19:17 / 09.03.2019
264129

Shifokor: ko‘z kasalliklari ichida shundayi borki, agar vaqtida davolanmasa, ko‘zi ojizlikka sabab bo‘lishi mumkin

Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali bugungi kunda ko‘p uchraydigan kasalliklar haqida foydali va kerakli ma'lumotlar berib borishda davom etadi.

Bilamizki, ko‘z insonning eng muhim va kerakli a'zolaridan bir hisoblanadi. Ko‘zlarimiz orqali bu yorug‘ olamni ko‘ramiz, asosiy ma'lumotlarni olamiz. Lekin afsuski ko‘z kasalliklari ichida shunday kasallik borki agar vaqtida aniqlanib davolanmasa, insonning ko‘zi ojiz bo‘lib qolishi mumkin.

Bu ko‘z kasalligi - glaukoma.

Shifokor Aziz Zohidov bilan ayni shu mavzuda suhbat qurdik.

 Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Glaukoma haqida qisqacha tavsif

Glaukoma – ko‘zi ojizlik, nogironlikka olib keluvchi og‘ir, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘z kasalligi hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 100 milliondan ortiq inson glaukoma bilan xastalangan. Shundan 40 millionga yaqini ko‘zi ojiz bemorlardir. Xuddi shu miqdordagi bemorlar hali o‘zida bu xastalik borligini bilmasdan ko‘zi ojizlik rivojlanib borayotganligi ma'lum. Faqat o‘z vaqtida aniqlab to‘g‘ri davolangan holda ko‘zi ojizlikning oldini olish mumkin. Shularni hisobga olgan holda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti glaukomani ijtimoiy ahamiyatga ega bulgan muhim kasalliklar ruyxatiga kiritgan. Har yili mart oyining ikkinchi haftasi dunyoda «Jahon glaukoma haftaligi» tashkillashtiriladi. 2019 yil 10 – 16 mart kunlarida ham butun jahon bo‘ylab glaukomaga qarshi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Respublikamizda ham 10 yildan buyon bu sanalarda glaukomaga karshi chora tadbirlar, bepul ko‘riklar, aholini tibbiy madaniyatini oshirish uchun maqolalar, bepul aksiyalar o‘tkaziladi.

Glaukoma – ko‘z ichki bosimi oshishi natijasida ko‘ruv nervi atrofiyasi rivojlanishi va ko‘zi ojizlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan surunkali kasallik. Gluakoma kasalligi boshida belgilarsiz kechib, bemorni hech narsa bezovta qilmaydi. Erta davrlarda uni aniqlash qiyin, kechki davrda, ko‘ruv nervi atrofiyasi rivojlangandan so‘ng bemor ko‘rishi xiralashishini, og‘riqni his qiladi va shifokorga murojaat kiladi. Glaukoma kasalligi erta aniqlanib, o‘z vaqtida to‘g‘ri davolansagina ko‘zi ojizlikning oldini olish mumkin. Aks holda, glaukoma tufayli rivojlangan ko‘ruv nervi atrofiyasi va ko‘zi ojizlikni hozirgi kunda davolash imkoni mavjud emas.

Glaukomani aniqlash mushkul, lekin davolash mumkin va lozim.

Glaukomaning qanday belgilari bor?

Glaukoma boshida hech qanday belgilarsiz kechadi va bemor ko‘zidan shikoyat qilmaydi. Ko‘z og‘rishi, ko‘ruv xiralashishi kasallikning kechki davrlarida bezovta kiladi. Odatda bemorni bir tomonlama tez-tez bosh og‘rishi, ko‘z oldida vaqti-vaqti bilan tuman bo‘lishi, ko‘z oldida qora dog‘lar paydo bo‘lishi, yonib turgan lampa oldida kamalaksimon halqa bo‘lishi bezovta qiladi.

Glaukomani qanday qilib erta aniqlash mumkin?

Glaukomani erta aniqlash uchun har bir fuqaro shikoyatlari bo‘lmasa ham yiliga kamida bir marta oftalmolog ko‘rigidan o‘tib turishi kerak. Har bir fuqaro o‘z sog‘ligi uchun mas'uliyat his qilib, ko‘z bosimini o‘lchatishi, ko‘ruv nervi holatini tekshirtirish lozim. Bugungi kunda Respublikamizning har bir tuman va shahar poliklinikalari ko‘z bosimini o‘lchash va ko‘ruv nervi holatini kontaksiz, og‘riqsiz tekshirish bo‘yicha zamonaviy uskunalari bilan to‘liq ta'minlangan.

Ko‘z ichki bosimi normada nechaga teng?

– ko‘z ichki bosimi normada 24 mm simob ustunidan past bo‘lishi lozim.

Glaukoma qanday davolanadi?

Glaukoma aniqlangandan so‘ng birinchi bo‘lib dorilar, ko‘z tomchilari yordamida davolanish boshlanadi. Agar tomchilar yordamida davolash samara bersa, bemor ushbu dorilarni doim tomizib yurishi lozim. Agar belgilangan dori samarasiz bulsa, tekshirish natijasida boshqa dorilar tavsiya qilinadi. Agar hech bir dori ta'sir kilmasa, boshqa davolash usullari tavsiya qilinadi.

Lazer nuri yordamida davolash. Ko‘z ichki suyuqligini dimlanishiga sabab bulgan yo‘llar lazer nuri yordamida ochilib, ko‘z bosimi tushiriladi. Lazer jarrohligi mutlaqo og‘riqsiz va xavfsizdir. Glaukomaning barcha turlarida ham lazer nuri samara bermasligi mumkin.

Jarrohlik usulida davolash. Hozirgi kunda eng samarali usul hisoblanadi. Jarrohlik usuli yuqori samarali bo‘lishi bilan bir qatorda ma'lum nojo‘ya jihatlari bo‘lganligi tufayli birinchi davolash usuli sifatida qo‘llanilmaydi.

Ko‘pchilik hollarda o‘z vaqtida dori tomizmaslik, ko‘z shifokori nazoratida turmaslik, shifokor tavsiyalarini to‘liq bajarmaslik bemor ko‘rishini yomonlashishi va tiklanmas ko‘zi ojizlikka olib keladi.

 Kimlar glaukoma bilan kasallanishi ehtimoli baland?

Yaqin qarindoshlarida glaukoma bo‘lgan insonlar, surunkali ko‘z kasalliklari bilan kasallangan bemorlar (miopiya, gipermetropiya, uveit, ko‘z jarohatlari), doimiy ko‘z zo‘riqishi bilan ishlovchilar, migren, qandli diabet, nevrologik kasalliklar bilan xastalangan shaxslarda glaukomaga moyillik bo‘ladi.

Glaukoma kasalligi aniqlangan bemorlar uchun maxsus tartib

·        Sog‘ligingiz to‘g‘ri kelguncha mehnat qilishingiz mumkin, faqat asabiy va jismoniy zo‘riqish tavsiya qilinmaydi. 10 kg.dan ortiq yuk ko‘tarish tavsiya qilinmaydi;

·        Ishlayotganda yoki o‘qiyotganda yorug‘lik chap tomondan tushishi lozim va yetarli yorug‘lik bo‘lishi lozim. Har 15 minutda tanaffus qiling;

·        Engashib ishlash tavsiya qilinmaydi. Masalan: agar siz hovlida jo‘yaklarni tozalamoqchi bo‘lsangiz, chizmoqchi, tikmoqchi bo‘lsangiz uzoq vaqt engashmasdan stulchada o‘tirib ishlash tavsiya qilinadi;

·        Ko‘z uchun mashqlar qilib turish foydali;

·        Umumiy holatingizga e'tibor bering. Yurak, qon-tomir tizimi, o‘pka kasalliklari, qandli diabet, buyrak va jigar kasalliklari ko‘zingiz holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi;

·        Televizor ko‘rish taqiqlanmaydi, faqat boshingizni to‘g‘ri tutib, yaxshi yoritilgan xonada ko‘ring. Chiroqni o‘chirib, uzoq vaqt televizor ko‘rish tavsiya qilinmaydi;

·        Bo‘yinni qisib turuvchi, tor yelkali sviterlar, kiyimlar va galstuklar taqmang;

·        Chekish mutlaqo mumkin emas! Alkogol iste'mol qilish qon-tomir sistemasiga va ko‘zga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi;

·        Issiq hammom tavsiya qilinmaydi;

·        Uzoq vaqt quyoshda qolish tavsiya qilinmaydi. Quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklardan foydalaning (glaukoma uchun maxsus yashil filtrli ko‘zoynaklar mavjud). Qorong‘i xonada ham uzoq vaqt qolmang;

·        Tungi uyqu va kechki sayrlar foydali. Uyqusizlik salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Yotishdan oldin oyog‘ingizga issiq vanna qilish, bir qoshiq asal iste'mol qilish foydali;

·        Maxsus parhez talab qilinmaydi. Qo‘y go‘shti, yog‘li, achchiq ovqatlarni chegaralang. Vitaminlarga boy oziqlarni (sabzavotlar, mevalar, baliq) ko‘proq iste'mol qiling;

·        Birdaniga ko‘p suyuqlik iste'mol qilmang. Choy va boshqa kofeinli ichimliklar ko‘zda qon aylanishini yaxshilaydi. Agar siz kofe ichishni odat qilgan bo‘lsangiz «Kofe sinamasi»dan o‘ting, buning uchun sizning ko‘z ichki bosimingiz kofe ichishdan oldin va 1 soat keyin o‘lchab ko‘riladi. Agar ko‘z bosimi sezilarli darajada kuzatilmasa, sizga kofe ichishda chegaralanish yo‘q;

·        Shifokor tavsiya qilgan dorilarni o‘z vaqtida tomizing. Uyingizdan biror joyga ketmoqchi bo‘lsangiz o‘zingiz bilan ko‘z tomizg‘ilarini olish yoddan chiqmasin;

·        Shifokor ko‘rigiga har oyda borib turing.

Ma'lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz : 2019 yil 10 – 16 mart kunlari siz yashab turgan tuman va shaxar poliklinikalarida va ba'zi xususiy shifoxonalarda bepul va to‘liq oftalmologik ko‘rikdan o‘tishingiz mumkin. Bunda ko‘z bosimingizni o‘lchashni va ko‘z tubini tekshirib, ko‘ruv nervi holatini aniqlashni shifokordan so‘rashni unutmang.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi

Top