22:01 / 05.03.2019
34901

«Turizm politsiyasi mutlaqo boshqacha bo‘lishi kerak edi». Buxorodagi turizm muammolari

Foto:uzbektourism.uz

Turizmni rivojlantirish nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ham xizmat qiladi, degan edi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. 

Turizmni rivojlantirish milliy konsepsiyasiga ko‘ra, 2025 yilda xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

«Tan olish kerak, turizm sohasida ijobiy o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi, lekin 100 foiz yo‘lga qo‘yilmagan masalalar ham yetarlicha», — deydi Buxoro turizmi hamkor tashkilotlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori Bekzod Idiyev.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassis amaliyotda o‘zi duch kelayotgan muammolar yuzasidan mulohaza va takliflarini bayon qildi.

«Transport masalasi talabga javob bermaydi»

Yo‘lovchi tashish vositalari bizda yaxshigina rivojlangan, «Afrosiyob» deysizmi, «Drimlayner»mi... Lekin ularning narx-navosi va reyslarning kamligi noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Shaharlararo qatnov mavjud emas, desak ham bo‘ladi. Logistikaning eng sodda va primitiv usullariga qarab qolganmiz. Poyezd va samolyotning vaqti to‘g‘ri kelmasa, mehmonning avtobusga kuni qoladi. Lekin avtobuslardagi ahvol juda achinarli.

Yaqinda o‘zim oilam bilan Turkiyaga borib keldim. Shaharlararo sayrga avtobusda qatnaganimga mutlaqo pushaymon bo‘lganim yo‘q. Yo‘lovchining hordiq chiqarishi uchun nimaiki kerak bo‘lsa, hammasi hozir: mini televizor, vay-fay, tekis yo‘l, yuqori darajadagi servis... Bizda esa bir shahardan ikkinchi shaharga avtobusda bormoqchi bo‘lgan odam tavbasiga tayanadi.

O‘zim ham turistik firmani yuritaman. «Afrosiyob» kunda atigi ikki mahal qatnaydi. Avtobuslar talab darajasida emas. Shunga qarab kun tartibini moslashtirishga majbur bo‘lasiz. Sayyoh esa vaqtni tejashi, qisqa muddatda ko‘p narsaga ulgurishi kerak. Yakka o‘zi keladigan sayyohlar-ku qancha ovoragarchilikka duch keladi.

«Turistik politsiya loyihada boshqacha edi»

Turistik politsiya loyihasining ishlab chiqilishida o‘zim bevosita ishtirok etganman. U sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash, ularga maksimal qulaylik yaratishni ko‘zda tutadi. Loyiha bo‘yicha, tarixiy, amirlik, xonliklar davridagi kiyimlarda, til biladigan mirshablar bo‘lsa, turistik yo‘nalishlar bo‘ylab otda aylanib yursa, sayyohlar bilan suratga tushsa... Bu ham tarixiy, ertaknamo muhitni jonlantiradi, ham sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Lekin loyihadagi holat amaliyotga joriy qilishga kelganda o‘zgarib ketdi. Militsioner formasidagi shaxslarni terib qo‘yishgan. To‘g‘ri, hozirgi politsiya ham sayyohlarga qulaylik yaratish uchun xizmat qilyapti. Lekin politsiya formasining o‘zi, ularning mashinalari kishida bosim kayfiyatini, nazoratda ekanlik hissini paydo qiladi.

«Nasriddin Afandini ham sarson qilishdi»

Bilamizki, Nasriddin Afandi ko‘hna Buxoroning imijini gavdalantiradigan ramzlardan biri. Lekin shaharning o‘ziga borsangiz, Afandini faqatgina uning bir burchakda turgan haykali eslatadi, xolos.

Buxoro shahrida Afandi obrazini jonlantirib, tomosha ko‘rsatadigan kishi bor. U bilan o‘zim suhbatda bo‘lganman. Eshakka minib, Afandi prototipida ko‘ngilochar sahnalar tashkillashtiradi. «Menga Eski shahardan joy ajratib beringlar, soliq ham to‘layman, tomoshalar ko‘rsataman», deganda unga rusxat berishmadi, qancha sarson qilishdi. Go‘yoki bu shaharning maqomiga to‘g‘ri kelmasmish...

Buxoroning eski shahar qismida uchta toq bor. Qadimda ular hunarmand ustalarning rastasi sifatida xizmat qilgan. Hozir esa u yerlarni savdogarlar egallab olgan.

Buxoroda yetarlicha hunarmand bor. Ular shu toqlarning ostida o‘z ishini bajarib tursa, sayyohlar qiziqmaydimi? Jarayonni jonli ravishda kuzatsa, o‘zi ham qo‘li bilan loy qorsa, temirni qizdirsa, sayyoh qanchalar zavq oladi-yu, Buxoro haqida qanday yaxshi taassurotga ega bo‘ladi?

«Xizmat ko‘rsatish yomon ahvolda»

Biz mamlakatga millionlab turist keltirishini istaymiz, lekin shuncha turistga xizmat ko‘rsata oladigan sharoitimiz mavjud emas.

Buxoroning Ark qismidan Labi Hovuzgacha bo‘lgan masofada sanoqli tamaddixonalar mavjud. Borlarida ham xizmat ko‘rsatish sifatiga yuqori baho bera olmaysiz. Oddiygina suv, sharbat sotiladigan do‘konchalarni ham uchratmaysiz. Butun boshli Eski shaharda atigi ikkita hojatxona bor, xolos.

Juda ko‘p tarixiy inshootlar bor. Lekin ular huvillab yotibdi. Masalan, Arkka kirib borgan sayyoh nimani ko‘radi? Huvillagan hovli, quruq devorlar, vitrinalarga bekitib qo‘yilgan kiyim va rasmlar. Jonli muhitni nega yaratolmaymiz? Nega hamma narsani muzeylashtirish kerak, nega jonli teatr hosil qila olmaymiz? Nima uchun Arkka kiraverishda tarixiy libos kiygan mirshab emas, jiddiy forma kiyib olgan militsioner turishi kerak? Bor narsamizni ham ko‘rsatib berishning uddasidan chiqa olmayapmiz.

Muzeylar ko‘p, lekin ular o‘rtasida raqobat yo‘q. Qancha odam kirib chiqayotgani bilan qiziqishmaydi, marketing o‘lgan.

«O‘zbekiston imijini yaratishimiz kerak»

Qo‘shni davlat fuqarolaridan biri bilan suhbatda bo‘lganimda, O‘zbekistonga sayohat uchun kelmoqchi bo‘lib, internetda bu haqida ma'lumot qidirganini, lekin ma'lumot juda kamligi va suratlar eski, sifatsiz ekanligini aytib bergandi. «Suratlarni ko‘rib, bizda ijobiy tasavvur uyg‘onmadi», degandi u.

Internetdagi ma'lumot har qanday turistik shahar haqida birinchi tasavvurni shakllantiradi. Turistik salohiyatimizni ko‘rsatib beruvchi onlayn platformani tashkil etishimiz kerak.

Mehmon sayohat chog‘ida duch keladigan muammolardan biri bu — valuta. Turistlar uchun alohida, ustiga qadimiy obidalarning tasviri tushirilgan plastik karta bo‘lsa-yu, samolyotdan tushiboq, ularni so‘m ko‘rinishida kartaga o‘tkazib olgan mehmon sayohat chog‘ida undan bemalol foydalansa. Yurtiga qaytib ketayotganda karta uning o‘ziga suvenir sifatida sovg‘a qilib yuborilsa. Bu ham yaxshi reklama, axir. Kelib-ketgan har bir turist mamlakatni reklama qiluvchi jonli ma'lumotlar bazasi axir. Ularning har birida ijobiy taassurot qoldirsak o‘z yurtiga borib, boshqalarni ham shu yerga kelishga da'vat qiladi.

«Turizm rivoji uchun faqatgina qo‘mita javobgar emas»

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan sohani rivojlantirishda xususiy sektorning rolini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilyapti. «Yangilik qilaman», degan tadbirkorlar ham yetarlicha topiladi. Lekin tadbirkor ishini bitirishi uchun mahalliy hokimiyatning ostonasida sarg‘ayishi kerak. Aynan mahalliy hokimiyatlar tomonidan tadbirkor uchun sun'iy to‘siqlar hosil qilinadi.

Eng oddiy misol. Turizm qo‘mitasi hammaning telefoniga tinimsiz xabarlar jo‘natildi: biohojatxona qurish bo‘yicha tadbirkorlarga imtiyozlar borligi haqida. Lekin tadbirkor shu ishni amalga oshiraman desa, mahalliy hokimiyat ruxsat bermaydi. Boshqa yerda qur, onangga bor, otangga bor qabilida ish tutishadi.

Tarixiy obidalarni obodonlashtirish uchun ham to‘siqlar mavjud. Vazirlar Mahkamasining 53-sonli qarori mavjud. Unga ko‘ra, tadbirkor tarixiy madaniy obektni rivojlantirish uchun investitsiya kiritishi mumkin. Lekin buning uchun tadbirkorning hisobida 2 milliard so‘m bo‘lishi shart. Axir, real o‘ylab qaraganda tadbirkor buncha pulni hisobida saqlab turmaydi-ku? Axir tadbirkor mablag‘ini doimiy ravishda aylantirib turishi kerak. Nomiga hisobiga pul o‘tkazib olish kabi ko‘zbo‘yamachilik kimga va nima uchun kerak?

Bu sohaning rivojlanishi faqatgina Turizm qo‘mitasining yelib-yugurishi bilan bitadigan ish emas. Uning yaxshilanishi boshqa sohalarning ham ilgarilab ketishi uchun turtki beradi. Birgina mehmonxona xizmatini oladigan bo‘lak, bunda qurilish, tekstil, maishiy xizmat, transport sohalari uchun ham foyda keltiradi.

Bizda hozir turizm bilan shug‘ullanishni istayotganlar, unga pul tikayotganlar anchagina. Lekin raqobat sifatga ta'sir ko‘rsatyapti. Arzonroq narxlarda xizmat ko‘rsataman, sayyohlarni jalb qilaman degan firmalar narxni tushirish hisobiga servis sifatini ham pasaytiradi. Bu esa mijozning hafsalasini pir qilishi tabiiy hol.

Nega prezident jon kuydirib gapiradi, yig‘ilishda hamma «ha, xo‘p, tushundik, bajaramiz», deb turadi, lekin amalga oshirishga kelganda sansolarlik qiladi? Yuqorida qabul qilingan qaror eng quyi bo‘g‘inga yetib kelgunga qadar mazmun ham, ijro ham o‘zgarib ketadi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi

Mavzuga oid
Top