13:05 / 11.04.2019
103107

«Sergelida yana uy-joy mojarosi». Yangi uylar narxi nega oshdi?  

Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan ko‘p qavatli turar joy egalari ipoteka to‘lovidan norozi bo‘lishmoqda. Kredit to‘lovi miqdori oshib ketganidan shikoyat qilayotgan yangi uy-joylar sohiblari «O‘zshaharqurilishinvest» MChJ IK bilan asosiy shartnomani imzolashdan bosh tortmoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Shu bilan birga, xonadonlarda yashab kelayotganlar asosiy shartnoma uzoq muddatga tuzilmagani, endilikda aynan oshirilgan narxlar bilan uni imzolash taklif etilayotganini aytishmoqda.

10 aprel kuni vakolatli tashkilotlar mutaxassis va rahbarlari hamda uy-joy egalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Sergeli tumanida qurilgan va 2018 yildan buyon foydalanishda bo‘lgan xonadonlar taqdiri muhokama qilindi. Xususan, aholi uy-joyni sotib olish bo‘yicha asosiy shartnoma nega oshirilgan narxda taqdim etilayotgani so‘raldi.

«Biz boshlang‘ich badalni amalga oshirganimizda uy-joyning 1 kv.m uchun 2.880.000 so‘m to‘lov mavjudligi aytilgandi. Endi uy narxi kvadratiga taxminan 1 million 100 ming so‘mga oshgan. Avval 160 million so‘mga tushayotgan bo‘lsa, hozirda bu uyning narxi 240 millionga yetgan. Hozir foizi bilan hisoblasa, narx 700-800 millionlarga aylanib ketadi-ku?», — deydi shikoyatchilardan biri.

Ravshan Rahmatullayev

«O‘zshaharqurilishinvest» MChJ IK ma'lumotiga ko‘ra, prezident qarori bilan Toshkent shahrida 5940ta xonadonga mo‘ljallangan 150ta ko‘p kvartirali uylar qurish belgilangandi. Shundan 229,5 milliard so‘m pul mablag‘lari fuqarolarning boshlang‘ich badal pullari evaziga shakllantirilishi nazarda tutilgan.

Ta'kidlanishicha, «ToshuyjoyLITI» AJ loyiha tashkilotining dastlabki loyiha hujjatlariga asosan kvartiraning maydoniga nisbatan bir kvadrat metrning taxminiy bahosi 2.841.170 so‘m etib belgilangan.

Shunga qaramay, kompaniya tomonidan loyiha va smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasi tasdiqlangandan so‘ng kvartira maydonining har bir kvadrat metrining aniq bahosi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishi istisno etilmagan.

Bank mutasaddilarining aytishicha, kredit shartnomasi bo‘yicha talab va shartlar o‘zgarishsiz qoladi. Talabgorlar uchun boshlang‘ich badal to‘lovi pasaytirilgan, shu tufayli boshlang‘ich badal uchun qo‘shimcha pul to‘lanishi talab etilmaydi.

Bobur Nurmuhammedov Ipoteka ATB ipoteka kreditlari boshqarmasi boshlig‘i

Qo‘shimcha qilinishicha, «O‘zshaharqurilishinvest» tomonidan xarid qilingan qurilish materiallari 2017 yildagi bozor narxiga nisbatan 2018 yilda ancha oshgan. Masalan, sement 226,3 foiz, yog‘och 206,7 foizga qimmatlagan bo‘lsa, 1 dona oddiy g‘ishtning narxi 204,7 foizga oshgan.

Toshkent shahar hokimiyati aholi manfaatlaridan kelib chiqib, qonun doirasida ushbu holatni ijobiy hal etish maqsadida tezkor ishchi guruh tuzganini ma'lum qildi. Ishchi guruh tarkibiga Toshkent shahar hokimiyati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qurilish vazirligi, banklar hamda «O‘zshaharqurilishinvest» injiniring kompaniyasi va boshqa tegishli tashkilotlardan mansabdor shaxslar kiritilgan. 

Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar, xususan uy-joy narxining oshishiga ta'sir qilgan xomashyo va unga belgilangan soliq imtiyozlaridan samarali foydalanish bo‘yicha «O‘zshaharqurilishinvest» aniq ma'lumot bera olishi mumkin.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatadi hamda kompaniyaning izohini tez orada taqdim etadi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top