21:40 / 18.03.2019
20019

Tez yordam xizmati xodimlarini tahqirlagan zo‘ravonlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Jo‘sh tez tibbiy yordam shoxobchasi shifokori va tez tibbiy yordam haydovchisiga zo‘ravonlik qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Kun.uz’ga Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Tergov boshqarmasi ma'lumot berdi.

«Aniqlanishicha, 2019 yil 7 mart kuni soat 22:00da Jo‘sh tez tibbiy yordam shoxobchasi shifokori, 1993 yilda tug‘ilgan M.K. va tez tibbiy yordam avtomashinasi haydovchisi, 1988 yilda tug‘ilgan Sh.P. Yuqori Jo‘sh mahallasida yashovchi R.O.ning yashash uyiga unga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun borgan. Shifokor M.K. unga R.O. bergan vaksinani uning vena tomiriga yubormagan, bunga vakolati yo‘qligini aytgach, mast holatda bo‘lgan R.O. hamda uning qo‘shnisi va qarindoshi bo‘lgan T.O. shifokor M.K. va haydovchi Sh.P.ning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitib, ularni haqorat qilib, urib, tan jarohati yetkazishgan. Bundan tashqari dori-darmon qutisini tortib olib, baribir qaytib kelishini aytib, uyiga olib kirib ketishgan. M.K. va Sh.P. yetkazilgan jarohatlardan davolanish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Ushbu holat yuzasidan 15 mart kuni Qo‘shrabot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan R.O. va T.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 140-moddasi 3-qismi «a» bandi («Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, saytda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Jo‘sh tez tibbiy yordam shoxobchasi shifokori va tez tibbiy yordam haydovchisining zo‘ravonlikka duchor bo‘lgani haqida hikoya qilingan «Qo‘shrabotda «tez yordam» shifokori va haydovchisini mast «bemor» va uning yaqini kaltakladi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham Qo‘shrabotdagi voqealarga o‘xshash holatlar yuzasidan bosh prokurorga murojaat qilib, huquq-tartibot organlari ushbu vaziyat yuzasidan tegishli choralar ko‘rishini so‘ragandi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top