15:38 / 13.03.2019
24497

Ronaldudan chorlov olgan Messi yengilmas «Lion»ga qarshi. YeChL anonsi

Foto: Reuters

«Tribuna» Chempionlar ligasining 1/8 finali doirasidagi oxirgi ikki uchrashuv anonsini taqdim etadi. Bugun Myunxenda va Barselonada chorak finalning yana ikki ishtirokchisi aniqlanadi.

«Bavariya» - «Liverpul» hamda «Barselona» - «Lion» birinchi o‘yinlarda nursiz duranglar qayd etgandi, yo‘llanma taqdiri Kataloniya hamda Myunxendagi o‘yinlarda hal bo‘ladi.

«BAVARIYa» - «LIVeRPUL»

«Liverpul» qurbonlikka tayyormi?
Kunning markaziy o‘yini Myunxenda o‘tkazilib, «Bavariya» o‘z maydonida «Liverpul»ni qabul qiladi. Jamoalarning «Enfild»da o‘tkazilgan birinchi o‘yinida hisob ochilmagandi. Yurgen Kloppning aytishicha, o‘z maydonidagi eng yaxshi durang natija bu 0:0. Biroq, bu natija ko‘proq «Bavariya» uchun qulayroq. Chunki, mehmondagi o‘yinda gol o‘tkazmaslik o‘z maydonidagi o‘yinda yaxshigina ustunlik beradi. Boshqa tomondan nemislarning mehmonda gol ura olmaganliklari ularga qiyinchilik tug‘dirishi ham mumkin. Endi «Liverpul» urgan har bir gol ikkitaga yuradi.

«Liverpul» 29 yildan buyon Angliya chempioni bo‘la olmay kelmoqda. Shu sabab APL sovrinisiz o‘tayotgan har bir yil klub muxlislarining alamini kuchaytirmoqda. Hozir jamoa Yurgen Klopp murabbiyligida oxirgi yillardagi eng yaxshi holatida. Muxlislar ulardan Premer-Liga g‘olibligini kutishmoqda. «Liverpul» hozir ikki frontda kurash olib bormoqda va bir qarashda ikkita musobaqada g‘oliblik uchun kurashish jamoaga og‘irlik qilishi mumkin.

Muxlislar orasida «Liverpul» ikki musobaqadan birini qurbon qilishi kerakligi, aks holda ikkalasini ham boy berishi muhokama qilinmoqda. Kloppdan bu haqda so‘rashganda, murabbiyning jahli chiqdi. Muhammad Saloh esa quyidagicha javob berdi: «Premer-Liga g‘olibligi uchun Chempionlar Ligasidan jon deb kechgan bo‘lardim».

Bunday almashuvga klubning barcha muxlislari ko‘nishsa kerak, lekin Chempionlar Ligasidan kechish bu APL g‘olibligini ta'minlaydi degani emas. Undan tashqari, Klopp shogirdlariga «Yigitlar, bizga Chempionlar Ligasi kerak emas, bor e'tiborni Premer-Ligaga qaratamiz. Bugun «Bavariya»ga yutqazib beramiz», deyishi aqlga sig‘maydigan narsa. Top-klublar hech qachon yutqazish uchun maydonga tushishmaydi.

«Liverpul»ning zaxira imkoniyatlari katta bo‘lmasa ham, o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqada g‘oliblik uchun kurashishi aniq. Britaniyaning xalqaro maydondagi eng muvaffaqiyatli jamoasi Chempionlar Ligasidagi 6-sovrinni hech qanaqasiga qurbon qilmasa kerak.

«Bavariya» javob o‘yinini o‘z maydonida o‘tkazsa ham, bu bahsda favorit emas. Chunki, birinchi o‘yinda Niko Kovach shogirdlari deyarli hech qanday vaziyat yarata olishmadi. «Bavariya» Germaniyada yetakchilikni qaytarib olib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib olgan bo‘lishi mumkin, lekin yuqori pressingga asoslangan «Liverpul» qarshisida «Bavariya» kuchli ko‘rinmadi. Javob o‘yini ham katta ehtimol bilan «Liverpul»ning nazoratida o‘tadi.

Klopp «qasos o‘tida yonmoqda»
«Liverpul» o‘tgan yil Chempionlar Ligasi yarim finalida «Roma»ga qarshi o‘ynagandi. O‘sha o‘yindan oldin murabbiydan finalga chiqsa kim bilan o‘ynashni xohlashini so‘rashganda (ikkinchi yarimfinalda «Bavariya» va «Real» to‘qnash kelgandi) Klopp shunday javob bergandi: «Taqdir mendan nimani xohlaysan deb so‘rasa, yana bir marta Chempionlar Ligasi finalida «Bavariya» bilan o‘ynashni degan bo‘lardim». Klopp «Borussiya» Dortmundda ishlagan vaqtida, 2013 yilgi YeChL finalida «Bavariya»ga yutqazgandi. Shu sababli ushbu murabbiy «Bavariya»dan aynan Chempionlar Ligasida alamini olishni xohlaydi. Chunki Bundesligada murabbiy shundog‘am ko‘p marta «Bavariya»ning «kuragini yerga tekkizgan».

Bu qarama-qarshilikda «Liverpul»ga ko‘p e'tibor berib, «Bavariya» ham Yevropa grandlaridan ekanini unutish yaramaydi. Niko Kovach klub rahbariyatidan yetarlicha imkoniyat oldi. Jamoa Bundesligada uchlikdan ham tushib ketib, yetakchidan 10 ochkolab orqada qolganida ham, rahbariyat Kovachga ishonishini ma'lum qildi. Natijada, xorvatiyalik murabbiy chempionatda yetakchilikni qaytarib oldi. Biroq, «Bavariya»ni Germaniya chempioniga aylantirish bunday katta klub murabbiyi uchun katta natija hisoblanmaydi. Chunki, «Bavariya» qo‘pol qilib aytganda, murabbiysiz ham chempionatda g‘olib bo‘lishi mumkin. Kovach «Bavariya»ga bejizga kelmaganini aynan Chempionlar Ligasida isbotlashi kerak. Musobaqa favoritlaridan bo‘lgan o‘tgan yilgi finalchini yengish bu borada katta qadam bo‘ladi.

Jamoalar safidagi yo‘qotishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada «Bavariya»ning muammolari jiddiyroq. Robben jarohati sabab, Kimmix va Myuller diskvalifikatsiya sabab maydonga tusha olishmaydi.

«BARSeLONA» - «LION»

Messi Ronalduning chorloviga qanday javob beradi?
Bu o‘yinda «Barselona»ning imkoniyatlari yaxshiroq baholanmoqda. Kataloniyaliklar yaqqol favorit desak ham bo‘ladi. Birinchi o‘yinda «Lion» o‘z maydonida yaxshi qarshilik ko‘rsatgandi, ammo «Barsa» o‘z maydonida qanday o‘ynashini hamma biladi. Bilasizmi, «Barselona» 1/8 finalni eng oxirgilardan bo‘lib o‘tkazayotgani jamoa uchun foydali bo‘ldi. Chunki, «Real», «PSJ», «Atletiko» kabi jamoalar birinchi o‘yindagi ustunlikni boy berganini ko‘rgan kataloniyaliklar «Lion»ga qarshi o‘yinda ehtiyotkorlikni yanada oshirishadi. O‘tgan mavsumda «Barselona» yarimfinal ostonasida «Roma»ga qanday mag‘lub bo‘lganini eslasangiz kerak. O‘shanda «Barsa» aynan ehtiyotkorlik qilmagani sabab qoqilgandi. Bugungi o‘yinda Valverde shogirdlaridan birinchi navbatda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormaslikni talab qiladi.

Messi uchun chorlov
Ronaldu «Real»dan ketgan bo‘lishi mumkin, lekin uning Messi bilan raqobati tugab qolgani yo‘q. Masalan, kecha Krishtianu «Atletiko» darvozasiga uchta gol urib, madridliklarni musobaqadan chiqarib yubordi (odatda Ronaldu madridliklarni qutqarib qolardi). Bu gollardan so‘ng muxlislarda bir savol paydo bo‘lgani tabiiy: Messi bugun nechta gol urarkin? Ha, bu yigitlar bitta chempionatda o‘ynamay ham raqobatga kirishaveradi. «Lion»ga hurmatimizni saqlagan holda bugun o‘yinning asosiy intrigasi aynan Messining qanday o‘yin ko‘rsatishi ekanini ta'kidlashimiz kerak.

Biroq «Lion»ni ham kurashdan erta chiqarish to‘g‘ri emas. Fekir va Depay jamoadoshlari Fransiya chempionatida uchinchi o‘rinda borishmoqda. Jamoa Chempionlar Ligasi hududida qolishni deyarli uddalab bo‘lgan va hozir «Lion» faqat Chempionlar Ligasi haqida o‘ylamoqda. Olimpikda o‘tgan birinchi o‘yinda Tere, Traore va Auar kabi futbolchilar ham yaxshi taassurot qoldirishgandi. «Barselona», «Real» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarda mana shunday yangi porlagan yulduzlar o‘zini ko‘rsatishga intiladi. Qolaversa, «Lion» YeChLning joriy mavsumida hali biror marta ham mag‘lub bo‘lmadi - guruhdagi 6 o‘yindan 5tasida durang o‘ynab, bittasida g‘alaba qozongan - safarda «Siti» 2:1 hisobida mag‘lub etilgan.

«Barselona» bu o‘yinda juda yaxshi ruhiy ko‘tarinkilik bilan yetib keldi. Jamoa «Lion» bilan o‘tkazilgan birinchi o‘yindan so‘ng azaliy raqibi «Real»ni ikki martalab mag‘lub etdi. «Barselona» uchun bundan yaxshiroq adrenalin yo‘q, to‘g‘rimi? Jamoalar safida yo‘qotishlar ko‘p emas. «Barselona» safida Usmon Dembelening maydonga tusha olmasligi kataloniyaliklar uchun kichik muammo tug‘dirishi mumkin, xolos.

1/8 final. Birinchi o‘yinlar

12 fevral, seshanba

«Roma» – «Portu» 2:1

«Manchester Yunayted» – «PSJ» 0:2

13 fevral, chorshanba

«Tottenhem» – «Borussiya» D 3:0

«Ayaks» – «Real» 1:2

19 fevral, seshanba

«Lion» – «Barselona» 0:0

«Liverpul» – «Bavariya» 0:0

20 fevral, chorshanba

«Atletiko» – «Yuventus» 2:0

«Shalke» – «Manchester Siti» 2:3

Javob o‘yinlari

5 mart, seshanba

«Borussiya» D – «Tottenhem» 1:0

«Real» – «Ayaks» 1:4

6 mart, chorshanba

«PSJ» – «Manchester Yunayted» 1:3

«Portu» – «Roma» 3:1

12 mart, seshanba

«Yuventus» – «Atletiko» 3:0

«Manchester Siti» – «Shalke» 7:0

13 mart, chorshanba

«Barselona» – «Lion»

«Bavariya» – «Liverpul»

 

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top