09:15 / 20.03.2019
59238

Qozog‘istonda Nazarboyevning iste'fosidan keyin dollar atrofida ajiotaj boshlandi. Milliy bank aholini tinchlantirdi 

Foto: Piroschka Van De Wouw / Reuters

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni iste'foga chiqishini e'lon qilgandan keyin mamlakatda dollar ommaviy ravishda xarid qilina boshlandi.  

Ma'lum qilinishicha, Qozog‘istondagi valuta ayirboshlash shoxobchalarida dollar kursi keskin ko‘tarilib ketgan. Ba'zi shoxobchalarda ajiotaj sababli dollar tugab qolgan.  

“2 soat oldin hamma dollar tugadi. Nazarboyev ketishi e'lon qilingandan keyin ajiotaj boshlandi, barcha dollarni xarid qilib bo‘lishdi”, deb ma'lum qilingan Ostonadagi shoxobchalardan birida. 

Mahalliy vaqt bilan soat 21:30da dollar 378,5 tangadan sotilgan bo‘lsa, 22:00 kelib uning kursi 385 tangagacha ko‘tarilib ketgan.

Shu munosabat bilan Qozog‘iston milliy bankining moliyaviy xizmatlar iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish va tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Terentev Facebook’dagi sahifasida aholini tinchlanishga chaqirgan.

“Qozog‘iston milliy banki shuni ma'lum qiladiki, valuta bozoridagi vaziyat barqaror va tanga kursini asossiz pasaytirishga asos yo‘q. Milliy bank va ikkinchi darajali banklar aholi va tashkilotlar talabini ta'minlash uchun yetarlicha hajmda naqd valutaga ega. Milliy bank tanganing birja kursini qo‘llab-quvvatlash va ehtimoliy qisqa muddatli barqarorsizlikni silliqlash uchun barcha zarur choralarni ta'minlashga tayyor. Tanganing joriy kursi barqaror va milliy bank ishtirokisiz shakllanmoqda. Tanga kursi barqarorligiga ichki va tashqi iqtisodiy omillar ham ta'sir ko‘rsatadi. Ayni vaqtda naqd valuta bozorida xavotir va ajiotaj uchun hech qanday sabab yo‘q. Milliy bank valuta ayirboshlash shoxobchalaridagi vaziyatni nazorat qilmoqda. Valuta ayirboshlashda kursning ataylab oshirilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda tezkor choralar ko‘rilishi uchun milliy bank filiallariga murojaat qilishni tavsiya qilamiz”, deb aytilgan xabarda.

Mavzuga oid
Top