14:31 / 05.03.2019
17178

Abdulaziz Komilovning «Tolibon» harakati rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dohada yakshanba kuni «Tolibon» harakati delegatsiyasi rahbari Baradar Oxund bilan uchrashgani xabar berilgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy xabarida aytilishicha, Mulla Baradar Oxund O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan siyosatini yuqori baholagan. 

Mulla Baradar Oxund
Foto: Tolo News

U o‘tgan yilning mart oyida o‘tkazilgan hamda afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi xalqaro sa'y-harakatlarning faollashishiga kuchli turtki bergan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi ahamiyati va yakunlarini ham alohida ta'kidladi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, «Tolibon» harakati rahbariyati vakili transport, energetika va ta'lim sohalaridagi muhim iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistonda amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini ijobiy baholadi. 

Uning alohida qayd etishicha, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda to‘laqonli siyosiy jarayon boshlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Natijada Afg‘oniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida «ishonch va hamkorlik ko‘prigi» bo‘lishi mumkin.

Mulla Baradar Oxund Afg‘onistonda tinchlik jarayonini yanada taraqqiy ettirish borasida O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma'lum qildi, deyiladi TIV xabarida.

Top