin. Yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan bola maktabgacha ta'lim muassasasida ushbu infeksiyalarni yuqtirish xavfi yuqori bo‘ladi. Shuning uchun muassasa rahbariyati tomonidan ta'lim muassasasiga borayotgan bolalarning kasallanishi oldini olish maqsadida yangi, birlamchi qabul qilinayotgan tarbiyalanuvchilarning ota-onalarini Milliy emlash taqvimiga kiritilgan vaksinalar bilan emlatishni faqatgina tavsiya qilishi mumkin, talab qilishga haqqi yo‘q.

Bolani maktabga berishda ham vaksina olmaganlik uchun ta'limga qabul qilishni rad etish bo‘yicha hech qanday yuridik asos mavjud emas. Bu haqida Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati ma'lumot berdi. Faqatgina bolaning umumiy salomatligi to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnoma boshqa hujjatlar (ota-onaning pasporti, bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, bolaning 4 dona rangli fotosurati) qatorida taqdim etiladi.

Autizm epidemiyasi: hammasiga vaksina aybdormi?

Vaksinaning ahamiyati nafaqat mamlakat, balki jahon sog‘liqni saqlash tizimida har qancha e'tirof etilsa-da, «antivaksina»​ ruhidagi kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunga sabab nima? 

Internet segmentida ayni shu ruhda fikr bildirgan ota-onalarning mulohazalari tahlil qilib ko‘rilganda ma'lum bo‘ldiki, ular vaksina inʼeksiyalari farzandining ruhiy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatganini ta'kidlashgan. Shuningdek, farzandiga autizm tashxisi qo‘yilgan ota-onalarning ham aksariyati bolada bu holat aynan emlash jarayonidan keyin boshlanganini aytishadi. 

«Ikki yoshgacha ham ruhan, ham jismonan me'yorida rivojlanib kelayotgan farzandimga AKDS (ko‘kyo‘tal, difteriyaga qarshi) vaksinasi o‘tkazilgandan keyin keskin o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Mustaqil kiyinishni, ovqatlanishni o‘zlashtirgan o‘g‘lim hamma narsani sekinlik bilan unuta boshladi. Hatto tabiiy ehtiyojlarini amalga oshirish ko‘nikmasini ham yo‘qotdi...»​, –​ deydi Zeboxon Inog‘omova.

DSENM mutaxassisi Dilorom Tursunova bu fikrni mutlaqo inkor qildi:

─ Vaksina inʼeksiyalarining ruhiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi ilmiy, tibbiy nuqtai nazardan mutlaqo tasdiqlanmagan. Bu ota-onalarning shaxsiy qarashi xolos. Vaksina malakali mutaxassislarning yillab mehnati va izlanishi natijasida yaratiladi. Buning ortida YUNISEF, JSST kabi yirik muassasalar turibdi. Dunyo bo‘yicha tarqatiladigan, xususan, O‘zbekistonga kirib keladigan vaksina ham JSST tasarrufidagi korxonalarda ishlab chiqariladi hamda ekspertlar nazoratidan o‘tgan bo‘ladi.

Vaksina mutlaqo xavfsiz. Faqatgina organizmning individual ko‘rsatkichlarini inobatga olish kerak. Agar bolada qandaydir surunkali yoki nasliy kasalliklar mavjud bo‘lsa, emlash bajarilmaydi. Avval xastalik davolanishi kerak. Bunda emlashni amalga oshirayotgan shifokorning malakasi, ziyrakligi ahamiyatga ega. Albatta, bolaning salomatligi haqida ma'lumotlarni aniqlashtirish kerak.

«Italiyalik olimlar bilan suhbatda bo‘lganimizda ular emlangan bola emlanmagan tengdoshiga nisbatan yaxshiroq va tezroq rivojlanishini ta'kidlashdi. Bu ilmiy asoslangan. Bizda vaksinaga ishonchsizlik bildirib, farzandini emlatmaganlar juda kam, bir foizga ham bormaydi»​, –​ deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Tibbiyot fanlari doktori Sarvar Muhammedov vaksina ruhiy buzilishga bevosita sabab bo‘lmasligini aytib o‘tdi:

─ Vaksinadan so‘ng salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan holatlarini quyidagicha izohlash mumkin: miyada mavjud bo‘lgan, nofaol holatdagi kasallik o‘chog‘i tanaga kirib kelgan yot unsur, ya'ni vaksina ta'sirida “uyg‘onib ketishi” va o‘zini namoyon qila boshlashi mumkin. Aslida vaksina inʼeksiyasi xavfsiz, u millionlab odamlarning hayotini saqlab qolmoqda. Lekin uni har bir organizm har xil qabul qiladi. Shu bois shifokor emlanayotgan bolaning salomatlik holati haqida chuqur va to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi kerak.

Yuqumli kasalliklardan profilaktika qilish, xavfli epidemiyalardan himoyalanishning eng samarali usuli sifatida mutaxassislar emlashni tavsiya etishadi. Uni olish-olmaslikni esa har bir inson o‘zi mustaqil hal qilishi mumkin. Uning nojo‘ya ta'sirlarining oldini olishda esa shifokorlarning mas'ulligini, ota-onalarning tibbiy savodxonligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.​

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid
Top