10:00 / 22.02.2019
23685

«Bu olmosning brilliantga aylanish jarayoniga o‘xshaydi». Shermatov prezident qarori yuzasidan o‘z fikrini bildirdi

Foto: KUN.UZ

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi prezident qarori bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda u Facebook’dagi o‘z sahifasida yozgan.

«Prezident maktablarini tashkil etish bo‘yicha kuni kecha qabul qilingan qaror yoshlarimiz orasida o‘ziga xos iqtidorga ega bo‘lganlari uchun kelgusida o‘z iste'dodlarini namoyon etishga juda katta imkoniyatlar ochib beradi.

Bu jarayonni olmosni brilliantga aylanish jarayoniga o‘xshatsa bo‘ladi. E'tibor qaratilmasa, olmos ham oddiy toshga o‘xshab qadrsizdek ko‘rinishi mumkin, lekin haqiqiy ustasining qo‘lida u juda qimmatbaho brilliantga aylanadi.

Hozirgi kunda, mamlakatimizning turli chekka yerlarida yashayotgan yoshlar orasida iqtidorli o‘quvchilarimiz ko‘p. Prezident maktablarining maqsadi esa ana shunday o‘ziga xos iqtidorli yoshlarni vaqtida tanlay olish va ularga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan maqsadli ta'lim va tarbiya berilishidir.

Shu maqsadda, Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishdir. Albatta, zamonaviy bino va o‘quv jihozlar bilan ta'minlash, o‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to‘g‘ri tashkil etilmas ekan, katta mablag‘ sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo‘lmasligi aniq.

Tanlovni to‘g‘ri va xolis tashkil etish uchun nufuzli xorijiy hamkor tashkilotni jalb etish rejalashtirilgan va hozirda qator tashkilotlar bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda», - deb yozadi Sh.Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etiladi.

Quyidagilar Prezident maktablarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;

tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishni tashkil qilish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

o‘quvchilarni o‘qitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini,shuningdek, ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq ta'limi tizimiga tatbiq etish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik san'atini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash malakasini oshirish;

o‘quvchilarning umumta'lim fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta'minlash;

o‘quvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg‘usini, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qat'iy ishonch va qarashlarni shakllantirish;

o‘quv dasturlarining uzluksizligini ta'minlash masalalarida xuddi shu yo‘nalishdagi milliy va xorijiy umumiy o‘rta va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bitiruvchilarning ilg‘or xorijiy oliy o‘quv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida o‘qishini davom ettirish.

Top