15:20 / 04.04.2019
11730

«Yosh kitobxon» loyihasining 2019 yil mavsumiga arizalar qabuli boshlandi

«Yosh kitobxon» loyihasining 2019 yil mavsumiga arizalar qabuli boshlandi. Tanlov buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma'naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tanlovga mamlakatda istiqomat qilayotgan millati va tilidan qat'iy nazar 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin. 

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar joriy yilning 1 aprelidan 15 mayiga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga ariza bilan murojaat qilib, o‘zi haqidagi tegishli ma'lumotlar (tanlov anketasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari)ni taqdim etadi.

Tanlov quyidagi uchta yosh toifasi bo‘yicha alohida-alohida tartibda o‘tkaziladi:

10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;
15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;
20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar.

Tanlovda ishtirokchilarning yoshi ariza topshirgan sana bo‘yicha inobatga olinadi.

«Yosh kitobxon»ning 2019 yilgi mavsumi uchun saralab olingan kitoblar ro‘yxati haqida ma'lumot yoki o‘zingizni qiziqtirgan savollar yuzasidan (99) 858-43-54 telefon raqami yoki O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy va mahalliy kengashlari orqali ma'lumot olish mumkin. 

Top