09:32 / 07.04.2019
6664

Useyn Bolt futbolchi bo‘lish orzusiga qaytdi. U “Palmeyras” bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdi

Foto: SE Palmeiras

Yengil atletika bo‘yicha 8 karra Olimpiya chempioni, afsonaviy Useyn Bolt Braziliyaning “Palmeyras” futbol klubi mashg‘ulot bazasiga tashrif buyurdi. Sobiq sprinter taniqli murabbiy Luis Felipe Skolari nigohi ostida asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘ldi. 

Boltga mashg‘ulotdan so‘ng uning ismi va 9,58 soni tushirilgan klub futbolkasi sovg‘a qilingan. 9,58 soni esa Bolt 2009 yilda Berlindagi jahon chempionatida 100 metrga yugurishda o‘rnatgan jahon rekordiga ishora bo‘lib, sportchi o‘shanda masofani 9,58 soniyada yugurib o‘tib, jahon rekordi o‘rnatgan.

Avvalroq Useyn boshqa klublar, jumladan Dortmundning “Borussiya” va Norvegiyaning “Stremsgodset” klublari bilan ham mashq qilgan. Bolt hattoki 2018 yil iyulda Avstraliyaning “Sentral Kost Mariners” klubi bilan shartnoma imzolab, uning safida 2 ta golga mualliflik qilgan. Biroq sprinter shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelisha olmagani sabab kuzda jamoani tark etgan.

Keyinroq dunyoning eng chopag‘on odami boshqa professional futbolchi bo‘lishga urinmasligini ma'lum qilgan va o‘zining bu boradagi urinishlarini “quvnoq sarguzasht” deb atagan.

Mavzuga oid
Top