11:50 / 06.03.2019
46132

«Qirol o‘ldi». Yashasin yangi qirollar

Amsterdamliklar Madridda Chempionlar ligasining amaldagi g‘oliblarini ojiz qoldirdi (4:1) va 1/4 finalga yo‘l oldi.

«Real» (Ispaniya) - «Ayaks» (Niderlandiya) - 1:4 (0:2)
Gollar: Ziyosh, 7 (0:1). Neres, 18 (0:2). Tadich, 62 (0:3). Asensio, 70 (1:3). Shone, 72 (1:4).
«Real» (Ispaniya): Kurtua, Karvaxal, Nacho, Varan, Regilon, Kroos, Kazemiro (Valverde, 87), Modrich, Vaskes (Beyl, 29), Benzema, Vinisius Junior (Asensio, 35).
«Ayaks» (Niderlandiya): Onana, Mazraui (Feltman, 80), Blind, de Ligt, Talyafiko, van de Bek, Shone (de Vit, 73), de Yong, Ziyosh, Tadich, Neres (Dolberg, 74).
Ogohlantirishlar: Mazraui, 26. Karvaxal, 30. Nacho, 90+3.
Chetlatish: Nacho, 90+3.
Hakam: Brix (Germaniya).
5 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu». 77,013
Birinchi o‘yin - 2:1

Haddan tashqari o‘ziga ishonish
Uch hafta muqaddam «Real»da hammasi joyida edi. «Qaymoqranglilar» barcha uch turnirda ham ishonch bilan odimlamoqda edi: jamoa besh yil ichida ilk marta Ispaniya Kubogiga chiqishga yaqin edi, jamoa kuzdan buyon ilk marta Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgandi, Chempionlar ligasining nimchorak finalidagi ilk o‘yinda «Ayaks» safarda 2:1 hisobida mag‘lub etilib, javob o‘yini oldidan yaxshi imkoniyat hosil qilingandi.

Lekin jamoa futbolchilari o‘zlariga haddan oshiq ishonib yuborishdi, Amsterdamdagi o‘yin yakunlanmay turib keyingi bosqich masalasi hal qilingani haqida o‘ylay boshlashdi. Jamoa sardori «Ayaks»ga qarshi o‘yin oxirida Kasper Dolbergga qasddan fol ishlatib, sariq kartochka ishladi va javob o‘yinida maydonga tushmaslik orqali chorak finalgacha «tozalanib olish»ni o‘yladi. Ammo o‘yindan keyin UYeFA bu holatni o‘rganib chiqib, ispaniyalik himoyachini ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qildi.

Bo‘shliq
Ammo uch hafta o‘tib barchasi o‘zgarib ketdi. Bu vaqt ichida «Real» «Santyago Bernabeu»da 3 bor maydonga tushib, barchasida mag‘lub bo‘ldi. «Jirona»ga qarshi Ispaniya chempionati o‘yinidagi 1:2 hisobli mag‘lubiyat, Ispaniya Kubogi yarimfinalida va Ispaniya chempionati doirasida «Barselona»ga qarshi 0:3 va 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatlardan keyin madridliklar Ispaniya Kubogini tark etdi, ichki chempionatda chempion bo‘lishdan umid uzdi. Endi barcha umid faqat Chempionlar ligasidan edi. Ammo kutilmaganda bu orzu ham sarobga aylandi.

Tosh emas holva
«Ayaks» qarshisida jiddiy vazifa turardi - «Santyago Bernabeu»da kamida ikkita gol urish. Amsterdamliklar esa 19-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Bu o‘rinda qattiq tog‘ jinsi yosh gollandlarning tishlari orasida holvaga aylandi: avvaliga Kroos qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi - u o‘tkazib yuborgan to‘pga ega chiqqan Tadich Ziyoshni oldinga tashladi va marokashlik futbolchi Kurtuani dog‘da qoldirdi.

10 daqiqa o‘tib esa serbiyalik futbolchi ikkinchi golga uzatma berdi. Tadich raqib himoyachilarini birin-ketin aldab o‘tib (ayniqsa u Kazemironi Zidan uslubidagi fintda ortda qoldirgani o‘yinning bezagi bo‘ldi) oldinga bordi va jarima maydoni ichiga kirib borgan Neresni to‘p bilan ta'minladi - markaziy himoyachi roliga kirishgan Modrich braziliyalik raqibiga qarshilik ko‘rsata olmadi. Bu o‘yinda Ramosning yo‘qligi yaqqol sezildi, amsterdamliklar ikki goli ham u qo‘riqlashi kerak bo‘lgan hududdan urildi.

Bu o‘yinda mezbonlar himoyachilari - Varan, Nacho va Regilon o‘z ishlarini qila olishmadi, ular hujumda faollik ko‘rsatar, masalan fransuzning bir zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi, ammo ular himoyada pozitsiyani tanlay olishmas, raqibni osonlik bilan oldinga o‘tkazib yuborishardi. Faqat Kurtuaning seyvlari tanaffusgacha hisob o‘ta yirik ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymadi - belgiyalik darvozabon Neres, Tadich va Ziyoshning kuchli zarbalarini bartaraf etdi.

Vaskes va Vinisiusning yo‘qotilishi

«Real»ga gollar kerak edi, ammo qanday ursin, jamoa 35-daqiqadayoq jamoa ikki qanot hujumchisidan ayrilib bo‘lgandi - avvaliga Vaskes yerga yiqildi va o‘zini almashtirishlarini so‘radi, 29-daqiqada uning o‘rnini Beyl egalladi, keyin Vinisius ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi, Solari Asensioni maydonga tashladi. Uelslik futbolchi bir marta raqib darvozasi ustunini nishonga olish bilan cheklandi, ispaniyalik futbolchi esa raqib himoyachilari tomonidan bir necha bor qo‘pollik bilan to‘xtatildi - birinchi bo‘limda hech narsa qilib bo‘lmadi.

VAR bu safar «Ayaks» foydasiga
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar raqib jarima maydonini qamal qilishga kirishdi, ammo «Ayaks» qarshi hujumda uchinchi golni urdi. 62-daqiqada Tadich to‘pni yana «Real» darvozasiga joylashtirdi.

Ammo gol 5 daqiqa o‘tib hisobga olindi - madridliklar hujum avvalida to‘p maydon chizig‘ini kesib o‘tganini da'vo qila boshlashdi, Feliks Brix uzoq vaqt davomida videohakamlar bilan maslahatlashdi - yakunda VAR «Ayaks»ga birinchi o‘yindagi qarzini qaytardi - 0:3.

Kurtuaning «qovuni»
Ikkinchi bo‘lim davomida madridliklar bitta javob goli urishdi. Asensioning aniq zarbasi o‘yinga intriga qaytargandek edi, ammo Kurtua Lassa Shonening jarima zarbasini o‘tkazib yubordi va barchasi yana o‘z holiga qaytdi.

«Ayaks» «quloqli kubok»ni ketma-ket uch bor o‘ziniki qilgan chempionlarni safarda yirik hisobda tor-mor etdi.

Solariga hukm
Argentinalik mutaxassis Isko va Marselo bilan ziddiyatga borib, Vinisius va Regilonga ishonch bildirgani balki yillar o‘tib samara berar, ammo bu mavsum uchun xato qaror bo‘ldi. O‘tgan o‘yinda Ramos ataylab sariq kartochka ishlashida ham uning aybi yo‘q emasdi.
Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagini kechiktirib bo‘lmasdi. Barcha taxminlarni yo‘qqa chiqargan holda «Ayaks» keyingi bosqichga yo‘l oladigan bo‘ldi. «Real» mavsumni uzil-kesil barbod qildi. Santyago Solari o‘ziga hukm o‘qidi - madridliklar rahbariyatida uni keyingi mavsumga ham olib qolish uchun birorta sabab yo‘q. Keyingi mavsumda Madridda yangi murabbiy va yangi jamoa bo‘lishiga shubha yo‘q, lekin bu oqshomdagi o‘yinda kataloniyaliklarning bo‘lajak yulduzi - 70 million yevro evaziga xarid qilingan Frenki de Yong hali Madridni ko‘p bor zabt etishidan mujdalar berdi.

«Qirol vafot etdi, yashasin yangi qirollar!».

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top