08:34 / 09.03.2019
58484

Uchinchi Reyxning xazinalari xaritasi e'lon qilindi

Foto: Getty Images

Germaniyada Uchinchi Reyx zobiti Egon Ollenxauerning shaxsiy kundaligi e'lon qilindi, unda yashirib qo‘yilgan xazinalar qayerda joylashgani ko‘rsatilgan. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Yozuvlarga ko‘ra, Adolf Gitler Polshadan chekinish paytida oltin, san'at asarlari va boshqa qimmatbaho buyumlarni yashirishni buyurgan. Bu xazinalar 260ta yuk mashinasiga joylashtirilgan va sovet qo‘shinlari ularni topa olmasligi uchun egallab olingan mamlakat hududidagi 11ta joyga yashirilgan.

Ta'kidlanishicha, yashirin joylarda taxminan 28 tonna oltin, zargarlik buyumlari, medallar, diniy obektlar, shuningdek, 47ta san'at asari, jumladan, Bottichelli, Rubens, Karavajo, Mone, Rafael va Rembrandtning Fransiyadan o‘g‘irlangan asarlari bor.

Bir necha o‘n yillar davomida Ollenxauer kundaligi Germaniyaning Kvedlinburgidagi masonlar lojasida saqlangan, keyinchalik u Schlesische Brücke jamg‘armasiga berildi. Yozuvlar masonlar lojasi tomonidan qo‘yilgan talablar tufayli ilgari e'lon qilinmagan. Tashkilot a'zolari urushning barcha ishtirokchilari, bu hodisa bilan bog‘liq shaxslar, xususan, «Vaffen SS» xodimlari hayotligida kundalik e'lon qilinishidan bosh tortishgan.

Jamg‘arma xodimi Roman Furmanyakning bildirishicha, beshta nemis ta'lim muassasasi kundalik haqiqiy ekanini tasdiqladi. Hozirgi paytda jamg‘arma Uchinchi Reyx xazinalari bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni tekshirmoqda. Xususan, qimmatbaho buyumlar ko‘l tubida, Polshadagi saroylardan birida joylashgan maxfiy xonada, shuningdek, bog‘dagi quduqda saqlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan oldin, Uchinchi Reyx bo‘yicha ekspert Merkelni keskin tanqid qilgandi.

Mavzuga oid
Top