12:30 / 17.04.2019
20515

Andijonda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan direktor jarimaga tortildi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarini majburiy mehnatga jalb qilgan direktor ma'muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 7-sonli maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarining majburiy mehnatga jalb qilinganligi holati Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tekshirilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra majburiy mehnat holati tasdiqlangan. 

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Andijon viloyati Izboskan tumani 7-sonli maktab direktori A.U. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasi bo‘yicha ma'muriy javobgarlikka va EKOIHning 3 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

«Agar majburiy mehnat holatlariga duch kelsangiz, 71-200-06-00 telefon raqamlari yoki @mehnathuquqbot telegram boti orqali bizlarga xabar bering», - deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun: MJtK, 51-modda. Mehnatga ma'muriy tarzda majburlov. Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top