21:09 / 25.02.2019
39641

Xorazm viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha yangi o‘rinbosari lavozimga tayinlandi. Viloyat matbuot xizmati xabar berishicha, Kuryazov Adilbek Jumaniyazovich viloyat hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan.

«Xorazm viloyati hokimining 2019 yil 21 fevraldagi 104q-sonli qarori bilan Kuryazov Adilbek Jumaniyazovich viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi», deyiladi xabarda.

Bunga qadar u «ToshkentboshplanLITI» davlat unitar korxonasi arxitektura qurilish bo‘limi loyiha bosh arxitektori lavozimida ishlab kelgan.

Adilbek Kuryazov 1969 yili Yangiariq tumanida tug‘ilgan, 2000 yilda Toshkent arxitektura qurilish institutini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida 1999 yilda «Tashgiprogor» loyiha instituti arxitektori, 2011 yilda «ToshuyjoyLITI» loyiha va ilmiy tadqiqot instituti bosh me'mori - boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2015 yilda «ToshkentboshplanLITI» davlat unitar korxonasi arxitektura-qurilish bo‘limi loyiha bosh arxitektori lavozimlarida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifidan keyin Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Abdullayev Urganch shahriga hokim etib tayinlangandi. Shundan beri viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimi vakant qolayotgandi.

Mavzuga oid
Top