15:28 / 22.03.2019
20230

Angliya terma jamoasi sobiq futbolchisi qamoqdan chiqdi. Unga ozodlikda g‘ayrioddiy shart qo‘yilgan

Foto: Getty Images

Angliya terma jamoasi hamda «Manchester Siti» klubining sobiq futbolchisi Adam Jonson ozodlikka chiqarildi. U 2015 yilda voyaga yetmagan qizning boshini aylantirgani uchun 6 yilga qamalgan va keyinroq jazo muddati 3 yilga qisqartirilgandi.

22 martga o‘tar kechasi Adamning otasiga tegishli bo‘lgan qora furgon qamoqxonadan chiqayotganda payqalgan. Ma'lum bo‘lishicha, Jonson ozodlikka chiqarilgan. Futbolchi o‘ziga belgilangan qamoq jazosini to‘liq o‘tadi.

Jonson ozodlikka chiqqach, unga g‘ayrioddiy shart qo‘yilgan. Futbolchi endi o‘zining voyaga yetmagan qizini yolg‘iz ko‘ra olmaydi. U qizi bilan ko‘rishganda albatta oldida yana kimdir bo‘lishi kerak. Jonson 2015 yilda 15 yoshli voyaga yetmagan qizning boshini aylantirganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan va aybi isbotlangandi. O‘sha vaqtda Jonson «Sanderlend»da o‘ynardi.

Faoliyati davomida «Midlsbro», «Lids», «Uotford», «Manchester Siti» kabi jamoalarda ham o‘ynagan Jonson «Shaharliklar» safida Angliya chempioni bo‘lgan va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. 31 yoshli futbolchi Angliya terma jamoasi safida ham 12 ta o‘yinda qatnashib ulgurgan.

Mavzuga oid
Top