15:28 / 20.03.2019
11822

Ektor Kuper: «Jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish – juda yaxshi g‘oya»

Bugun, 20 mart kuni Nanning shahridagi «Guangxi Spors Centre» stadionida «China Cup-2019» musobaqasi oldidan matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va hujumchi Eldor Shomurodov qatnashdi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

«Bu yerda bo‘lib turganimdan xursandman. «Shina Cup» – juda yaxshi musobaqa. Unda kuchli jamoalar ishtirok etishadi. Ularga qarshi o‘ynash biz uchun foydali bo‘lishi shubhasiz. Biz mazkur musobaqa orqali Jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu musobaqaga tayyorlanish uchun ko‘p vaqt bo‘lmadi. Kecha keldik. Hozircha bitta mashg‘ulot o‘tkazdik. Shunga qaramay, musobaqa davomida o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Osiyo Kubogi bilan solishtirganda bizning tarkibimizda katta o‘zgarishlar yo‘q. Deyarli o‘sha tarkib bilan Xitoyga tashrif buyurdik. «China Cup» musobaqasida Osiyo Kubogidagi kabi o‘yin namoyish qilishga harakat qilamiz. Har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Men Xitoyga birinchi bor kelishim. Avval bu mamlakatda bo‘lmaganman. Shu sababli jamoam bilan yorqin o‘yin namoyish qilishga harakat qilamiz. Ammo biz uchun eng muhimi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Mazkur musobaqalarga o‘xshash turnirlar orqali mundial saralashiga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Fabio Kannavaro ayni paytda Xitoy terma jamoasini boshqarib borayotganini bilaman. U 15 yil oldin Milanning «Inter» tarkibida o‘ynagandi. U juda yaxshi futbolchi. Tartibli o‘yin namoyish qilardi. U murabbiy sifatida ancha tajriba to‘plagani aniq. Futbolchilardan ham tartib intizomga amal qilishni talab qilishi tabiiy. Men Kannavaroga murabbiylik faoliyatida omad tilayman.

U buyuk murabbiy bo‘lib yetishishiga ishonaman. Unda buning uchun barcha jihatlar mavjud. Agar maydonda murabbiy sifatida uchrashadigan bo‘lsak, men Kannavaroni mag‘lubiyatga uchratishga harakat qilaman.

Jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish – juda yaxshi g‘oya. Bu faqat O‘zbekiston yoki Xitoy uchun emas, Osiyodagi barcha terma jamoalar uchun juda yaxshi imkoniyat. Men bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayman. Bu holat butun dunyoda futbol rivojiga hissa qo‘shishi aniq», - dedi Kuper.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Eldor Shomurodov esa turnir oldidan o‘z fikrlarini quyidagicha ifodalagan: «Bizni Xitoyda juda yaxshi kutib olishdi. Buning uchun tashkilotchilarga katta rahmat. Nanning yangi shahar ekan. Juda chiroyli. Shahar menga yoqdi, menda yaxshi taassurot qoldirdi».

Eslatib o‘tamiz, musobaqa ertaga start oladi. Uning taqvimi quyidagicha:

Yarim final
21 mart, 16:35. Xitoy – Tailand
22 mart, 16:35. O‘zbekiston – Urugvay

25 mart
12:30. Uchinchi o‘rin uchun bahs
16:35. Final

Barcha uchrashuvlar Nanning shahrida bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar boshlanishi Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.

Foto: O‘FA matbuot xizmati
Top