19:42 / 10.04.2019
3984

Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari Toshkentda energetik hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi

Foto: Energetika vazirligi

Toshkent shahrida Energetika sektori Muvofiqlashtirish qo‘mitasining (ESMQ) Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (MOMIHD) bo‘yicha 29-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Energetika vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Delegatlarni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti direktori Ashok Bxargava qarshi oldi. 

Yig‘ilish doirasida MOMIHD mamlakatlarida davlat korxonalarini qayta isloh qilish masalalari, MOMIHD energetika sektorining o‘rta muddatli strategiyasi, mintaqaviy savdo-investitsion loyihalarga bag‘ishlangan sessiyalar bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Energetika vazirligi 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning energetika sohasidagi islohotlar strategiyasi, MOMIHD doirasida energotizimdagi investitsion loyihalar rivojiga doir ma'ruzalarni tinglashdi, mazkur sohada davlat-xususiy sektor hamkorligi sxemalarini tatbiq etish variantlarini muhokama qilishdi. 

Foto: Energetika vazirligi 

MOMIHD mamlakatlarida quyosh energiyasini o‘zlashtirish imkoniyatlariga alohida sessiya bag‘ishlandi. Tadbirda Quyosh energiyasi xalqaro instituti vakili qayta tiklanuvchi energetika rivojiga oid taqdimoti bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston delegatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalariga doir loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajribalari bilan bo‘lishishdi. 

Foto: Energetika vazirligi 

Yana bir sessiya mavzusi Markaziy Osiyo mamlakatlarida mikro-GESlarni rivojlantirishga qaratildi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari mikro-GESlarga oid loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z yuritishdi. 

Foto: Energetika vazirligi

Bundan tashqari, delegatlar 2019 yil uchun MOMIHD Energetika sektori muvofiqlashtirish qo‘mitasining ish rejasini muhokama qilishdi. Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston vakillari tomonidan 15-17 mayda Toshkentda o‘tkaziladigan “Energetika, energiya tejash va muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2019” xalqaro ko‘rgazmasiga taklif qilindi. 

Foto: Energetika vazirligi

Ta'kidlash joizki, bugunga kelib MOMIHDda mintaqaning 11 mamlakati – O‘zbekiston, XXR, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston, Turkmaniston va Gruziya, shuningdek, OTB, Jahon banki, YeXHT, XVF, BMT Taraqqiyot  dasturi, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro donor tashkilotlar ishtirok etmoqda.

Top