18:03 / 30.03.2019
8967

O‘zbekistonda kitob sovg‘a qilish aksiyasi: deputatlar ham faol qatnashmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning har kimning o‘z maktabi uchun kitob hadya qilish bo‘yicha bildirgan tashabbusi deputatlarning amaliy faoliyatida ham yangilik bo‘ldi, deyish mumkin.

Oliy Majlis deputatlari joylardagi uchrashuvlari davomida ta'lim muassasalarida bo‘lib, kutubxonalarning fondlariga kitoblar hadya qilishmoqda.

Aytish mumkinki, deputatlarning kitob hadya qilish bo‘yicha aksiya startini Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshlab berdi. Spiker shaxsiy kutubxonasidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi o‘zi tahsil olgan 28-umumta'lim maktabi  kutubxonasiga zamonaviy badiiy adabiyotlar to‘plamini hadya qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib #Deputatdan_kitob_hadya xeshtegi yoki individuallik asosida deputatlarning joylarda maktablarga kitob hadya qilish jarayoni qizg‘in ketayotganligini ko‘rish mumkin. Masalan, deputat Akmal Umaraliyevning sahifasida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktablarga hadya qilingan kitoblar haqida ma'lumot joylangan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Namangan viloyatidan saylangan Ibrohim Hojiyev, Toshkent shahridan deputat Muxtabar Xusanova, Xorazmdan deputat Inoyat Xajiyevlar ham o‘z sahifalari orqali tahsil olgan maktablariga kitoblar hadya qilayotganligini ko‘rish mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, parlament huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Rahimjon Hakimov Namangan viloyati Chust shahridagi o‘zi ta'lim olgan 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi va 7-davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktab- internatiga tashrif buyurib, maktablarning kutubxonalariga o‘z shaxsiy kutubxonasidan o‘quvchilarning yoshini inobatga olgan holda o‘zbek va jahon adabiyotining eng nodir asarlarini sovg‘a qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘tayev ham o‘z sahifasida quyidagi satrlarni joylashtirgan: “Bu safargi uchrashuvlarimiz mazmuni ayniqsa yana bir yangilik bilan boyidi. Ya'ni, o‘zim o‘qigan maktab — Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumanidagi 14-sonli maktab kutubxonasiga shaxsiy javonimdan kitoblar ulashdim.

Shuningdek, deputat Jamshid Pirmatov Qarshi shahridagi 3-umumta'lim maktabiga, deputat Rasul Kusherbayev Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi maktablarga kitoblar hadya qilishayotganliklarini ma'lum qilganlar. 

Mavzuga oid
Top