07:51 / 21.02.2019
25403

Prezident maktablarining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etiladi.

Quyidagilar Prezident maktablarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;

tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishni tashkil qilish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

o‘quvchilarni o‘qitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini,shuningdek, ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq ta'limi tizimiga tatbiq etish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik san'atini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash malakasini oshirish;

o‘quvchilarning umumta'lim fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta'minlash;

o‘quvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg‘usini, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qat'iy ishonch va qarashlarni shakllantirish;

o‘quv dasturlarining uzluksizligini ta'minlash masalalarida xuddi shu yo‘nalishdagi milliy va xorijiy umumiy o‘rta va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bitiruvchilarning ilg‘or xorijiy oliy o‘quv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida o‘qishini davom ettirish.

Belgilanishicha:

Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumta'lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi;

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi;

birinchi o‘quv yilida Prezident maktablarining har biriga 5-10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi;

Prezident maktablarida ta'lim jarayoni xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi;

Prezident maktablarida "STEAM – ta'lim" (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san'at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etiladi;

Prezident maktabining 9-11-sinflarida o‘qitish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda, ayrim fanlar va ularni o‘rganish darajasini tanlab olish orqali o‘quv jarayonini individuallashtirishni ko‘zda tutadi;

asosiy o‘quv dasturi bilan birgalikda Prezident maktablarida o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda sinfdan tashqari amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutiladi;

Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi;

Prezident maktablari bevosita Vazirlikka bo‘ysunadi.

Mavzuga oid
Top