19:07 / 11.04.2019
4465

“O‘zatom” agentligi vakillari AQShdagi xalqaro seminarda ishtirok etishdi

«O‘zatom» agentligi delegatsiyasi AQShning Texas shtatida MAGATEning atom energetika sohasi rahbarlari uchun (International Nuclear Executive Leadership Seminar) tashkil etilgan xalqaro seminarda ishtirok etishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur tadbirda Atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE) va Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti taklifiga binoan ishtirok etdi. 

Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, seminarda Braziliya, Saudiya Arabistoni, Argentina, Turkiya, Iordaniya, Belarus, Ruminiya, Polsha, Nigeriya, Janubiy Afrika, Keniya i O‘zbekistan kabi atom energetikasi sohasiga endi kirib kelayotgan 20 ga yaqin mamlakatning soha rahbarlari qatnashishdi.  

Seminarda MAGATE, Atom elektr stansiyalaridan foydalanuvchi tashkilotlar xalqaro uyushmasi (WANO), Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi, «Westinghouse» kompaniyasi (AQSh), shuningdek, atom energetikasi sohasidagi AQShning boshqa bir qator tadqiqot markazlari, yirik kompaniyalari va xalqaro konsultantlari o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.   

Taqdimotlar atom energetikasi sohasidagi global mavzularning muhokamasiga bag‘ishlandi. Butunjahon yadro eneregetikasi tashkilotlari faoliyatining rivojlanish tendensiyalari, yadroviy xavfsizlik madaniyati, yadroviy bilimlarning samarali boshqaruvi hamda soha rivoji uchun yetuk kadrlar tayyorlash masalalari va atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasida boshqaruv jarayonlari kabilar shular jumlasidandir. 

Tadbir doirasida Janubiy Texas hududida joylashgan atom elektr stansiyasiga tanishuv tashrifi uyushtirilib, unda mazkur AESdagi o‘quv-mashg‘ulotlar markazi hamda Axborot markazi bilan yaqindan tanishtiruv bo‘lib o‘tdi. 

Seminar yakunida ishtirokchilar va tashkilotchilar olingan bilim va ko‘nikmalari haqida fikr almashishdi, mazkur formatdagi seminarlarni yanada samarali qilish bo‘yicha o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashishdi. 

Mazkur seminar doirasidagi tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish Agentligi Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi vakillari bilan AQShning ta'lim markazlarida atom energetikasi yo‘nalishida O‘zbekistonlik mutaxassislarni ta'lim olib, malaka oshirishlarini tashkil etish imkoniyatlari, shuningdek,  MAGATE vakillari bilan shu kabi, o‘quv-amaliy seminarlarni Toshkentda «O‘zatom» agentligi va atom sohasining milliy regulyatori vakillari uchun tashkil etish borasida ham muzokaralar olib bordi. 

Ta'kidlash lozimki, Texasning A&M universiteti Texas shtatining Kolledj-Steyshen shahrida joylashgan bo‘lib, ikkita tadqiqot reaktoriga ega AQShdagi yagona oliy ta'lim maskani hisoblanadi. Talabalar soni bo‘yicha AQSh eng yirik universitetlari orasida 65 ming talaba bilan yettinchi o‘rinni egallaydi. Mazkur universitetda neft va gaz, atom energetikasi, okeanologiya, kosmonavtika hamda landshafshunoslik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim beriladi.

Top