23:15 / 04.04.2019
16267

Festivalga tayyorgarlik: Sahna oldida vazir va barcha viloyatlar paviloni

Foto: KUN.UZ

YuNeSKO shafeligi ostida Surxon vohasi, Termiz shahrida o‘tkazilayotgan birinchi Xalqaro baxshichilik san'ati festivalida 20ta davlatdan 57 nafar ijrochi, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Afg‘oniston, Turkiya, Tojikiston va Quvayt va boshqa davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etish kutilmoqda. 

4 aprel kuni festival oldidan so‘nggi tayyorgarlik mashqi o‘tkazildi, barcha viloyatlar pavilonlari tashkil etilgan. Hududlar milliy urf-an'analari, baxshichilik san'ati ochiq osmon ostida tashkil etilgan maydonda qad rostlagan sahnalarda namoyish etilishi kutilmoqda. Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi kutilmoqda.

80dan ortiq davlatlardan 300ga yaqin ishtirokchilar saralash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 

Saralash komissiyasi xulosasiga asosan: 

  • 20 ta davlatdan 57 nafar ijrochi;
  • 12 ta davlatdan 25 nafar konferensiya ishtirokchilari;
  • 41 ta davlatdan 43 nafar mehmon;
  • 20 davlatdan 29 nafar ommaviy axborot vositasi xodimlarining taklif etilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Madaniyat vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, haykalcha va pul mukofoti— Gran-Pri 7 000, 1-o‘ringa (har bir yo‘nalish bo‘yicha: yakkaxon va jamoa) 5 000, 2-o‘ringa (har bir yo‘nalish bo‘yicha: yakkaxon va jamoa) 3 500, 3-o‘ringa (har bir yo‘nalish bo‘yicha: yakkaxon va jamoa) 2 500 AQSh dollari miqdorida mukofot beriladi. 

Ijrochilar «Eng yosh baxshichilik san'ati ishtirokchisi», «Muxlislar e'tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi», «Eng yaxshi cholg‘u ijrochisi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham pul mukofotlari va maxsus diplomlar bilan taqdirlanishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, ushbu festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 1 noyabrdagi «Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, har ikki yilda bir marta an'anaviy tarzda o‘tkazib borilishi belgilangan.

Suratlar muallifi Behzod Abdujabborov

Top