08:00 / 12.04.2019
6273

«Yoshlar media markazi» Bo‘ka tumanida press-turni amalga oshirdi 

Yoshlar ittifoqining “Yoshlar media markazi” ijodiy guruhi jarayonlar bilan tanishish maqsadida Bo‘ka tumanida press-turni amalga oshirdi. Ijodiy jamoa dastlab tumanining chekka hududlaridan biri hisoblangan “Bo‘ston” qishlog‘ida bo‘ldi. Ayni paytda mazkur qishloqda 3 ming 300 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 682 nafarini yoshlar tashkil etadi.

Bugungi kunda mazkur qishloqda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mas'ul tashkilotlardan biri sifatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari kunu-tun bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.

Qishloqdagi stadion, markaziy xiyobon tubdan rekonstruksiya qilinayotgan bo‘lsa, ikki smenada faoliyat olib borayotgan ishchilar 300 o‘ringa mo‘ljallangan tikuv korxonasini qurishni jadallik bilan olib bormoqda. 150 o‘ringa mo‘ljallangan “Bo‘ston” madaniyat markazida ayni paytda o‘rindiqlar o‘rnatilyapti. Tez kunda qishloq aholisi, ayniqsa yoshlar yangi filmlar namoyishidan bahra oladi. Ayniqsa, 35 yil mobaynida ta'mir nimaligini ko‘rmagan qishloq ko‘chalariga asfalt yotqizilib, simyog‘ochlar o‘rnatilishi qishloqliklarni hayajonga soldi. 2000-yillarda tamomila buzib tashlangan kutubxona o‘rnida yangi, zamonaviy kutubxona qad rostlashi kutilmoqda. Kutubxona yonidagi 130 o‘rinli bolalar bog‘chasini kapital ta'mirlash bo‘yicha harakatlar amalga oshirilmoqda. Abgor holga kelib qolgan qishloq oilaviy poliklinikasida ham qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Poliklinikaning shundoq yonidan “Poytaxt Baraka Chevaralari” MChJ ta'sischiligida yengil kompozitli paneldan 300 o‘rinli tikuv-trikotaj fabrikasi barpo etilmoqda. Shuningdek, Bo‘stonda bir necha yillardan beri qarovsiz holda yotgan xiyobon va stadion jiddiy ta'mirdan chiqarilyapti. Xiyobonga zamonaviy attraksionlar o‘rnatilishi kutilayotgan bir paytda, stadionda o‘rindiqlar va soyabon o‘rnatishga allaqachon kirishilgan. 

Press-tur davomida galdagi manzil tuman markazi bo‘ldi. Xususan, Bo‘ka shahridagi adirlik ustida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Bo‘ka tumani kengashi, shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tuman filiali binosi, Yoshlar kovorking markazini qurish ishlari davom etmoqda. Hudud obodonlashtirilib, turli manzarali daraxtlar ekilmoqda. Bo‘kalik yoshlar uchun istirohat maskani ham tashkil etiladi.

Tuman markaziy stadionida yoshlar o‘rtasida tashkillashtirilgan futbol musobaqasida 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar bahs olib bordi. 4 kun davom etgan futbol musobaqalari prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi. 

Musobaqa yakunida sovrindorlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati tomonidan taqdirlandi. Musobaqada 3-o‘rin Bekobod jamoasiga, 2-o‘rin Bo‘ka tumani jamoasiga va faxrli 1-o‘rin Zangiota tumani jamoasiga nasib etdi.

Kunning ikkinchi yarmida ijodiy jamoa tumanning olis “Do‘stlik” mahallasiga yo‘l oldi. Mazkur hududdagi o‘zbek va qirg‘iz tillariga ixtisoslashgan 34-umumta'lim maktabiga ham poytaxtdan kelgan fan, ta'lim va ma'naviyat  sohasining namoyondalari, shuningdek, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. San'atkorlar hamda o‘quvchilarning turli sahna ko‘rinishlari, kuy va raqslar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. 

Tumanning eng og‘ir sharoitdagi mazkur qishlog‘ida tez kunda “O‘zpaxtasanoat”  tomonidan paxta tozalash korxonasining bo‘sh turgan maydonidan tikuv-trikotaj korxonasi jadallik bilan qurilyapti. 

Ijodiy jamoa tuman markazidagi 19-son Bolalar musiqa va san'at maktabida bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboyev Bo‘ka tumanidagi ta'lim muassasalari yetakchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta'lim muassasalari yetakchilari tomonidan bir qator takliflar berildi. Bular sirasiga tumanda kitobxonlik tanlovini o‘tkazish, mazkur tanlov g‘oliblarini Samarqand shahriga sayohatga yuborish, ta'lim muassasalarida havaskor teatr-studiyalarini tashkil etgan holda ular o‘rtasida tanlov o‘tkazish, g‘olib bo‘lgan umumta'lim maktablarining har 5 tasiga radiouzel o‘rnatish, “Bo‘ka g‘unchalari” ko‘rik-tanlovini tashkil etish, g‘oliblarga cholg‘u asboblari jamlanmasini taqdim qilish kabi masalalar ilgari surildi.

Shuningdek, tumandagi 35-umumta'lim maktabi yetakchisi hozirda o‘z shaxsiy kinoteatriga ega ekanini bildirib, ta'lim muassasalarida ko‘chma kinoteatrlar tashkil etish taklifini ilgari surgan bo‘lsa, 50-maktab yetakchisi sport maydoni uchun joy ajratishni so‘radi. Shu yerning o‘zida Qahramon Quronboyev bu borada mas'ullarga tegishli ko‘rsatma berdi. Yoshlar yetakchisi Bo‘ka-Oqqo‘rg‘onda oyda bir marta yetakchilar brifingini o‘tkazish, yetakchilar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar samaradorligi oshirilishini, tumanda vokal-cholg‘u ansambli tashkil etilishini ta'kidladi. Uning topshirig‘iga ko‘ra endilikda “Bo‘ka yoshlari press-klubi” o‘z faoliyatini boshlaydi. 

Navbatdagi manzil tuman markazidagi 1-umumta'lim maktabi bo‘ldi. Mazkur ta'lim dargohiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi tomonidan 100 nomdagi 160 dona kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. 

Top