21:10 / 15.03.2019
15274

G‘arb davlatlari Suriyani tiklashda yordam berishdan bosh tortdi

AQSh, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Suriyadagi vaziyatni “haqiqiy siyosiy tartibga solish” boshlanmaguncha, ushbu davlatni tiklashda ishtirok etmoqchi emas. Bu haqda ushbu davlatlarning qo‘shma bayonotida aytilgan.
  
“Biz shuni aniq aytamizki, ishonchga loyiq, atroflicha va haqiqiy siyosiy jarayon boshlanmaguncha, Suriyani tiklash maqsadida biror-bir yordam taqdim qilish masalasini ko‘rib chiqmaymiz”, deyilgan bayonotda.

Hujjatda aytilishicha, bu davlatlar Suriya ixtilofi vaqtidagi jinoyatlarda aybdorlarni javobgarlikka tortishga erishmoqchi.

“Rossiya va Suriya qochqinlarning uylariga xavfsiz qaytishlari huquqlarini hurmat qilishi, mamlakatni tiklash va vaziyatni normallashtirish uchun barcha sharoitlar bordek ko‘rinishni to‘xtatishi lozim va biz bu davlatlarni tinchlikka olib kela oladigan muzokaralarga jiddiy yondashishga chaqiramiz”, deyilgan bayonotda. 

Bayonot mualliflarining fikricha, Suriya hukumati va uning tarafdorlari “butun dunyoni ixtilof tugaganiga va hayot o‘z maromiga qaytganiga ishontirmoqchi bo‘lmoqda”, biroq haqiqatda “Suriya xalqining tuzum tomonidan ezilishi tugamagan”. 

Suriya prezidenti Bashar Asad 2018 yilda mamlakatni tiklash bo‘yicha loyihalarga Yevropa va AQShni jalb qilmasligini aytgan. Asad ta'kidlaganidek, mamlakat faqat o‘zigagina, qiyin vaziyatlarda esa do‘stlarigagina ishonadi.  

Top