15:20 / 09.04.2019
8597

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari: «Yaxshi internet yo‘q joyda innovatsiya haqida gap bo‘lishi mumkin emas»

8 aprel kuni Arxitektura va qurilish institutida Innovatsiya vaziri va Qurilish vaziri o‘rinbosarlari, qurilish va arxitektura sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalar vakillari, tegishli tashkilotlar ekspertlari va olimlar ishtirokida «Qurilish sohasidagi muammolar va ularning innovatsion yechimlari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda zamonaviy uy-joylar qurilishida energiya samaradorligini ta'minlovchi texnologiyalardan foydalanish, arxitektura va qurilish sohasida kadrlarni xalqaro tajriba asosida tayyorlash, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallarini ishlab chiqarish masalalari forsayt (uzoq kelajakni bashorat qilish) usulida muhokama etildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov qurilish sohasini innovatsion yo‘nalishda rivojlantirish bilan bog‘liq qator muammolarni sanab o‘tdi.

Azimjon Nazarov

«Innovatsion rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, oldimizga bir necha vazifalarni qo‘yganmiz. Xususan, O‘zbekiston 2030 yilga qadar global innovatsion reytingda kuchli 50talikka kirishi kerak. Hozir esa 122-o‘rindamiz. Shuningdek, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishda xususiy sektorning rolini oshirish kerak. Jahon tajribasiga ko‘ra, bu borada davlat ulushi 40 foizni, xususiy sektorniki esa 60 foizni tashkil etadi. Bizda esa innovatsiya bo‘yicha ishlarning 92 foizi davlatga, atigi 8 foizi xususiy tashkilotlarga to‘g‘ri kelyapti», deya Azimjon Nazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari internet sifati innovatsion rivojlanishga katta ta'sir ko‘rsatishini ta'kidlab o‘tgan. «Yaxshi internet yo‘q joyda innovatsiya haqida gap bo‘lishi mumkin emas», deya qo‘shimcha qilgan u.

U tadbirkor yo‘lidagi to‘siqlarga ham e'tibor qaratdi. «Tadbirkor qurilishga ruxsat olish uchun 17ta talabni bajarishi va buning uchun o‘rtacha 246 kun vaqt sarflashi kerak. Bu esa qurilish va arxitektura sohasida innovatsion g‘oyalarning amalga oshirilish ehtimolini kamaytiradi», deydi u.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Erkin Iskandarov ham «respublikaning har bir nuqtasida qurilish ishlari olib borilayotgan bir vaqtda soha muammolariga muqobil yechim topish va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi»ni ta'kidlab o‘tdi.

Mazkur muhokamalarda ko‘tarilgan muammolar yechimiga qonuniy asos yaratish uchun Qurilish vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuridik hujjat tayyorlanishi kutilmoqda.

Joriy yilning fevral oyida «Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan, unga ko‘ra O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish belgilangan edi.

Top