09:17 / 18.03.2019
10159

Tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy hamda Rossiyaga eksport qilinmoqda

Foto: AFP

2019 yil yanvar-fevral oyida eksport hajmi 3,03 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 20,4%) teng bo‘ldi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qilmoqda.

Eksport tarkibida tovarlar 86,6% ulushga ega bo‘lib, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (16,0%), to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari (7,5%), oziq-ovqat mahsulotlari (4,2%), shuningdek, qora metallar va undan tayyorlangan buyumlar (1,4%), rangli metallar va undan tayyorlangan buyumlar (4,6%) guruhlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Oltin hajmini hisobga olmagan holda, jami tovar va xizmatlar eksporti 1,80 mlrd dollarni tashkil etib, 45,3%ga o‘sdi. 

Tovar va xizmatlar eksporti dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-fevral oyi mobaynida eksport qilingan tovarlar hajmi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 500,9 mln dollarga ko‘p eksport qilindi va 2,62 mlrd dollarni tashkil etdi. Xizmatlar eksporti esa 407,3 mln dollarga yetgan. 

Eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa umumiy eksport hajmining 29,1%ini tashkil qiladi. Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinayotgan tovarlar tarkibiga nazar tashlansa, asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar hamda oziq-ovqat mahsulotlari guruhlaridan iborat ekanligini ko‘rish mumkin. 

Xizmatlar eksporti hajmi 407,3 mln dollarni yoki jami eksport hajmining 13,4%ini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3%ga o‘sganligi kuzatildi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi turizm xizmatlari, transport xizmatlari, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari hamda moliyaviy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

2019 yilning yanvar-fevral oyida jami 175,3 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari 86,4 mln dollarga eksport qilindi (o‘sish sur'ati - 87,3%). Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport tarkibiga qaralsa, 2019 yilning yanvar-fevral oyida 135,4 ming tonna sabzavotlar 44,6 mln dollarga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71,8 ming tonnaga ko‘p miqdorda eksport qilingan. 

Bundan oldin, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid
Top