13:34 / 26.03.2019
42560

Shukurovga jiddiy jarohat yetkazgan xitoylik futbolchi aravacha bilan uni yo‘qlashga bordi

Foto: Sohu

Xitoy milliy jamoasi hujumchisi Vei Shixao 25 mart kuni O‘zbekistonga qarshi bahsda raqib yarimhimoyachisi Otabek Shukurovga nisbatan ishlatgan qo‘polligi uchun mahalliy matbuot va muxlislar g‘azabiga uchradi, deb yozadi South China Morning Post.

«China Cup» musobaqasining uchinchi o‘rni uchun bahs dushanba kuni Nanning shahrida bo‘lib o‘tgan, o‘yinning 37-daqiqasida to‘p bilan borayotgan Shukurovning ortidan Shixao uning boldiriga zarba bergan, natijada o‘zbekistonlik o‘yinchiga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilib, uning o‘rniga Odil Ahmedov maydonga tushirilgandi.

Vei Shixaoning o‘yindan keyingi intervyusida aytishicha, u buni ataylab qilmagan.

«Qasddan bunday qilganim yo‘q. Bu bor-yo‘g‘i o‘yin tempini pasaytirish uchun qilingan texnik qaror edi.

U jarohat olganmi-yo‘qmi, buni bilmayman. Futbolda jiddiy jismoniy to‘qnashuvlar tez-tez ro‘y berib turadi, shunday ekan jarohatlardan o‘zni asrash ham imkonsiz», – dedi u.

O‘sha vaziyatda hakam bilan tortishgan «Guanchjou Evergrand» futbolchisiga sariq kartochka ko‘rsatilgandi (u uchrashuv oxiriga qadar to‘liq o‘ynadi). Ammo, Xitoy OAVga ko‘ra, u o‘z klubi tomonidan jiddiyroq jazoga tortilishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, Shukurov shifoxonadan qaytgach, Vei uni ko‘rish uchun O‘zbekiston milliy jamoasi joylashgan mehmonxonaga borgan; o‘zi bilan aravacha va bir savat meva olib kelgan.

Foto: Weibo

«O‘yindan keyin raqib futbolchisining jarohati ancha jiddiyligini bildim. Astoydil afsusdaman.

Bu qoidabuzarlik bo‘lgandi. Men uning kasalxonaga olib borilishiga sababchi bo‘lishimni kutmagandim. Chin yurakdan kechirim so‘rayman. Futbolchi uchun oyoqlari juda muhim. Hech kim shikastlanishni xohlamaydi, ammo bizning kasbimiz shunaqa», – degan Vei.

Hongkongda xitoy tilida chop etiluvchi Oriental Daily News nashri 23 yoshli futbolchining bu harakatini «uyat» deb baholagan. Global Times gazetasi esa shunday deb yozadi: «Tailandga sharmandali tarzda mag‘lub bo‘lishgani Xitoy termasi a'zolariga bosim yuklagandi, lekin maydondagi bunday harakat – raqibga nisbatan hurmatsizlik, muxlislar esa bu kabi holatlarga toqat qila olishmaydi».

«Ruhiy holatini nazoratda ushlab turish har kim uchun muhim, ammo futbolchilar uchun bu mutlaqo shart bo‘lgan jihat. Sportchi adolatli, odobli va izzatli bo‘lishi kerak. Yuqori saviyada futbol o‘ynab kelayotgan professional futbolchi sifatida Veini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi», – deb munosabat bildirgan Global Times.

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida ba'zi foydalanuvchilar Vei Shixaoni o‘yindan keyin darhol raqibning holidan xabar olishga qiziqmaganlikda ayblashmoqda.

«Men «Evergrand»ning ashaddiy muxlisiman, lekin klub Vei Shixaoni jazolashini qo‘llab-quvvatlayman», – deb yozgan muxlislardan biri.

«Sening mahorating raqibnikidek zo‘r emas, lekin futbolkangdagi beshta yulduzli emblemani sharmanda qilma», – deydi boshqa bir foydalanuvchi.

Yana bir muxlis quyidagicha munosabat bildirgan: «Professional etika qoidalari qo‘pollik bilan buzilmoqda. U chetlatilishi kerak».

O‘zbekiston milliy jamoasi shifokori Abror Pirriyevning ma'lum qilishicha, 22 yoshli Otabekning o‘ng oyog‘i boldir suyagi pastidan singan va u gips qilingan.

«Ammo suyak joydan siljimagan. Bu juda muhim. Qolaversa, sinish ko‘ndalang emas. Bunday hollarda futbolchining jarohatdan tiklanishi osonroq bo‘ladi», – degan Pirriyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatda futbolchi yo operatsiya qilinishi kerak yoki oyoqning singan joyi fiksatsiya, ya'ni gips qilinib, davolanishi zarur. Operatsiya qilingan taqdirda, jarohatning bitishi tezroq bo‘ladi. Ammo Shukurov BAAning «Sharja» klubi a'zosi bo‘lganligi sababli bu holda klub shifokorlari bilan maslahatlashish zarurati tug‘ilgan.

«Ular Otabekning oyog‘ini gips qilgan holda, Dubayga olib borishni maslahat berishdi. Klub shifokorlari Dubayda futbolchini yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazishadi. Keyin davolanish bo‘yicha eng ma'qul variantni o‘zlari futbolchi bilan kelishgan holda amalga oshirishadi. Shu sababli Shukurovning oyog‘i gips qilindi», – deya ma'lum qildi Abror Pirriyev.

Shifokorning aytishicha, bunday jarohatlardan sog‘ayish uchun odatda ikki oy vaqt talab etiladi.

Ma'lumot uchun, Otabek Shukurov «Sharja»ning asosiy tarkib a'zosi sanaladi. U BAA chempionatida ortda qolgan 17ta turning barchasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan.

Sharjaliklar ayni paytda chempionat peshqadami bo‘lib turishibdi. Klub eng yaqin ta'qibchi, amaldagi chempion «Al-Ayn»dan 8 ochkoga ilgarilab ketgan. Jamoani juma kuni 3-o‘rindagi «Al-Jazira»ga qarshi bahs kutmoqda.

Mavzuga oid
Top