21:30 / 25.02.2019
14450

Putin ofshorlardan pullarning qaytarilishiga yana bir yillik muhlat berdi

Foto: Aleksey Nikolskiy / RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga kapitallar amnistiyasini 2020 yil 1 martgacha uzaytirish topshirig‘ini berdi. Tegishli o‘zgarishlarni 28 fevralgacha kiritish lozim.  

Amnistiyadan foydalanmoqchi bo‘ladigan shaxslar Kaliningrad viloyati va Primore o‘lkasidagi maxsus ma'muriy hududlarga o‘z mablag‘larini o‘tkazib berishlari va o‘z nazoratlaridagi xorijiy kompaniyalarni qayta ro‘yxatga olishlari lozim bo‘ladi.  

Avvalroq Putin kapitallar amnistiyasini uzaytirishi mumkinligini, chunki ko‘pchilik tadbirkorlarni xorijga aktivlarini olib chiqib ketishlariga Rossiyada shaxsiy mulk himoyasi yetarlicha kafolatlanmagani majbur qilganini aytgan. Fuqarolar tomonidan aktiv va hisob raqamlarning ko‘ngilli tarzda deklaratsiya qilinishining 1-bosqichi 2015 yil 1 iyuldan 2016 yil 30 iyungacha davom etgan. Ushbu tajribani 2018 yil 1 martda takrorlashga qaror qilingan va dastur bir yil davom etishi kutilgan.   

Amnistiya doirasida tadbirkorlar Rossiyaga aktivlarini ko‘ngilli tarzda qaytarsalar, pul mablag‘lari va mulkni yashirish, bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlarni to‘lamaslik, soliq agenti majburiyatlarini bajarmaslik, pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlash moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar.

Top