17:18 / 18.02.2019
8487

Tashqi ishlar vazirligi huzurida Tarjimonlar byurosi tashkil etildi

Foto: TIV axborot xizmati

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida Tarjimonlar byurosi tashkil etildi.

Hujjatda belgilanishicha, Tarjimonlar byurosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradigan davlat muassasasi hisoblanadi.

Tarjimonlar byurosining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
•  O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziri, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy mansabdor shaxslari ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni sinxron va izchil tarjima bilan ta'minlash;
•  rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlangan materiallarning yozma tarjimasini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tuziladigan xalqaro shartnomalar loyihalarining davlat va xorijiy tillardagi matnlarining autentligini ta'minlashga ko‘maklashish;
•  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari orasidan yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash;    
•  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining, shuningdek, shartnoma asosida davlat organlari xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha bo‘linmalari xodimlarining xorijiy tillarni bilish bo‘yicha ko‘nikmalari rivojlantirilishini ta'minlash;
•  davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida og‘zaki va yozma tarjima bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.

 Tarjimonlar byurosiga quyidagi huquqlar berildi:
•  tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tuziladigan shartnomalar asosida og‘zaki va yozma tarjima bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish;
•  zarur holatlarda, mutaxassislarni, shu jumladan yuridik yoki boshqa tor ixtisoslik bo‘yicha maxsus malakalar talab qiladigan xalqaro shartnomalar va boshqa hujjatlar matnlarini tarjima qilish uchun, soha bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillarini Tarjimonlar byurosiga, mehnat bozorining amaldagi kon'yunkturasini hisobga olgan holda, shartnoma asosida jalb etish.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari, to‘lov- shartnoma asosida tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatishdan tushadigan kirimlar hisobidan shakllanadigan budjetdan tashqari mablag‘lar, davlat va xalqaro grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Tarjimonlar byurosi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.

Top