08:40 / 23.03.2019
34461

Jahongir Ortiqxo‘jayev «Suzuk ota», «Eshonguzar» va «Kamolon» mahallalaridagi vaziyat bo‘yicha deputatlik so‘roviga javob qaytardi

Joriy yilning yanvarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Samatov Shayxontohur tumanidagi «Kattahovuz», «Suzuk ota», «Eshonguzar», «Yangi Kamolon», «Kamolon» mahallalarida bo‘lib, holatni o‘rgangandi.

O‘zbekiston «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, deputat o‘z tashrifida mahalliy aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘rnatgan, uchrashuvlarda qator murojaatlar yechimiga e'tibor qaratilgan edi.

Mazkur hududda ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritish maqsadida deputat 26 fevral kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga deputatlik so‘rovini yuborgandi. So‘rovda aksariyat mahalla fuqarolari yig‘inlari o‘z binosiga ega emasligi, hududda maktabgacha ta'lim muassasasiga zarurat borligi, ichki yo‘llar, simyog‘ochlar, tungi chiroqlar nosoz holatdaligi, aholida gaz tarmog‘i, elektr simlari, kanalizatsiya masalalarida muammolar borligi bayon qilingandi.

Biroz avvalroq partiya matbuot xizmati deputat Ulug‘bek Samatovning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yuborgan deputatlik so‘rovi javobsiz qolayotgani haqida material e'lon qilgandi.

Endi ma'lum bo‘lishicha, shu kunlarda Jahongir Ortiqxo‘jayev deputatlik so‘roviga javob xati yuborgan.

Unda «Yangi Kamolon» va «Kamolon» MFYda mahalla markazi, savdo va maishiy shaxobchalar tashkil etilishi, «Suzuk ota» mahallasining qolgan ichki yo‘llarini asfaltlash ishlari 2019 yilning oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgani ko‘rsatilgan.

Hududdagi «Kattabog‘» mahallasida maktabgacha ta'lim muassassasi ochish lozimligi borasidagi murojaatga, hozirda Toshkent shahri bo‘yicha ehtiyoj bor tumanlarda davlat yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida MTMlarini tashkil etish yuzasidan ishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida axborot berilgan.

Shuningdek, «Kattabog‘» mahallasidagi Kattabog‘, Atirgul va Samarqand Darvoza ko‘chalariga oqova suv tarmog‘ini qurib, shahar oqova suv tarmog‘iga ulash ishlarini Toshkent shahar bosh rejasi tasdiqlangandan so‘ng amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekanligi keltirilgan. Ushbu reja konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘iga asosan, joriy yilning 20 may kuniga qadar ishlab chiqilishi belgilangani ma'lum qilingan.

Shu bilan birga, deputatlik so‘rovida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish Toshkent shahar hokimligi nazoratidaligi bildirilgan.

Top