22:29 / 15.04.2019
5800

Yong‘in xavfsizligi institutida bepul xalq kutubxonasi ochildi

Bugun, 15 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida “Kitobxonlik bizni birlashtiradi” mavzuida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Unda institutning professor o‘qituvchilari, kursantlar, Sergeli tumanidagi Chortoq, Al-Farg‘oniy va Yo‘ldosh nomli mahalla faollari, ta'lim muassasasining sobiq bitiruvchilari, shuningdek, institutga yaqin hududda joylashgan 2-, 3- va 285- sonli maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. 

Ma'naviy-ma'rifiy tadbirni ochib berar ekan, institut boshlig‘i Nuriddin Narmatov kitobning inson hayoti, ma'naviy olamini boyitishdagi ahamiyati haqida gapirdi. Shundan so‘ng, joriy yilning mart-aprel oylarida institut kursantlari va yosh xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik tanlovining g‘olib va sovrindorlariga institut ma'muriyatining diplom, pul mukofoti va kitoblar sovg‘a sifatida topshirildi.

Tadbirda “Kitobxon shahar” loyihasi doirasida institut atrofida yashovchi aholi, xususan, yoshlar uchun tashkil etilgan bepul xalq kutubxonasi faoliyatiga ham start berildi.

Mazkur xalq kutubxonasi javonlariga 700ga yaqin o‘zbek va jahon adabiyotiga oid badiiy kitoblar joylashtirilgan. Bu kitoblardan mahalla aholisi, maktab o‘quvchilari bepul foydalanishlari mumkin.

Xalq kutubxonasi ochilishida institut professor o‘qituvchilari o‘z shaxsiy kutubxonalaridan tadbirda qatnashgan maktab o‘quvchilariga turli nomdagi badiiy adabiyotlarni sovg‘a sifatida topshirishdi.

Top