16:45 / 12.04.2019
18582

Jahongir Ortiqxo‘jayev yo‘llar holatiga mas'ul bo‘lgan rahbar xodimlarni jiddiy ogohlantirdi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimligida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini oshirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Toshkent shahar IIBB, YHXB hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentda yangi ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar va yo‘llar qurilayotgani, nosoz ko‘chalarni ta'mirlash ishlari olib borilayotganiga qaramay yo‘llarda jiddiy avariya holatlari kuzatilayotganini qayd etgan. Buning sabablariga to‘xtalar ekan, harakat qismidagi yo‘l belgilari va chiziqlarining bugungi kun talablari darajasida emasligi, xususan, poytaxtning ayrim ko‘chalarida qo‘shimcha yo‘l belgilariga ehtiyoj borligi, harakat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiluvchi chiziqlar faqat bir qator ko‘chalardagina tiniq va yorqin ko‘rinishi, aksariyat yo‘llar va ko‘chalardagi holat esa talabga javob bermasligini aytib o‘tgan.

Yig‘ilishda bu ishlarga mas'ul mutasaddi va rahbar xodimlar jiddiy ogohlantirildi. Ma'lum qilinishicha, bugundan e'tiboran tegishli ishchi guruh shahardagi barcha ko‘chalarning holati, ularda yo‘l belgilari va chiziqlari qanchalik yetarli va talab darajasida ekanligini o‘rganadi. Shundan kelib chiqib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi. Shahar hokimi bergan topshiriqqa binoan bir oy muddatda yo‘l chiziqlari, ikki oy muddatda esa yo‘l belgilari tartibga keltiriladi.

Top