11:55 / 13.03.2019
8261

Microsoft axborot xavfsizligiga bir yilda qancha pul sarflashi ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS/Carlos Barria

Amerikaning Microsoft korporatsiyasi axborot xavfsizligi va xakerlardan himoya uchun har yili 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflaydi. Bu haqda seshanba kuni Xyustondagi CERAWeek konferensiyasida kompaniya ijrochi vitse-prezidenti Jyeyson Zender ma'lum qildi.

Uning bildirishicha, Microsoft dasturlari dunyo bo‘ylab yuz millionlab kishilar tomonidan foydalaniladi hamda kompaniya ushbu dasturlar xavfsizligi uchun mas'uldir. «Xavfsizlik - biz doimo ishlashimiz kerak bo‘lgan yo‘nalish», - deya ta'kidladi Zender. Uning bildirishicha, kiberjinoyatchilar tomonidan tahdid tobora ortib boryapti.

«Shuning uchun yiliga 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflaymiz», - deya qayd etib o‘tdi u. Zenderning aniqlik kiritishicha, bu mablag‘lar, jumladan, Windows operatsion tizimi va Microsoft’ning boshqa dasturlarida ma'lumotlar xavfsiz saqlanishini ta'minlash uchun ketadi.

Zenderning aytishicha, xakerlar tomonidan infratuzilma elementlari, jumladan, energiya tizimlari uchun dasturiy ta'minotning qo‘lga kiritilishi juda xavflidir. «Biz to‘g‘ri boshqarilmasa, xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan uskunalar haqida gapiryapmiz», - dedi u. 

Bundan oldin, Microsoft xodimlari 480 mln dollarlik harbiy shartnomadan voz kechishni talab qilishayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top