18:16 / 08.03.2019
161800

«Korrupsiya Malikasi» - Gulnora Karimova ayblanayotgan korrupsion sxema haqida AQSh batafsil ma'lumot berdi (1-qism)​

Rossiyaning MTS mobil operatori AQSh Adliya vazirligi va uning huzuridagi Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasi bilan kelishuvga erishdi. Rossiya kompaniyasi O‘zbekistondagi sobiq sho‘'ba korxonasi atrofidagi tergov doirasida 850 million dollarlik jarima to‘lashga tayyor.

​AQSh rasmiylari ushbu tergovni 2014 yildan olib boradi, 2015 yil bahorda Niderlandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va TeliaSonera kompaniyalarining Gulnora Karimova bilan aloqasi borligi ta'kidlanadigan Takilant kompaniyasi bilan bitimlari yuzasidan tergov boshlagandi.

Aslida-chi? Nega MTS AQShga jarima pullarini to‘lashga rozi bo‘ldi? Gulnora Karimova qanday jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanyapti?

Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi​ bayonotida ta'kidlanishicha, O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova va MTSning O‘zbekistondagi sho‘'ba korxonasi - Uzdunrobita sobiq bosh direktori Bekzod Ahmedov AQShda pul yuvish va 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda.​ Ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 

Qayd etilishicha, jinoiy ish «xorijiy korrupsiya amaliyotlari to‘g‘risidagi qonun tarixida eng yirik holat» yuzasidan ochilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Gulnora Karimova uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSh moliya tizimi orqali yuvish uchun o‘z rasmiy mavqeyidan foydalanishda ayblanmoqda.

2004-2012 yillarda Uzdunrobita aksiyalarining 74 foiziga egalik qilgan ​MTS kompaniyasi AQShda ta'sis etilgan boshqa kompaniya yordamida Uzdunrobita'ga ega chiqqani iddao qilinmoqda. O‘z o‘rnida Gulnora Karimova O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi qarorlariga ta'sir o‘tkazganlikda ayblanmoqda.

2004 yili «O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi​ faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi raisi I.Karimov imzolagan hujjat e'lon qilinadi. ​MTS o‘zbek bozoridan chiqib ketgan payt — 2012 yilda agentlik ham o‘zgaradi.

Prezident qaroriga muvofiq, u Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitas​i sifatida qayta tashkil etiladi.

Karimova nazoratida faoliyat yuritgani iddao qilinayotgan Kolorit Dizayn Ink MChJ reklama agentligi orqali Gulnora pora pullarni olgani ta'kidlanmoqda. MChJning ayrim xodimlari 2004-2012 yillarda Uzdunrobita kompaniyasida ham ishlagan.

Shuningdek, AQSh Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi​ ayblovida Gulnora Karimovaning korrupsion sxemasida yana 3ta kompaniya (A, B, C) ishtirok etgani, ularning 3 nafar rahbari ham shu ishga aloqadorligi ta'kidlanadi. Ayblovda kompaniyalarning biri 2004 yili tashkil etilgan paytda, unga rahbarlik qiluvchi direktor 20 yoshda bo‘lgani bildirilgan.

Ayblovda ma'lum qilinishicha, 1991 yil Amerika kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Uzdunrobita kompaniyasining 20 foiz aksiyalari evaziga Gulnora Karimova kompaniyaga O‘zbekistonda erkin faoliyat olib borish sharoitini yaratib berishni taklif etgan. Ushbu taklif 2001 yili Dubay shahrida Uzdunrobita'ning amerikalik hissadorlari bilan uchrashuvda bildirilgani aytilmoqda.

Aksiyalar evaziga Uzdunrobita'​dan manfaatdor sarmoyadorlarga so‘mning xorijiy valutaga konvertatsiya qilish ham taklif etilgan, aks holda Uzdunrobita'​ning o‘zbek bozoridagi taqdiriga tahdid qilingani ma'lum qilinmoqda.

2002 yilda Uzdunrobita ayblovda Karimova ishiga aloqador etib ko‘rsatilgan 3 kompaniyaning birini (A) yangi hissador sifatida tanishtiradi va Uzdunrobita'​ga Bekzod Ahmedov bosh direktor etib saylanadi.

Ayblov versiyasiga ko‘ra, Karimovaning sa'y-harakatlari bilan Uzdunrobita, rasmiy auksion va qonuniy tartiblarni chetlab o‘tgan holda, faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Gulnora Uzdunrobita'​dagi davlatning o‘z ulushini yangi hissador sifatida ishga qo‘shilgan (A) kompaniyaga sotishiga erishadi. Shunday qilib, nomi oshkor etilmayotgan 3ta kompaniyaning biri, Uzdunrobita yangi hissadori sifatida ishga qo‘shilgan, keyinchalik davlat ulushini ham sotib olib, Uzdunrobita boshqaruvini qo‘lga olgan kompaniya konsalting va infratuzilmaviy xizmatlarni ko‘rsatishi kerak edi. Ayblov bu yolg‘on kelishuv bo‘lganini bildirmoqda.

(A) kompaniya 2004 yilda o‘z nomini o‘zgartirib, nazoratida bo‘lgan 51,4 foiz aksiyalarini, ayblovda 3 kompaniyaning biri sifatida ko‘rilayotgan, boshqa (B) kompaniyaga o‘tkazib bergan. 

2004 yildan boshlab Rossiyaning MTS mobil operatori Uzdunrobita orqali o‘zbek bozoriga kirishni reja qila boshlaydi. Bu reja asosida MTS Gulnoraga 100 million dollar pora bergani iddao qilinmoqda.

Uzdunrobita bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Bekzod Ahmedov MTSga (B) kompaniyaning Uzdunrobita'dagi 33 foiz aksiyasi va Amerika kompaniyasi nazoratida qolayotgan 41 foiz aksiyalarni sotib olishga sharoit yaratib berganiga ishonilmoqda. Ammo MTS amerikaliklar sotib olgan narxdan olti baravar qimmat qiymatda aksiyalarni sotib olgani ta'kidlanmoqda.

MTS va (B) kompaniya​ kelishuviga ko‘ra, (B) kompaniya​ning Uzdunrobita'dagi 26 foiz ulushi kelasi 3 yilda 37,7 million dollarga sotilishi mumkin bo‘lgan.

Shunday qilib, (B) kompaniya​ning Latviyadagi bank hisob  raqamiga MTS 100 million dollar ko‘chirgan.

2007 yil 2 avgustda Karimovaning ta'siri bilan O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi​ Uzdunrobita faoliyatini qo‘shimcha  litsenziya ila to‘ldirishga rozi bo‘ladi.

26 foiz ulushni sotib olish bo‘yicha kelishuv Karimovaning tashabbusi bilan o‘zgartiriladi, negaki kompaniyaning bozor qiymati o‘sib borayotgandi. Shu tufayli, investitsion banklardan biri ulush qiymatini baholashga chaqirilgan. Aniqlanishicha, (B) kompaniyaning Uzdunrobita'da qolgan 26 foiz ulushi 250 million dollarga teng, deb topilgan. 2007 yil 26 iyunda MTS direktorlar boshqaruv kengashi (B) kompaniya​ga 250 million dollar to‘lashga rozilik beradi va pullar (B) kompaniya​ning Hong-Kongdagi bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.

2008 yil ikkinchi yarmida MTS o‘zbek bozorida faoliyat yuritish uchun Gulnora Karimovaga yana 30 million dollar pora bergani, pullar 2008 yil oktabr va 2009 yil iyul oylari oralig‘ida Hong-Kong va Rigadagi bank hisob raqamlariga o‘tkazilgani iddao qilinmoqda.

Shuningdek, Karimova nazoratida bo‘lgani aytilayotgan Kolorit kompaniyasini sotib olish ko‘rinishida, 2009 yili 59,3 milliard so‘m pora berilgani aytilmoqda. Karimovaning xayriya ishlariga ko‘ngilli to‘lov ko‘rinishida esa 2012 yili 1,1 million dollar pul berilgan.

AQSh Prokuraturasining ma'lum qilishicha, pullarning barchasi Nyu-Yorkdagi moliyaviy korrespondentlik institutlari tomonidan o‘tkazilishi ta'minlangan. 

Top