03:27 / 11.04.2019
66497

Sobiq Bosh prokurorga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilmagani ma'lum qilindi

Foto: Bosh prokuratura

Amnesty International tashkilotining go‘yoki O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatilgani, qo‘pol munosabatda bo‘lingani, shuningdek boshqa sudlanuvchilarga nisbatan haligacha qiynoqlar xavfi saqlanib qolinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati e'lon qilingan. Ushbu bayonotga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. 

Unda ta'kidlanishicha, R.Qodirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha 22.02.2018 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan.

«2018 yil 25 fevral kuni Qodirov tovlamachilik, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergovning boshidanoq R.Qodirovga himoyalanish huquqi berilgan, advokatning barcha tergov harakatlarida ishtiroki, shuningdek, u bilan hech qanday cheklovlarsiz xoli uchrashish imkoniyati ta'minlangan», — deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.  

Ma'lum qilinishicha, R.Qodirov va boshqa ishtirokchilarning yoshini hisobga olgan holda, dastlabki tergov davomida ularning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiyot muassasalarining doimiy nazorati ostida bo‘ldi. Ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida ham doimiy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda va barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida maxsus transport vositasi ajratilgan.

Tergov davomida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan, uning xulosasiga ko‘ra, R.Qodirovning sog‘lig‘ining holati qamoqda saqlashga to‘sqinlik qilmasligi ma'lum bo‘lgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.

«Ta'kidlash joizki, Moskva shahrining «SHCHeglov i partnyory» advokatlik byurosi bilan tuzilgan huquqiy yordam ko‘rsatish shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi advokat A.Madyarov 18.07.2018 yilda R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etishini ta'minlashga oid choralar ko‘rish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilgan.

Tergov organlari zudlik bilan bu haqida R.Qodirovni xabardor qilish choralarini ko‘rgan, R.Qodirov A.Madyarov huzurida o‘z tashabbusiga ko‘ra uning xizmatlaridan voz kechib, unga nisbatan hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazilmayotganligi, u ixtiyoriy ravishda ko‘rsatmalar berayotgani haqida ma'lum qilgan. Shuningdek, R.Qodirov ayni paytda uning huquqlarini boshqa advokat himoya qilayotgani va qo‘shimcha advokat jalb qilinishiga ehtiyoji yo‘qligini bildirgan», — deya qo‘shimcha qilinadi rasmiy munosabatda. 

Bundan tashqari, uchrashuvda A.Madyarovning talabiga binoan R. Qodirov unga o‘z tanasini ko‘rsatgani, shundan so‘ng A.Madyarov tan jarohatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgani bildirilgan. 

«Tergov davomida R.Qodirov o‘z aybini faqat qisman tan olgan, bu esa unga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va uning bunday mazmundagi ko‘rsatmalarini olishda unga nisbatan qandaydir bosim o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir.

Bundan tashqari, 17.01.2019 yilgi sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning savoliga R.Qodirov tergov davomida o‘z ko‘rsatmalarini ixtiyoriy ravishda berganligini ma'lum qildi va bu sud majlisi bayonnomasida qayd etildi», — deyiladi axborotda. 

Bugungi kunda R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Top