Argentina sudi mamlakatning sobiq prezidenti Karlos Menemni 1994 yilda Buenos-Ayresdagi yahudiy madaniy markazidagi portlash ishi bo‘yicha oqladi.
Argentinani 1989-1999 yillar davomida boshqargan Menem jinoyatni yashirishda ayblangan. Ayblovchilar fikricha, u portlashga suriya millatiga mansub argentinalik tadbirkor Alberto Kanure Edulaning aloqadorligi haqidagi ma'lumotni yashirgan. Prokuratura 88 yoshli sobiq prezidentga 4 yillik qamoq jazosi berishni talab qilgan.
“Menem oqlansin”, deb hukm chiqargan 3 nafar sudyadan iborat hay'at.
Tergovni boshqargan, so‘ngra undan chetlatilgan sobiq sudya Xose Galeano esa 6 yillik qamoq jazosiga tortildi.
Argentina bir qator eronlik amaldorlar, Eronning sobiq prezidenti Hoshimiy Rafsanjaniy va Argentina hukumatining 7 nafar sobiq amaldorini mamlakat tarixidagi eng yirik teraktni tashkillashtirishga aloqadorlikda ayblab keladi. 1994 yil 18 iyulda amalga oshirilgan teraktda 85 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ko‘proq kishi jarohat olgan.