19:21 / 16.04.2019
17542

Derbilar derbisi: Deliye VS Grobari haqida

Foto: Koca Sulejmanovic/EPA

Futbol o‘yinlariga bo‘lgan e'tiborni oshirish, qo‘shimcha to‘qnashuvlar yaratish, afishani kuchaytirish uchun «derbi» tasnifi ko‘p ishlatiladi. Hozir ham, derbilarning boshqa oddiy uchrashuvlardan farqi bor – bir hududning ikki jamoasi o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘ziga yarasha ziddiyat bilan o‘tadi. Milan, Liverpul, Istanbul, Madrid, Rim derbilari, masalan, turnir jadvali yoki jamoalar holatidan qat'i nazar keskin kurashlarga boy bo‘ladi.

Ammo bugungi kunlarda bu nom aksariyat hollarda marketing, futbolni targ‘ib qilish, muxlislarni jalb qilish yo‘lida klublarga, homiylarga qo‘l kelsa-da, bir paytlar bunday bo‘lmagan. Aksincha, futboldan insonlarni uzoqlashtirish, sovishga, hattoki qo‘rqishga olib kelgan davrlar ham bo‘lgan.

E'tiboringizni futboldagi eng qonli, ziddiyatli va ashaddiy derbilardan biriga qaratamiz.

Bugungi hikoyamiz «Deliye va Grobari», ya'ni sharqiy Yevropaning ikki klubi – «Tsrvena Zvezda» va «Partizan» fanatlarining o‘zaro qarama-qarshiliklari to‘g‘risida bo‘ladi.

Image
Foto: REUTERS

Bryussel. 1966 yil. Butun Yevropa chempionlar kubogi finalida «Real»ga imkoniyatni boy bergan «Partizan» klubi fanatlarining bezoriliklaridan hayratda. Bryussel stadionidagi uloqtirilgan o‘rindiqlar, oynalari chilparchin bo‘lgan magazinlar buyuk nafrat va johillikning oqibati o‘laroq soqov guvohga aylangan edi. Ammo xuddi shu holat yarim asrdan beri Belgradda bo‘lib o‘tadigan dahshat oldida hech narsa emasdi. Har yili ikki marta kuzatilardi shunday holatlar.

1945 yilda, Belgrad ozod etilib Tito rejimi hukm sura boshlagach, sobiq Yugoslaviya davlati poytaxti Belgradda, keyinchalik Bolqon futbolini tarixida katta o‘rin tutgan ikki klub tashkil etildi. Ozodlik harakatchilari sharafiga «Partizan» nomini olgan klub hukumat jamoasi pozitsiyasida edi. Bu holatni oldinroq, Italiyada Mussolini boshqaruvi paytidagi «Latsi«» yoki kastiliyalik diktator Franko davridagi «Real» o‘laroq futbol tarixi ko‘rib ulgurgan edi. 

Iosif Broz Tito o‘zining partizanlik o‘tmishiga alohida urg‘u berdi va «Partizan»ning rahnamosi sifatida gavdalana boshladi, jamoaning xalqaro yurishi esa 1950-yillar oxiriga to‘g‘ri keldi. O‘shanda partizanchilar Janubiy Amerikada tashkillashtirilgan xalqaro turnir finalida «Yuventus» ustidan g‘alaba qozongan edi.

«Yuventus» prezidenti sinor Anelli «Partizan» jamoasi o‘yinlaridan shunchalik zavq oldiki, oqibatda u «Yuve»ning oq-qora liboslari komplektini jamoaga sovg‘a qildi. O‘sha paytlarda yugoslav klublari mamlakat bayrog‘iga urg‘u berishar va asosan qizil, oq va ko‘k ranglardan foydalanar edi. Kuchli klubning e'tirofini qabul qilgan «Partizan» oq-qora libosni o‘zining an'anaviy libosiga aylantirdi va «Grobari», ya'ni «Tobutchilar» laqabini oldi. Bunday dahshatli nom albatta jamoaning ashaddiy fanatlarini ham xursand qildi, jamoaga tegishli atributkalar, «hayqiriq so‘zlari» o‘zgartirildi. Fanatlar yangi shior o‘ylab topdilar – «Barcha dushmanlarni qabrga ko‘mamiz».

«Partizan»dan farqli ravishda «Tsrvena Zvezda» «xalq jamoasi» maqomini olgandi. Jamoa muxlislari raqibinikidan birmuncha ko‘proq, ammo u qadar uyushmagan edi. Yevropada 1959 yilda paydo bo‘lgan «grobarichilar» 7 yil o‘tiboq, yuqorida eslab o‘tganimizdek Bryussel aholisini tahlikaga solgan bo‘lishsa, «Tsrvena Zvezda» muxlislari uzoq yillar soyada qolishdi. 80-yillarga kelibgina, Yugoslaviyada kommunistik rejim yemirila boshlagach, «Tsrvena Zvezda»ning ikki katta fan-klubi - Red Devils («Qizil iblislar») va Zulu Warriors («Zulu jangchilari») birlashdi.

Foto: AFP

Yangi guruh «Deliye», ya'ni «Qahramonlar» nomini oldi. Qizig‘i, «deliye» so‘zi turkchadan kelib chiqqan, ko‘proq «tentaklar» ma'nosini anglatadi. Shuning uchun ham ularni «dushmanlar» ko‘proq «tsiganlar» deb atashadi va «Ubiy Tsigu» («Tsiganlarni o‘ldir») banneri grobarichilarda eng mashhurdir.  

Aynan 80-yillarda fanatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar butun Yevropa bo‘ylab avj olgandi, turli millat va elatlar yashaydigan Yugoslaviyada bu holat yanada keskinroq o‘tganini taxmin qilish qiyin emas. «Grobari» va «Deliye» o‘rtasidagi ulkan adovat 1989 yilga kelib rasmiy ko‘rinish oldi. Yuridik shaxslar sifatida ruyxatdan o‘tgan har ikki uyushma yildan–yilga kuch to‘play boshlagan va ularning eng asosiy maqsadi rivojlanishdan ko‘ra raqibini yerga urish edi.

Ikki guruh o‘rtasidagi ilk katta to‘qnashuv 1989 yilgi derbida kuzatildi. O‘yining so‘nggi daqiqasida «Tsrvena Zvezda» g‘alaba to‘pini kiritadi va «Deliye» xursandchiligini maydonda nishonlashni istab qoladi. 250ga yaqin fanatlar qo‘riqchilar to‘sig‘idan o‘tib maydonga tushib ketishadi va «yo‘lda» ular «Partizan» futbolchilariga ham o‘z nafratlarini izhor qilishga ulgurishadi. Tabiiyki, «Grobari»ning javobi uzoq kuttirmadi, 400dan ortiq fanat maydon ichida katta mushtlashuv boshlandi. Oqibat «Tsrvena Zvezda»ning bir muxlisining o‘limi, 17 nafar politsiyachi va 25 nafar o‘yingoh xizmatchisining tan jarohati bilan yakun topdi. To‘qnashuvlar tashqarida ham davom etdi, har ikki jamoaning uy stadionlari joylashgan Autokomanda rayoni hozirgina zilziladan chiqqan shaharni eslatardi. Eng achinarlisi, futbolga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan aholi ham ofatdan chetda qolmasdi. Eng achinarlisi, o‘z «birodarlari»ning o‘limidan qattiq «qayg‘uga tushgan» «Deliye» a'zolari ta'ziya marosimida qasos albatta olinajakligini ta'kidladilar. Qasos kechikmadi, lekin kimdan?

Navbatdagi derbida «Marakana»dan (stadionning «deliyechilar» o‘tiradigan janubiy qismi shunday ataladi) «grobarichilar» joylashgan sektorga qarata raketa otildi va yana bir inson olamdan ko‘z yumdi. Qonga qon, jonga jon!

O‘zaro janjallardan tashqari har ikki taraf boshqa klublar bilan ham turli to‘qnashuvlarda qatnashib o‘z tajribalarini oshirib borardilar. Masalan, 1990 yilda «deliyechilar» Zagrebda to‘polon uyushtiradilar. Juda ko‘p musulmonlar yashaydigan Sarayevoda esa ular tribunada «Sarayevodan Erongacha musulmonlar qabristoni bo‘ladi» deb yozilgan katta bannerni ko‘tarib oladilar.

1991 yilda «Tsrvena Zvezda» Yevropa Chempionlar ligasi finaliga chiqadi. Albatta bu «Grobari»ning jahlini chiqarmay qo‘ymasdi, navbatdagi derbida ularning yagona maqsadi o‘yinni barbod qilish edi va ular buni uddaladi. Oltmish ming kishini o‘z bag‘riga oladigan stadion qaynab turgan qozonni eslatib yuborardi. Zinalarda ham, yerda ham, hatto bir-birlarining tizzalarida ham o‘tirishardi, o‘yingoh kamida sakson ming muxlisni o‘z bag‘riga olgandi.

12-daqiqadayoq «grobarichi»lardan bir nechtasi maydonga tushib keladi va «Tsrvena Zvezda» futbolchilariga hujum qiladilar. Tartibni saqlash xodimlarining aralashuvlari ham vaziyatni nazorat qila olmaydi, tanaffusgacha mehmonlar bir nechta to‘siqlarni buzishga va politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga ulguradilar. Ikkinchi bo‘limda, tartibsizliklar avj ola boshlagach, nihoyat, «Tsrvena Zvezda» fanatlarining ham sabr kosalari to‘ladi. Taxminan olti mingga yaqin «deliye» «Partizan» muxlislari o‘tirgan sektorga bosqin uyushtiradi va chinakamiga xunrezlik boshlanadi. To‘qnashuv haqiqatdan ham juda qattiq bo‘lgandi, butun tun davomida o‘nlab mashinalar stadion va kasalxonalar o‘rtasida bir necha martalab qatnadilar.  

 Mamlakatdagi muhit kundan-kunga yomonlashib borardi, UYeFA o‘zi shundoq ham parchalanib borayotgan mamlakat hududida har qanday futbol musobaqasini o‘tkazishni taqiqladi, ammo bu qotillarga futbol kerak bo‘lmay qolganiga ancha bo‘lgandi. O‘zaro to‘qnashuvlar stadion qolib, endi shaharda davom etar, sabab mavhum, niyat mavhum, maqsad mavhum, ammo safdosh va dushman aniq edi bu urushda - «Grobari» va «Deliye».

 Avval mingga yaqin «grobari»chilar dushmanning asosiy markazlaridan biri «Serbiya» restoraniga hujum uyushtiradilar va qamalga oladilar, qarshi tarafga esa avtobuslarda chetdan yordam kela boshlaydi va magazin yaqinida katta to‘qnashuv boshlanadi. Politsiya bu janjalga aralashmaslikni ma'qul ko‘radi. «Serbiya» restorani butunlay yakson qilinadi, o‘nga yaqin inson hayotdan ko‘z yumadi.

1991 yilning fevralida «Grobari» vakillarining jinoyatini esa futbol tarixi umuman ko‘rmagan. Ular «Deliye» firmasi yetakchilaridan birini o‘g‘irlab ketadilar va ikki haftaga yaqin vaqt davomida yerto‘lada saqlaydilar. Unga xuddi asirlardek muomala qilinadi, hayvon kabi nomusiga tegadilar va eng oxirida qulog‘ini kesib tashlaydilar.

Yugoslaviyada boshlangan fuqarolar urushi ham bu qarama-qarshilikka barham bera olmaydi. Ularning eng asosiy maqsadi o‘z saflarini mustahkam ushlab turish va kerakli paytda raqibga zarba berish edi. «Deliyechilar» o‘zlarini Serb yerini muhofaza qiluvchilar sifatida ko‘radilar va Ko‘ngilli Serb Gvardiyasini tuzadilar. Gvardiyaga «Deliye»ning eng asosiy figuralaridan biri, deyarli barcha to‘qnashuvlarning ishtirokchisi Arkan boshchilik qiladi. Gvardiya asosan xorvatlar va musulmonlarni qatl qilish bilan «shug‘ullanar», shuningdek eski dushmanlaridan o‘ch olishni unutmas edi. Mish-mishlarga qaraganda urushdan bir necha kun oldin «deliyechilar»ning ikki vakili – 11 va 12 yoshli o‘smir o‘ldirib ketiladi va tabiiyki, marhum qarindoshlari jinoyatning aybdorlari «Grobari» a'zolari ekanligiga shubha qilmaydilar. Natijada ular mamlakat bo‘ylab «grobarichi»larni ta'qib qilishni boshlab yuboradilar. Yetakchi Arkanning o‘limi esa guruhga katta muvaffaqiyat olib keladi, marhum salkam serb qahramoniga aylanadi, guruh esa Yevropada mashhur bo‘lib ketadi. 1992 yilga kelib Serbiya o‘z milliy chempionatiga ega bo‘ladi, ya'ni na bosniyaliklar, na xorvatlar endi ularga raqiblik qila olmaydilar. Faqat ikkita dushman qoladi. O‘sha «Grobari» va o‘sha «Deliye».    

Serbiya chempionatining ilk derbisi ham fojia bilan tugaydi. O‘yin boshidayoq ikki taraf maydonga tushib keladi va futbolchilar bir chetda qolib o‘zaro g‘olibni aniqlashni boshlab yuboradilar. Bu safar «Grobari» g‘alaba qozonadi, orqaga qarab qochayotgan raqib esa quruq ketmaydi, o‘zlari bilan boshi majag‘langan «dushman»ni olib qochadilar. U oradan 4 soat o‘tib kasalxonada vafot etadi.

1992 yilning oktyabrida «Grobari» yana g‘alaba qozonadi, odatda armatura, pichoq va boshqa qurollar ishlatiladigan to‘qnashuvda ular granatalarni va ko‘zdan yosh chiqaradigan gazni ham ishga soladilar.

 Ancha zaiflashganliklarini sezgan «deliyechilar» yon berishni istashmasdi, 1994 yilda «Deliye» firmasi qaytadan tashkil qilinadi, guruhga esa Arkanning bevasi, nafrat nimaligini va uni kimga qarshi ishlatishni yaxshi biladigan Tsetsa boshchilik qiladi. Futbol allaqachon unutilgandi. Keyingi o‘yinlarning birida «deliyechilar» butun maydonni bosib o‘tib raqib sektoriga hujum uyushtiradilar, natijada 3 nafar «dushman» vafot etadi. Agar politsiya o‘z vaqtida aralashmaganda qurbonlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi aniq edi.  

Yil o‘tgan sayin mamlakatdagi holat iziga tusha boshladi va tabiiyki, bu kabi tartibsizliklarga qattiqroq chora ko‘rila boshlandi. Jumladan, Serbiya Sport vaziri Slobodan Vuksanovich prokuratura va tartibni saqlash xodimlari bilan o‘tkazilgan kengashda politsiya shu davrgacha stadionlardagi bezoriliklarga mas'uliyatsiz qaraganligini ta'kidlab o‘tdi va quyidagi bayonot bilan chiqadi: «Tribunadagi birgina o‘rindiqni sindirgan har qanday muxlis ikki oylik muddatga qamoqqa olinadi, jiddiyroq tarzdagi harakatlar uchun esa olti oydan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini tavsiya qilaman».

Hozirgi kunga kelib Belgradning bu ikki katta tashkilotlari o‘rtasidagi to‘qnashuv biroz yumshagan. Har holda bir necha yildan beri hech kim vafot etgani yo‘q. Eng so‘nggi qurbon 2001 yilda, qayta qurilgan «Serbiya» restoranida pichoqlangan Falke ismli «grobarichi» edi.

Ammo bu holat hech kimga xotirjamlik taqdim eta olmaydi, o‘rtadagi samimiyat yasama ekanligini payqab olish u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Har ikki taraf qonga to‘lgan Autokomanda ko‘chalarini ham, tribunadagi jasadlar hamni ham, yig‘idan ko‘zlarida yosh qotib ketgan Tsetsa kabi bevalarni ham juda yaxshi eslaydi.

Futbol ehtiroslarni boshqaradigan, bir muddat inson kayfiyati ustidan hukmronlik qila oladigan kuchga ega. Ammo u insondan kuchli emas, uni boshqara olmaydi. Pichoqda meva yoki odamning qulog‘ini kesish tanlovi ham avvalo insonning o‘zida. Qachonki, inson doimo hayotda o‘z g‘oyasi va ulug‘ insoniylik mafkurasi bilan yashasagina o‘tkinchi kayfiyat va maqsad asiriga aylanmaydi, vaziyatning quli bo‘lgan manqurt kabi hayot kechirmaydi. Haqiqiy futboldan zavq oladi, uni olamni va insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada go‘zal va samimiy qila oladigan qurolga aylantira oladi.   

Xulosa o‘zingizdan. Ogoh bo‘laylik.
Qahramon Aslanov

Mavzuga oid
Top