13:23 / 27.03.2019
17046

Yo ilm, yo o‘lim

His-tuyg‘ular insonni boshqaradi. Shubhalanyapsizmi? Lekin bu fikrni butkul inkor etishga ham asos yo‘q. Ta'm bilishni olaylik. Bola nega shirinliklarni xush ko‘radi? Sababi shirin ta'mga odatlangan. Axir, ona suti shirali-ku. Bir vaqtlar undan huzurlanganmiz. Shu bois hayot davomida xuddi shunday (yoki shunga yaqinroq) lazzatni topishga va tuyishga bot-bot intilamiz.

Endi barchamizni o‘z ichiga g‘arq etgulik darajada kengayib ketgan global media makon haqida gaplashsak. Dunyoda axborot Yer yuzidagi 8 milliard kishining kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan ham ko‘p. Turli ma'lumotlarni har daqiqada, har soniyada qabul qilamiz. Ba'zan tahlil qilib, ba'zan esa, shunchaki bir yamlab yutgan holda. Ammo istalgan axborotni qancha miqdorda emas, balki qanday iste'mol qilish ham muhim. Aks holda, foydadan ko‘ra ziyoni ko‘proq bo‘ladi.

Hozirgi axborot olamimiz tubsiz va sarhadsiz okeanga o‘xshaydi. Unda qancha illat, g‘urbat, bid'at, yolg‘on va tuhmatlar suzib yuribdi. Biroq barchasini ko‘rib ilg‘ashga, mag‘zini chaqib, asl mohiyatini tushunib yetishga ojizmiz. Bunday ojizlik nafaqat alohida bir shaxslar yoki guruhlar, balki butun boshli jamiyatlarga ham xos bo‘lib bormoqda.

Ochig‘i, yurtimiz yoshlarining axborotga munosabati va undan foydalanish madaniyati, hayotiy e'tiqodi, qarashlariyu qadriyatlarini tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib ko‘rilsa, bugun biz  ham ojiz jamiyatga aylanayotgandek tasavvur uyg‘onadi kishida. Balki, aslida ham shundaydir...

Keling, dastavval har bir shaxs ichki konstitutsiyasining o‘zagini tashkil qiluvchi hayotiy e'tiqod masalasiga to‘xtalaylik. E'tiqod va qadriyat aslida egiz tushunchalar. Ikkisi ham bolalikdan shakllanadi va umr bo‘yi insonga hamrohlik qiladi. Ularning bosh manbai esa, oiladagi tarbiyadir. 

Lekin tarbiya o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, o‘z holicha kechadigan jarayon emas. Unga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerak. Bunda ota-ona, avvalo, millatning ma'naviy oriyentirlariga murojaat qiladi (har holda, shunday bo‘lmog‘i durust demoqchimiz).

O‘zbek xalqi uchun ilmu ma'rifat hamisha va har vaqt eng muhim ma'naviy oriyentir bo‘lib kelgan. Yevropa hali mudrab yotgan zamonlarda olamshumul kashfiyotlari bilan butun dunyoni uyg‘ota olgan, falakiyotdan tortib tibbiyotgacha, huquq va geografiya, hatto hozir mislsiz darajada rivojlangan axborot texnologiyalari sohasining tamal toshini qo‘ygan o‘nlab buyuk ajdodlarimiz bolalikdan ilmu ma'rifatga intilgani, bilim olishni yuksak, yana bir bor qaytaramiz, yuksak (!) qadriyat deb hisoblagani uchungina daho bo‘lib yetishdi. Oradan necha asr o‘tib ham ularga bo‘lgan hurmat-e'tirof zarracha kamaygani yo‘q.

Ota-bobolarimizdan qolgan bebaho ilmiy meros hali-hanuz insoniyatni o‘ylashga, tahlil qilishga, yangiliklar yaratishga undab kelmoqda. Ushbu xazinaning duru marvaridlarini ko‘z qorachig‘idek avaylab, tafakkuriga jo aylagan jamiyatlar bundan faqat yutmoqda. Axir, ilmiy salohiyati yuksak mamlakatlar yengilmasdir. Ularni na taslim qilish, na qo‘lda qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatish mumkin.

Xo‘sh, o‘tmishi buyuk xalq bo‘laturib nega bugun biz, dunyo tan olgan Xorazmiy va ibn Sino avlodlari ilm-fanda orqada qoldik? Nega internetda g‘iybatlashish, bo‘lmag‘ur post va xabarlarni o‘qib, ularga munosabat bildirish, “Million”chilarning bachkana konsertlarini tomosha qilishga, bir so‘z bilan aytganda, o‘z saviyamizni tushirishga soatlab vaqt sarflaymiz-u, ammo yilda aqalli bir marotaba kutubxona yoki kitob do‘koni ostonasidan hatlamaymiz? Nega dang‘illama hovli-joy solishga oshiqamiz-u, biroq ehtiyojimizdan ortib qolayotgan mablag‘ni maktab kutubxonasiga xayriya qilgimiz kelmaydi? Nega o‘sha qasr-uylarda yigirmata televizor bor-u, ammo yigirmata kitob topilmaydi?!.

Oxiri ko‘rinmas yuqoridagi kabi og‘riqli savollarga uzil-kesil javob berish juda qiyin (ular hayotiy haqiqat asnosida vujudga kelayotganini anglash esa, undan-da og‘ir!). Faqat bir gap xayolda aylanaveradi — o‘zingdan so‘ra, o‘zbegim, o‘zingdan!

Fikrni mutolaa mavzusiga burganimiz bejiz emas. Sababi ayni paytda kitobxonlik jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasiga aylangan. Qanchalik andishali xalq bo‘lmaylik, bir haqiqatni ro‘y-rost aytishga to‘g‘ri keladi — bugun aksariyat yoshlar ma'naviy oriyentirlarsiz yashamoqda. Bunday tendensiya kun kelib millatning ko‘hna ildizlarini batamom quritib yuborishi tayin. Bunga esa, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!

— Yoshlarni yengil-yelpilikka ko‘niktirish, axloqsizlik, jirkanchlik va johillikni targ‘ib qilish, olijanob his-tuyg‘ular hamda go‘zallikka intilishiga imkon qoldirmaslik millatning o‘z-o‘zidan parokanda bo‘lishiga olib keladi, — deydi amaliyotchi psixolog Luqmon Kazakov.— Bu texnologiya bashariyatga qadimdan ma'lum. Yangi mingyillikka kelib u axborot urushining asosiy quroliga aylandi. Natijada global media makonda millionlab odamlarni yoppasiga ahmoqlashtirish jarayonini kuzatyapmiz.

Gollivudning jangari filmlarini olaylik. Ular ta'sirida bir necha avlod voyaga yetdi. Bunday kinoasarlar hozir ham kassabop. Auditoriyasi esa, asosan bolalar va o‘smirlar. Istalgan jangari filmda jismonan baquvvat, lekin sira yengilmas qahramon hammaning burnini qonatib yoki odamlarni beayov o‘ldirib yuradi. Ekranda hadeb vajohat va zo‘ravonlikni ko‘ravergach, yosh tomoshabin kuch ishlatishni qadriyat sifatida qabul qila boshlaydi. Deylik, nega bosh qahramon birovga pichoq suqdi, axir, bu yomon-ku, degan fikr uning xayolidan o‘tmaydi. Chunki aksariyat bolalar axborotni tahlil qilishga, voqea­hodisalarga tanqidiy munosabat bildirishga odatlanmagan. Aniqrog‘i, biz ularni shunday qilib tarbiyalay olmayapmiz. 

Bordi-yu, ota-ona farzandiga erta yoshdan kino va hayot boshqa-boshqa narsalar ekanini, birovga ozor yetkazish, urish yoki o‘ldirish jinoyat sanalishini hamda bu qilmishi uchun inson, albatta, jazolanishini tushuntirsa, bolada salbiy axborotga immunitet shakllanadi. Va kun kelib u sizga bunday filmlarni suratga olishdan maqsad nima, degan savolni berishi muqarrar.

Yana bir gap. Audiovizual vositalar orqali zo‘ravonlikni hadeb namoyish etaverish huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning ortishiga sabab bo‘ladi. Qonunlarga itoat etmaydigan odamlarni esa, yo‘ldan toydirish, aldash va adashtirish juda oson. Boshqacha aytganda, hozirgi media makondagi dezinformatsiya (yolg‘on va noxolis axborotlar oqimining kengayishi) ijtimoiy dezoriyentatsiya, ya'ni jamiyat uchun odatiy va normal tasavvurlarning izdan chiqishiga olib kelmoqda. Keyingi vaqtda yoshlarimiz fe'l-atvorida agressiya, johillik, suitsidal kayfiyat tobora yaqqol ko‘zga tashlanayotganini mana shu jihat bilan izohlash mumkin.

Ayanchlisi, saviyasizlik va bachkanalik nainki media makon, hatto san'atimizga ham singib boryapti.

Bir necha o‘n yilliklar avval G‘arbda g‘alati bir tendensiya vujudga kelgandi — san'atkorning mashhurlik darajasi iste'dodi bilan emas, balki tashqi qiyofasi yoki xatti-harakatidagi g‘ayritabiiylikdan kelib chiqib belgilangan. Aytaylik, qaysidir xonanda konsertda gitarasini sindirishi mumkin, birov qulog‘i yoki burnini teshib olgan, boshqasi badaniga tatuirovka chizdirgan va hokazo. Bu narsalar psixologik nuqtai nazardan anormal holat, ya'ni axloq me'yorlaridan og‘ish hisob­lanadi. Lekin hamma gap shundaki, o‘ziga erk bergan “san'atkor”lar ko‘paygani sayin omma va birinchi navbatda, yoshlar axloqsizlikni norma sifatida qabul qila boshlaydi. Muammo yana o‘sha-o‘sha — o‘zini muxlis deya atayotganlarda tahlil qilish, chuqur mushohada yuritishga ko‘nikma ham, istak ham yo‘q. Ularni musiqaning so‘zu ohangidan ko‘ra shovqin-suroni ko‘proq qiziqtiradi. Bugungi o‘zbek estradasini arzon-garov qo‘shiqlari bilan bulg‘ayotgan “xonanda”larning bozori nega bunchalik chaqqon ekanini endi anglayotgandirsiz.

— Nazarimda, zamonaviy dunyoga senzura kerak, — ta'kidlaydi L.Kazakov. — So‘z va ijod erkinligini bo‘g‘ish ma'nosida emas, balki san'at, adabiyot hamda qalb tarbiyasiga bevosita aloqador boshqa sohalarda axloqsizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun ham cheklash mexanizmini ishga solish zarur. Lekin ma'naviy qashshoqlikka qarshi kurashishda senzura faqat 30 foiz samara beradi. Qolgan 70 foizi sizda go‘zallik hissi nechog‘liq shakllangani bilan bog‘liq. Bunga esa, mutolaasiz erishish mumkin emas. Ilmning bosh manbai, shubhasiz, kitobdir.

Ilgari hayotimizda internet yo‘q edi. Telekanallar sanoqli bo‘lgan. Ko‘rsatuvlar ham. O‘shanda odamlar kitobni ko‘proq qo‘lga olardi. Bundan tashqari, dunyoqarashini kengaytirish, ma'naviyatini yuksaltirish maqsadida teatr va muzeylarga borgan. Mana shu yo‘sinda biz faqat axborot emas, balki bilim olishga intilardik.

Hozir axborot oqimini to‘xtatib bo‘lmaydi. Televideniye ko‘ngilochar kanallar bilan liq to‘la. Past saviyali musiqa, yumor, kino va multfilmlarga ko‘milib ketyapmiz. Oqimga qarshi suzish befoyda. Boshqacha yo‘l tutmoq zarur — o‘g‘il-qizlarni bog‘chadanoq mutolaaga qiziqtirib, yaxshi asarlarni tanlab o‘qishiga ko‘maklashsak, jamiyatni ko‘p illatlardan tozalagan bo‘lamiz.

6-7 yoshlarda bolada tasavvur ko‘nikmalari shakllanadi. Mazkur bosqichda unga axloq nimaligini tushuntirib borish lozim. 11-12 yosh insonning axborotni tahlil qilib, ma'nosini chaqishga harakat qiladigan payti. Mana shu jarayonda bola ko‘rayotgan filmi, eshitayotgan musiqasi yoki o‘qigan kitobini ota-onasi va ustozlari ishtirokida muhokama etsa, u asta-sekin tahliliy fikrlashga o‘rganadi.

Yoshlarga kitob o‘qitibgina millatni ma'naviy halokatdan asrash mumkinligini sotsiolog Komil Kalonov ham biz bilan suhbat davomida qayta-qayta ta'kidladi.

— Har o‘quv yili boshida auditoriyaga darsga kirgan talabalar shu kungacha nechta kitob o‘qigani bilan qiziqaman, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti sotsiologiya kafedrasi mudiri K.Kalonov. — Ishonasizmi, o‘nta kitob o‘qiganman, deganlari bir yoki ikkita topiladi, xolos. Mazkur holat biz, sotsiologlarda jamiyat kelajagi haqida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Xo‘sh, muammoning ildizi qayerda? Nahotki, hali ham o‘tish davridamiz?

— Kinoyangizni tushundim (istehzoli kuladi). O‘tish davri ko‘pi bilan uch yil davom etishi mumkin. Uch yil! Biz esa, o‘ttiz yildan buyon o‘tish davri, deb o‘zimizni ovutib yuribmiz. Yo‘q, o‘rtoq jurnalist, muammoning ildizlari boshqa yoqda.

Mening kuzatishlarim bo‘yicha biz jamiyat rivoji uchun muhim bo‘lgan jabhalar, avvalo, ta'lim sohasida vorisiylikni saqlab qololmadik. Yurtimizda birdaniga hamma narsadan voz kechish tamoyili asosida islohotlar olib borildi. Maktab ta'limini olaylik. Sotsiologiya fanining otasi, buyuk nemis olimi Maks Veber fanga “ideal byurokratiya” degan nazariyani kiritgan. U shu nomli asarida: “Byurokratiya ideal bo‘lishi kerak. Byurokratiya ideallikdan o‘tdimi, hamma narsani orqaga tortadi”, — deb yozadi. Bizda ikkinchi holat yuz berdi. Chunki o‘z vaqtida ideal byurokratiyani noto‘g‘ri talqin qildik. Natijada o‘qituvchi qog‘ozga ko‘mib qo‘yildi. darsni sifatli o‘tish emas, tekshiruvlardan “omon qolish” haqida o‘ylaydigan bo‘ldi.

To‘g‘ri, hozir ba'zi xatolar tushunib yetilgan. Lekin ularni tuzatishga ham ancha-muncha vaqt kerak.

Ikkinchi muammo, ongimizda parazitlik qilayotgan stereotiplar bilan bog‘liq. Bir misol keltiraman. “Ommaviy madaniyat” deya hamma yoqqa ayyuhannos solyapmiz. To‘g‘ri, bu bor narsa. Ammo negadir jamiyatimiz “ommaviy madaniyat” faqat g‘arbdan kirib keladi, deb o‘ylaydi. Mana shunday fikrlashning o‘zi stereotip. Televideniyemiz hind film va seriallarini ko‘rsatgani-ko‘rsatgan. vaholanki, ular ham ommaviy madaniyat!

Nega?

— E'tibor bering, hind kinolarining barchasi bir xil syujyet va yechimga ega. Film nima bilan yakunlanishini oldindan bilib turasiz. Inson baxt­li bo‘lishi kerak! Hind kinoijodkorlari bu g‘oyani tomoshabin ongiga tinimsiz singdirishga harakat qiladi. Sababi tushunarli. Hindistonda 1,5 milliard aholi bor. Shundan 400 millioni savodsiz va qashshoq. Tasavvur qilyapsizmi, 400 million-a! Bu AQShga o‘xshagan katta bir davlat yoki salkam butun Yevropa qit'asi degani. O‘sha savodsiz va qashshoq omma uchun faqat bitta obrazni yaratish mumkin. Bu — baxtli hayot obrazi. Bejiz emaski, hindlar o‘zini dunyodagi eng baxtiyor xalq, deb hisoblaydi. Boisi inson qanchalik nochor yashasa, o‘zini shunchalik baxtli his qiladi. Qanchalik boy va ilmli bo‘lsa, shunchalik baxsizdir. Chunki hamma narsaga aqli yetadi-da. Bunday odamlar ko‘ngil xotirjamligiga erishishi juda qiyin.

Unda nega hind filmlari va seriallari O‘zbekistonda sevib tomosha qilinadi? Biz qashshoq emas-ku!

— Biz ma'nan qashshoqlashyapmiz. hamma gap shunda. Aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar milliy qadriyatlarimizni o‘rganish o‘rniga o‘zga millatlar madaniyatiga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmoqda. Oqibatda ma'naviyat boy berilyapti. bu dahshatli narsa!

Nima qilish kerak?

— To‘g‘ri savol. Yoshlar mutolaaga qaytmaguncha hech narsa o‘zgarmaydi. Kitob o‘qimagan omma televizorga yopishadi. U yerda esa, sayoz film, serial va ko‘rsatuvlar namoyish etilmoqda. Saviyasiz media mahsulotlarni qayta-qayta iste'mol qilavergan inson, tabiiyki, ma'nan qashshoqlasha boshlaydi.

Meni qiynayotgan yana bitta og‘riqli masala bor: nega umumta'lim maktablarini har yili 650-700 ming nafar yigit-qiz tamomlaydi-yu, ammo ularning bor-yo‘g‘i 10 foiziga oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyati yaratilgan? Bu haqda yurtimiz sotsiologlari salkam o‘n yildan buyon bong urib kelmoqda. Axir, o‘qishni davom ettira olmagan 600 ming qorako‘z turmush tashvish­lariga o‘ralib, ilmdan yiroqlashishi tayin-ku.

Kutubxonalarimiz oziq-ovqat do‘konlaridek serob bo‘lsa ham mayli edi...

— Haq gap. Bolalik paytimda mahallalar hamda ko‘p qavatli uylar orasida ixchamgina kutubxonalar bo‘lardi. Hamma kirmasa ham, harqalay, qiroat zallari bo‘sh qolmasdi. Endi esa, o‘zimizni internetga urganmiz. Xo‘sh, nima naf ko‘ryapmiz bundan?! Hech qanaqa! Internetda safsata sotish evaziga bizda olomon psixologiyasi shakllanib bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda yuzaki gap-so‘zlardan nariga o‘tolmayapmiz. Jiddiy, fakt va dalillar asosida bahs-munozara yuritishni bilmaymiz. Chunki ilm yetarli emas.

Jamiyatda tirnoq tagidan kir qidirishdek bemaza illat paydo bo‘lgan. Ayb to‘qishga usta bo‘lib qoldik — talabalar o‘qituvchilarni savodsizlikda ayblaydi, ko‘chaga chiqsangiz, odamlar bir-birini do‘zaxiylikda ayblaydi... Millatni ma'naviy tanazzuldan qutqarishning yo‘li bitta — yoshlarda ilmni kuchaytirish zarur. boshqa yechim yo‘q!

Yoshlarimiz kitobxon bo‘lishini hamma xohlayapti. Lekin birgina istak bilan maqsadga erishish dargumon. Siz nimani taklif qilasiz?

— Amerikalik sotsiolog Deniyel Bell o‘zining “Postindustrial jamiyat” nomli asarida: “XXI asrda o‘qish-yozishni biladigan aqlli odamlar ko‘p bo‘ladi, lekin donishmand odamlar juda kam uchraydi”, — deb yozgan. Olimning bashorati to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Donishmand bu — kitob o‘qigan odam. Bil'aks, oddiy ko‘zoynak yoki bashang kiyim-bosh ham sizni aqlli qilib ko‘rsata oladi.

Savolingizga kelsak, men maktabdagi o‘qituvchimning tajribasini qo‘llashni taklif qilaman. Yozgi ta'tilda har bir o‘quvchiga yigirmata badiiy asarni o‘qishni majburiy qilib qo‘yish kerak. Lekin kitoblarni muallimning o‘zi saralab bersin. Shu tamoyilga so‘zsiz amal qilaylik, mana ko‘rasiz, farzand­larimiz kitobga umrbod mehr qo‘yadi.

Xuddi shunday oliy ta'limda ham. Yevropadagi aksariyat universitetlarning kafedra o‘qituvchilariga, avvalo, o‘z faniga oid yuzta tayanch manbani o‘qib chiqish topshiriladi. Aks holda, u dars berishga haqli emas. Nega biz shu ishni qilolmaymiz? Talaba oliygohni bitirguncha yuzta kitobni o‘qib chiqsin, bo‘ldi, yuz birinchisini o‘zi yozadi.

Nargiza UMAROVA

(Material Yoshlar media markazining

kichik grantlar tanlovi doirasida tayyorlandi)

Top