10:30 / 08.03.2019
52119

Samarqanddagi 141ta «sirli uy»: nega aholi noqonuniy qurilgan binolar haqda bilishi kerak emas?

Samarqand shahrida yashovchi D.Umarova aslida Lutfiy ko‘chasida davom etayotgan 72-uyning qurilishi oqibatida paydo bo‘layotgan noqulayliklar haqida tahririyatimizga xat yo‘llagandi. Ammo o‘rganish jarayonida bu yerda yanada jiddiyroq muammo turganiga guvoh bo‘ldik.

Bu manzilda qurilayotgan uy D.Umarovaning hovlisi yonginasida qad ko‘targan bo‘lib, bu uydagi xonadonlarning 56ta derazasidan ham Umarovaning hovlisini «tomosha qilish» mumkin.

Qurilish jarayonida ishchilar nigohidan qochib yashash allaqachon Umarovaning sabrini tugatgan. Holbuki, hali bu xonadonlarning barchasiga egalari ko‘chib kelishadi. Umarovaning qator tashkilotlarga qilgan murojaatlari javobsiz qolmagan, biroq, natija ham keltirmagan. Bir qator javob xatlarida fuqaro haqligi, mazkur holat «yaxshi emas»ligi ta'kidlangan, xolos. Umarovaning esa boshi qotgan.

Keling, masalaga soddaroq yondashamiz. Uyingiz yonginasidan ko‘p qavatli bino qurilib, sizga noqulaylik keltiryapti. Siz qurilish nazorat inspeksiyasiga murojaat qildingiz. Inspeksiya esa rostdan ham tegishli me'yorlar buzilganini sizga rasman ma'lum qiladi. Boshqa tashkilotlar ham shu kabi javoblarni beradi. Xo‘sh, endi nima qilishingiz kerak? Har holda «inspeksiya aytdi-ku», deya lom bilan ketmonni olib qo‘shni binoni buzishga tushmaysiz, tusholmaysiz...

Mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar hokimligi mutasaddilariga uchrashib tamoman yangi tafsilotga duch keldik. Umarova norozilik bildirayotgan bino — Samarqand shahar, Lutfiy ko‘chasidagi 72-uy YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgan hududda joylashgan bo‘lib, noqonuniy qurilma hisoblanarkan. Bu haqda bizga Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniy meros departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassislari ham ma'lum qilishdi. Shunday bo‘lgani holda Umarovaning shikoyatini o‘rganib chiqqan aksariyat tashkilotlar bu haqda og‘iz ochishmagan.

Fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga murojaati yuzasidan esa shahar hokimligi shunday mazmunda javob beradi:

«...o‘rganish jarayonida D.Umarovaning qo‘shnisi tomonidan qurilayotgan uy-joydan noroziligi sabablari ko‘rib chiqildi va o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqqani sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat etish to‘g‘risida tushuntirish berildi».

Qonun nuqtai nazardan bu javob xatida hech qanday noto‘g‘ri harakat yo‘q. Ammo e'tibor bersangiz, xatda nizoli uyning na manzili, na uning ko‘p qavatli uy ekani ko‘rsatilgan. Agar ko‘rsatilganida bu YuNeSKO tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy hududda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joy ekani oydinlashar va nega bu uy qurilishi to‘xtatilmayotganiga izoh berishga to‘g‘ri kelishi mumkin edi. Shu sababli ham «qo‘shnining uy-joyi» degan baho osonroqdek.

Hokimlikning yuqoridagi xati Prezident virtual qabulxonasiga yuborilgan sanaga e'tibor bering — 2018 yil 3 sentabr. Endi esa shu sanadan bir oy oldin, 2018 yil 1 avgustda aynan o‘sha nizoli uy bo‘yicha yuborilgan xat mazmuni bilan tanishamiz. Samarqand shahar hokimligi qoshidagi «KAPITAL QURILISH DIREKSIYASI» davlat korxonasi tomonidan 2018 yil 1 avgustda Samarqand shahar hokimining o‘sha vaqtdagi o‘rinbosari B.Elmurodovda bu uyning noqonuniy qurilgani haqda yozma ravishda, rasman ma'lumot berilgan, hatto muammoning oldini olish bo‘yicha yordam so‘ralgan! Demak, shahar hokimligi hammasidan xabardor. Mazkur xatda mutaxassislar masalani joyidagi o‘rganib:

- Ushbu turar joy binosi qurilish joylashuvi yuzasidan «TOShBOShPLANLITI» DUK tomonidan 2–3 qavatli sport zal binosi qurilishiga kelishilgani;

- Hudud shaharning tarixiy qismida bo‘lgani sababli 2–3 qavatdan baland bo‘lmagan bino qurishgan ruxsat berilgani, ammo hozirda besh qavatli turar joy binosi qurilgani;

- Shahar hokimining qurilish ishlariga berilgan qarorining amal qilish muddatini to‘xtatib turish belgilangan bo‘lsa-da hozirgi kunda ham qurilish-montaj ishlari davom etayotgani... mazmundagi kabi o‘nga yaqin qoidabuzarliklarni sanab o‘tadi va xat so‘ngida mazkur holat bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishda amaliy yordam so‘raladi.

Shahar hokimligi esa qurilish korxonasini ogohlantirish bilan cheklanadi, xolos.

Darvoqe, Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi ma'lumotiga ko‘ra, yuqoridagi ko‘p qavatli uyning qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan. Tadbirkorda esa bu qurilishni olib borish uchun 2017 yilda olingan Samarqand shahar hokimining qarori bilan berilgan ruxsatnomasi bor. «TOShBOShPLANLITI» davlat unitar korxonasi tomonidan bino balandligi 2–3 qavatdan oshmasligi belgilangan (ayni vaqtda yon-atrofdagi qo‘shnilarga xalaqit berayotgan besh qavatli turar joy binosi qad ko‘tarib turibdi!), loyiha-smeta bo‘yicha hujjatlar ekspertizasi ham olinmagan. Holbuki, fuqaro Umarova o‘tgan yildan beri (garchi o‘z muammosi sababli bo‘lsa ham) aynan mana shu uy bo‘yicha tegishli tashkilotlarga tinmay murojaat qilib keladi. Ish mana shu darajaga kelgunicha quruvchilarni hech kim to‘xtatmagani g‘alati. Ikkinchi tomondan, tadbirkor qo‘lida ham hokim qarori bor-da!

Lutfiy ko‘chasidagi 72-uy — noqonuniy qurilishlar bo‘yicha Samarqanddagi umumiy holatga bitta misol, xolos. Bu kabi noqonuniy qurilishlar mojarosi 2017 yildan buyon davom etayotgani ham rost.

Ehtimol, Samarqanddek shaharning Bosh rejasi hali ham yo‘qligi, ehtimol, o‘z vaqtida qurilishlarga shahar hokimligining ruxsati berilavergani va yoki boshqa sabablar bilan hozir shaharda qurilish me'yorlari buzilgan 159ta uy bor. Bu uylarning 141tasi viloyat miqyosida, 18tasi respublika miqyosida nazoratga olingan.

Ayni holat yuzasidan 132 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan, shahar hokimining 56ta qaroriga protest keltirilgan, bitta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, noqonuniy qurilgan obektlarni buzish haqida sudlarga 12ta da'vo arizasi kiritilgan. 

Bu masala Bosh prokuratura xatlovidan so‘ng respublika ishchi guruhi nazoratida turibdi. Joriy yilning 1 martiga qadar bu kabi noqonuniy binolarning 12tasi qisman buzilishi (hozircha buzilgan emas), 1 aprelga qadar esa respublika nazoratidagi 18ta uyning to‘liq buzilishi ko‘zda tutilgan.

Aftidan, kelayotgan 1 aprel sanasi Samarqanddagi noqonuniy binolar masalasida ko‘p narsani oydinlashtiradi. Ammo masalaning eng og‘ir tomoni hali oldinda. Lutfiy ko‘chasi 72-uy va yana bir qator ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarning katta qismi allaqachon aholiga sotib yuborilgan. Ehtimol, uzoq tortishuvlardan so‘ng (uzoq deganimizning sababi — har qanday holatda ham tadbirkor qurgan binoni buzish uchun sud ajrimi kerak, unda ruxsatnoma bor, o‘z navbatida tadbirkor apellyatsiya kiritadi, undan keyin kassatsiya...) noqonuniy uylar buzilar ham. Ammo bu binolardan uy sotib olgan yuzlab fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasidagi tortishuvlar, sud majlislari, ariza va shikoyatlarning asosiy oqimi endi boshlanishi muqarrar. Mazkur holatga qay tartibda yechim topilishi bo‘yicha bugun samarqandliklar izoh kutmoqda. O‘z vaqtida, ishlar gazaklamasdan oldin muammoni to‘xtatmagan mas'ul tashkilotlar oldida endi yana bir katta muammo ko‘ndalang bo‘lib turibdi. 

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

 

TAHRIRIYaTDAN: Aholining noqonuniy qurilayotgan uy-joylarni ikkilanmasdan sotib olgani muammosi mazkur nizolarning jamoatchilikdan o‘z vaqtida sir tutilgan oqibati kelib chiqqani sir emas. Agar jamoatchilik nizoli va noqonuniy barpo etilayotgan uylardan o‘z vaqtida xabar topganida hech qachon tavakkal qilib katta pulga bu uylarni xarid qilmagan, bugungi kunga kelib, muammo girdobida qolmagan bo‘lardi.

Bundan atigi o‘n kun oldin soha mutasaddilari va quruvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda Samarqanddagi «mashhur» 141ta uy haqdagi ma'lumot jurnalistlar qo‘lidan deyarli tortib olinganiga guvoh bo‘ldik. Xo‘sh, mutasaddilar bu ma'lumotlarni qachongacha yashirmoqchi va bundan qanday «manfaat» topadi? Qachon Samarqanddagi noqonuniy qurilish obektlari haqida xalqqa to‘liq ma'lumot beriladi? Toki, fuqarolar qanday xaridga tavakkal qilishayotganlarini bilishsin.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top