13:14 / 25.03.2019
53017

Toshkentdagi topilmalar bo‘yicha suhbat. Olimlar bahosi va Bosh prokuratura ma'lumotiga munosabat

Joriy yil avvalida Kun.uz saytida Toshkent shahrida qadimiy xazina topilgani haqida xabar qilingandi. XIX asrda qurilgan imoratlardan birining yashirin yerto‘lasida qidiruv ishlari davomida topilgan xazina 80 yillar muqaddam yo‘qolgani, uning hozirgi qiymati 1 million dollardan ortiqligi aytilgandi.

Keyinroq, xazina topilgani haqida birinchi bo‘lib ma'lumot bergan O‘zMUning kimyo fakulteti 4-kurs talabasi Muhammadbobur Yusupov xazinaning topilishi tarixi va izlanishlar davomida yana qadimgi buyumlar topilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Muhammadbobur Yusupov

Bosh prokuratura esa bu xazina bo‘yicha bergan ma'lumotida aslida hech qanday xazina topilmaganini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, keltirilgan topilmalarning aksariyati XIX asrga mansub bo‘lib, ularning deyarli barchasi O‘zbekiston Milliy universitetining muzeyi xodimi Muhammadbobur Yusupov tomonidan so‘nggi 2-3 yil davomida universitetdagi professor olimlardan muzey uchun olingan, ushbu ashyolarda ularning universitetga tegishliligini tasdiqlovchi muhrlar mavjudligi, xabarlarda aytilgan 8 kg oltin esa aslida mavjud emasligi aniqlangan.

Kun.uz muxbiri shunday topilmalar bo‘yicha ma'lumotga ega malakali mutaxassislar bilan suhbat uyushtirdi. Qatag‘on qurbonlari muzeyi va Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyidagi tajribali olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sirojiddin Ahmad savollarga javob qaytardi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Topilgan buyumlarning asllik darajasi va tarixiy ahamiyati haqida nima deya olasiz?

─ Muhammadbobur Yusupov olib borayotgan ishlar ilmiy jihatdan nihoyatda katta ahamiyatga ega. O‘z izlanishlarida shu kungacha o‘rganilmay qolib ketgan yoki davr taqazosi bilan tarix sahifasidan nomlari unutilgan shaxslar faoliyatini o‘rganish masalasida ham katta ishlar amalga oshirildi.

Sirojiddin Ahmad

Bulardan hammaga ma'lum va mashhuri Aleksandr Eduardovich Shmidt, Semyonov yoki birinchi o‘zbek agronom olimi Abduvahhob Murodiyning faoliyatiga bir nazar tashlasak yetarli. Bajarilgan ishlar qanchalik muhim va tarixiy-ilmiy nuqtai-nazardan qanchalik katta ahamiyatga egaligini his etamiz. Hozir ko‘p tafsilotlar haqida aytmay, birgina faktga e'tiborni tortaman. Milliy universitetning Biologiya fakultetida dars bergan milliy kadrlardan biri Abduvahhob Murodiy hisoblanadi. U 1927 yilda Germaniyadagi qishloq xo‘jaligi akademiyasini bitirib kelgan. Bu inson akademik Shreyder qo‘l ostida ishlagan. Paxta seleksiyasi bilan shug‘ullangan. Nafaqat, paxta seleksiyasi bilan, balki o‘sha davrdagi mavjud siyosiy tuzumning tazyiqi bilan amalga oshirilgan jamoa xo‘jaligini tashkil qilishda o‘ziga xos usul qo‘llagan. Kimsasiz, milliy kadrlar yo‘q, qurol-aslaha yo‘q, juda ham qoloq sharoitda jamoa xo‘jaligini tashkil qila olgan.

Qatag‘on qurbonlari muzeyiga topshirilgan mikroskop atoqli olim Abdurahmon Murodiyning o‘z qo‘li bilan foydalangan mikroskopidir. Bu mikroskopda u paxta seleksiyasiga oid bo‘lgan kimyoviy tahlillarni va tuproqshunoslik bo‘yicha tahlillarni o‘rgangan. Mana shu kichkina misolning o‘zi ham qilingan ishlar tarixiy, ilmiy va siyosiy jihatidan katta ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Bu buyumlarni inkor qilganlar kelib, ko‘rib tushuna olsalar edi, o‘zlarini o‘zlari inkor qilgan bo‘lar edi. Bunday ishlar uchun pokiza qalb, keng yurak, katta bilim va mardlik kerak, xolos. Bu topilmalar ilmning qadriga yetadigan, zarshunos odamlar foydalanadigan tarixiy ashyolardir. Bu topilmalarni biror o‘lchov bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Oltin-kumush tangalar namunalari

Muzeylarga qo‘yishga arzirli buyumlar bormi?

─ Albatta. Muzeyda hozir saqlanayotgan ossuariylar, ya'ni suyakdonlarni olaylik. Nihoyatda qadimgi topilma bu. Taxminan V asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu o‘tgan asrning 20-yillarida universitet muzeyiga yoki ilmiy-tadqiqot markaziga bekordan-bekorga borib qoladigan narsa emas. Shmidt, Semyonov va boshqa olimlar ongsiz, yengil tushunchaga ega insonlar emas. Ular dunyo miqyosidagi olimlar bo‘lishgan. Ular dunyo miqyosida ahamiyatga ega bo‘lgan buyumlar bilan shug‘ullanishgan. Buni hech qachon unutmaslik, inkor etmaslik lozim. Shu sababli, bu narsalar tarixiy nuqtai nazardan bebaho hisoblanadi.

Tanga va kitoblar haqida nima deysiz?

─ Bu buyumlarni bir so‘z bilan tushuntirish mumkin. Zar qadrini zargar biladi. Agar inson o‘z sohasining zargari bo‘lmasa, uning qadriga yetmaydi. Uning uchun oddiy narsa bo‘lib qolaveradi. O‘sha buyum bo‘ladimi yoki ashyo bo‘ladimi, hujjat bo‘ladimi yoki bir oddiy muhr bo‘ladimi buning farqiga borish kerak. Buning uchun katta bilim kerak. Agarda fors va arab tilidan bexabar bo‘lsa, u muhrga bosilgan so‘zlarni o‘qiy olmaydi. Masalan, Xudoyorxonning muhri o‘zgacha ko‘rinishda, bodomnusxa bo‘lgan. Muhammadalixonning (Nodirabegimning o‘g‘li) muhri ham o‘ziga xos bo‘lgan. Bular ilmiy jihatidan juda katta ahamiyatga ega. Ularning muhri bosilgan hujjatlarchi?! Bularni dunyoning istalgan sharqshunos olimlarining oldiga olib boring, ko‘ziga surtib qabul qilib oladi. Muhammadalixonning kichkina bir yorlig‘ini olaylik. Bu tarixiy jihatidan juda qimmatli topilma. Bu ishlarga O‘zbekistondagi haqiqiy bag‘rikeng, haqiqiy ilmiy insonlar ko‘mak berishi kerak. Ilmli odam ilmni hayotbaxsh vositaga aylantiradi.

XVIII-XIX asrlarda Rossiya imperatorining saroyidan keltirilgan, oltin bilan bezatilgan kitoblar

Bu kim uchundir qimmatli, kim uchundir oddiy buyum bo‘lib qolaveradimi?

─ Men sizga yana aytaman. Bu topilmalar mamlakatimiz tarixi uchun, millatimiz hayoti uchun nihoyatda qimmatbaho darajadagi ashyolardir. Buni inkor qilib bo‘lmaydi.

Ashyolar ichida qimmatbaholigi bo‘yicha darajasi qaysilarida balandroq?

─ Hamma narsada darajada bo‘ladi. Masalan, o‘sha ossuariylarni oladigan bo‘lsak, biror joydan topa olasizmi o‘shaning bitta parchasini? O‘shandagi yozuvning bir parchasini qancha odam o‘qiy olar ekan? Uni tor mutaxassislar o‘qiydi. Yetakchi mutaxassislar o‘qiy oladi. Oddiy odamga u oddiy chiziq bo‘lib ko‘rinaveradi. Zar qadrini zargar biladi. U avvalo zarshunos qo‘liga tushishi kerak. Shuning uchun, buni keng jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ayniqsa, ilmiy jamoatchilik. Milliy universitet rahbariyati bu narsaga juda katta e'tibor bilan qarashi kerak. O‘shanda bu umumxalq mulkiga aylanadi. Universitetning obro‘sini dunyo miqyosida ko‘taradigan maskanga aylanadi. Milliy madaniyatning taraqqiyotini xohlamaydigan, milliy madaniyatga nigilistik qarash bilan qaraydigan odamlarga hech narsaning qadri yo‘q.

Oltin mikroskop. XIX asr. Avstriya imperiyasi

Rasmiy xabarda topilmalar bahosi o‘rganilmoqda deyilgan. Balki, haqiqiy bahosi chiqib qolar?

─ Mana masalan, xodimning qo‘lida teplovoz bor. O‘tgan asrning 20-yillarida ishlangan, adashmasam. Hozir shuni biror zavodga olib borsangiz, shunaqa nusxadan bitta yaratib bering desangiz. Shuni yasab bera olishadimi?

Demak, bularni o‘rganadigan mutaxassislar borligi ham so‘roq ostidami?

─ Albatta. Chunki, bizda keyingi davrlarda mutaxassislarimiz tarqalib ketdi. Ko‘p sohalar bo‘yicha kamayib ketdi. Yoshi kattalar bu dunyodan o‘tib ketishdi. Yoshlarimiz kelyapti, lekin hali u darajaga chiqishga ancha vaqt bor. Bu ishlar shaxsiy obro‘-e'tibor uchun, manfaat uchun emas. Milliy universitetning boyligini dunyo miqyosida ko‘rsatib, mamlakatimiz obro‘-e'tiborini ko‘tarish, xolos. Tarixiy asarlarni o‘z xalqimizga yetkazish. Bu masala yaxshi tarafga o‘zgarishidan umidvormiz. Umid qilamizki, bir mutaxassis sifatida respublikamiz rahbariyati, universitet rahbariyati qadriga yetadi va yaxshi ishlarga yo‘l ochiladi.

Taniqli madaniyat xodimi bilan suhbatdan so‘ng, topilmalar orasidagi kitoblar va boshqa yozma hujjatlarning bahosi bo‘yicha manbashunos olim bilan uchrashdik. Bu topilmalardan bir qismini o‘rganayotgan adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Otabek Jo‘rayev bizga quyidagilarni ma'lum qildi.

Otabek Jo‘rayev

─ Yaqinda Toshkentdan topilgan nodir topilmalar xazina sifatida baholanyapti. Men bir matnshunos, manbashunos sifatida haqiqatan ham ushbu nodir topilmalarni millatimizning ma'naviyati, ajdodlarimizning merosini o‘rganishda juda muhim va qiymatli ekanligini alohida ta'kidlamoqchiman. Avvalambor, ushbu manbalar nimadan iborat? U yerda aniqlangan juda ko‘plab moddiy ashyolar bor. Mutaxassislik nuqtai-nazaridan faqatgina u yerdagi qo‘lyozmalar haqida ma'lumot berib o‘tsam. Bu qo‘lyozmalar XX asrning 20-40-yillari oralig‘ida professor Shmidt va Semyonov tomonidan yig‘ilgan. Ular nihoyatda mashhur va nuktadon olimlar bo‘lishgan. Ular ma'lum bir tizim asosida, ma'lum ilmiy yo‘nalish asosida tadqiqotlarning rejasi asosida ishlashgan. Bu hujjatlar va kitoblar nimalardan iborat? Avvalambor, u yerda xalqimizning tarixi, ma'naviyati va ilmiy merosiga oid juda ko‘plab nodir manbalarga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, u yerda Qur'oni karimning nodir nusxalari, Sahih Buxoriyning nodir nusxalari, tariximizga oid bo‘lgan manbalar, «Tarixi Roqimiy»ning eng mukammal nodir nusxalari, Alisher Navoiy Xamsasining hali fanga kiritilmagan noyob nusxasi, shuningdek, XVIII-XIX asrdagi o‘zbek davlatchilik tarixiga oid arxiv hujjatlarga duch keldik.

XV-XVI asrlar atrofidagi qimmatbaho kitob

Shmidt va Semyonov xonlik hujjatlarini yig‘ishga kirishgan. Masalan, qo‘limizda aynan o‘sha kolleksiyaga mansub hujjat bo‘lib, menga o‘rganib chiqish va bu haqida xulosa qilish uchun berilgan. Bular asliyatdir.

Qo‘limizdagi yana bir hujjat Qo‘qon xoni Muhammadalixonning (Madalixon) vaqf hujjati bo‘lib, xon muhri bilan tasdiqlagan. Bu yerda hujjat imzolangan vaqt ham ko‘rsatilgan, hijriy 1228 yili deb yozilgan. Yana bir hujjat esa Sheralixonning shunday bir madrasani vaqf qilib bergani haqida.  

Navbatdagi hujjat esa Buxoro amiri Nasrullo tomonidan taqdim etilgan vaqf hujjati bo‘lib, tasdiqlovchi muhri ham bor. Bu hujjatlar hammasi ham tarixiy, ham huquqiy tarixni o‘rganish, ham manbalarni o‘rganish nuqtai-nazaridan muhim. Nega? Avvalambor, vaqf hujjati degani, avvalgi asrlarda madrasalarda toliblarni o‘qitish qay yo‘sinda bo‘lgan, ularni moddiy rag‘batlantirishdan tortib to hozirgi til bilan aytganda stipendiyasi, mudarris va mutavallilarning moddiy ta'minoti manbai nima bo‘lganini vaqf hujjatlari isbotlaydi va ko‘rsatib turadi.

XII asrdan XVIII asrgacha bo‘lgan qo‘lyozma

Madrasaning faoliyati qay yo‘sinda bo‘lishi kerakligi ham ko‘pincha ta'kidlanadi. Demak, shu hujjatlarga ko‘ra, biz millatimiz tarixi, millatimizning ma'naviyati, xalqimizning o‘tmishdagi ziyoli qatlami darajasini ham, saviyasini ham o‘rganamiz. Hozirgi kundagi hujjatlarga ko‘ra, biz millatimiz tarixi, millatimizning ma'naviyati, xalqimizning o‘tmishdagi ziyoli qatlamning darajasi, ilmiy saviyasini ham o‘rganamiz. Ya'ni, hozirgi kundagi manbashunoslik ilmi faqatgina qo‘lyozmalarni o‘rganishning o‘zi bilangina cheklanib qolmaydi. Manbashunoslik jamiki ijtimoiy, hattoki aniq fanlarning asosidir. Chunki, matnning sahihini o‘rganmasdan, fanga taqdim etmasdan turib biz hech vaqt aniq ilmiy xulosalarga kela olmaymiz. Agar bu hujjatlar tarixchi olimlar, manbashunoslarning diqqat markazida bo‘lib, o‘zlarining tadqiqotlariga bu yerdagi masalalarni ham tortishsa, faqat boyiydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston tarixi ko‘pjildligini tayyorlash haqida ko‘rsatmalar bo‘lyapti. Hattoki, O‘zbekiston tarixi telekanali tashkil qilinmoqda.

Topilmalar haqida aytadigan bo‘lsak, men o‘zimdagi manbalarga tayanib bu topilmalarni haqiqatan xazina deyishim mumkin.

Topilmalar orasida Zangiotaning shajarasi keltirilgan manbalar ham bor deyildi. Shu gap rostmi?

─ Arxiv hujjatlari va vaqf hujjatlari orasida shajaralar bor. Shajaralar turli xil bo‘ladi. Masalan, nasab shajara, avlod shajara, irshod shajara. Irshod shajarasi bu tasavvufga taalluqli bo‘lib, ya'ni qaysi bir shayx qodiriya tariqatimi, naqshbandiya tariqatidami keyinchalik o‘zidan murid yetishtirish uchun o‘zidan avvalgi shayx yoki piri, peshvosidan hujjat, hozirgi til bilan aytganda diplom oladi. O‘sha payt tili bilan bu – irshod deyiladi. Ya'ni, rashid – to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun noma hisoblanadi. Shu irshod shajara deyiladi.

Avlod shajarasi – ma'lum mashhur odamlarning o‘z nasabi haqida bo‘lib, uzoq o‘tmishdagi shajarasi kimligini tasdiqlovchi hujjatdir. Bunda qozilarning muhri bo‘ladi. Masalan, shunday shajarani ko‘rdik. Unda Zangiotaning onasi, otasi, ajdodlari haqida ham ayrim qaydlar bor.

Bu topilmalar katta muzeylarni boyitishi mumkinmi?

─ Ushbu materiallar avvalo sinchiklab o‘rganilishi kerak. Ya'ni, buni mutaxassislarga manbashunos olimlarga, ulamolarga, keng olimlar muhokamasiga qo‘yish kerak. Munosib baho berilishi kerak. Shundagina masala oydinlashadi. Bunday ish uchun hech qaysi olim o‘z mehnatini ayamaydi, aksincha o‘z rag‘bati bilan yondashadi.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top