20:32 / 13.03.2019
5631

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi o‘zbekistonlik litsey o‘quvchilariga ochiq dars o‘tdi

Bugun, 13 mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti akademik litseyi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda elchi tomonidan akademik litseyning maxsus fan sifatida xitoy tilini o‘rganayotgan o‘quvchilari uchun «Xitoy va O‘zbekiston madaniyatlari mushtarakligi» mavzusida ochiq dars tashkil qilindi. Shuningdek, uchrashuvda Tszyan Yan o‘quvchilarga chet tillarni o‘rganish va uning ahamiyati borasida o‘z tavsiyalarini berdi.

«Bugungi kunda akademik litseyda ingliz, koreys, xitoy va arab tillari maxsus til sifatida o‘qitiladi. Biror bir chet tilini mukammal o‘rganish uchun o‘sha til muhitini his qilish zarur omil hisoblanadi. Shu boisdan, chet ellik nufuzli mehmonlar va pedagoglarni ochiq darslarimizga tez-tez jalb qilamiz. Tszyan Yan xonimning bugungi tashrifi ham litseyimiz jamoasining taklifi asosida amalga oshdi», - deydi ta'lim muassasasi direktori Farida Nazarova.

Elchi xonim tomonidan o‘tilgan ochiq dars va ikki tomonlama savol-javob litsey o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, o‘quvchilar savol-javoblarda faol ishtirok etib, xitoy tili va madaniyati bo‘yicha puxta bilimga ega ekanliklarini isbotlashdi. O‘z o‘rnida elchi xonim ham o‘zbek san'ati va madaniyatini chuqur hurmat qilishi, o‘zbek romanchiligi durdonalari hisoblangan «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» va boshqa asarlarni bir necha bora mutolaa qilganini ta'kidlab o‘tdi. 

E'tiborlisi, elchi xonim va litsey o‘quvchilari birgalikda O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini kuylashdi. 

Tszyan Yan litsey o‘quvchilari bilan o‘tgan uchrashuvda Xitoyda oliy ta'lim olish imkoniyatini beruvchi grant tanlovining dastlabki g‘oliblarini ham e'lon qildi. Unga ko‘ra, grant tanlovida ishtirok etgan va Xitoyda tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yoshlarning ikki nafari aynan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti akademik litseyi o‘quvchilari Shahriniso Ibraximjanova va Muxtasar Rustamova ekanligi aniq bo‘ldi.

Elchi Tszyan Yan uchrashuv yakunida xitoy tilini o‘rganish bo‘yicha bir qancha qo‘llanma va adabiyotlarni litsey kutubxonasi uchun sovg‘a sifatida taqdim qildi.

Top