22:03 / 17.04.2019
79756

Ikki qirg‘oq. Islom dini shundaymi?

Nega shunday? Nega insoniyatning bir qismi isrofgarchilikda, ikkinchi bir qismi och va nochor? Nega ba'zilarning bir kunlik ehtiyoji boshqalarning bir yillik ehtiyojiga teng? Nega dunyoning bir burchagida bir xonaki itga egasidan bir necha million dollar meros qolib ketayotgan mahalda boshqa bir yerda odam bolasi hammaning ko‘z o‘ngida ochlikdan vafot etyapti? Bitta kichkina sayyorada yashab turib, insoniyat vijdoni buni qanday ko‘taryapti?

Vijdon

Bir toifa haqida «ularning oxiratga iymoni yo‘q-da, shuning uchun...», deymiz. Mayli, ular-ku yakuniy savol-javobga ishonmas ekan, nega biz musulmonlarda ham hol shu?

Nega isrofga berilish musulmonlar orasida ham odatiy holat ko‘rinishini olgan? Nega, masalan, torgina dengizning bir qirg‘og‘ida musulmonlar tillo-yu brilliantlar bilan bezatilgan mashinalarda yuradi-yu, boshqa qirg‘oqda ochlikdan bolalarning terisi suyagiga qapishgan? Savol-javobga ishonuvchilar – ahli iymonning umum vijdoni buni qanday hazm qilyapti?

Bu savolni har birimiz o‘zimizga bir bor bo‘lsa-da berganmiz, albatta. Va uni o‘zimizdan tezroq nari qilish uchun nimadir vajlar topganmiz. Birimiz bu holatni hukumatlarning olib borayotgan siyosatiga bog‘laymiz, birimiz hukmron toifalarning vijdonsizligiga to‘nkaymiz. Ammo...

Xo‘p, siyosat shunday ekan, odamlar-chi? Siyosatchilar emas – oddiy musulmonlar – yoshligidan birodarchilik haqqi to‘g‘risidagi rivoyatlarni eshitib keladigan musulmonlar-chi? Nega rivoyatlar bizga ta'sir etmay qoldi? Bu savolga qanday javob beramiz?

Yoningda birodaring, birodaringning bolalari och bo‘lsa-yu, sen esa kiprik qoqmay «falon ming dollardan past narxdagi mashina minmayman», – degan  shior bilan, «dinim buni menga halol qildi» deb yashasang, ichingdagi «vijdon» degan narsa o‘zini qanday his qiladi?

Birinchi rivoyat  

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Tilla va kumush idishlarda yemanglar va ichmanglar...», dedilar».

Hadisda gap modda – tilla va kumush haqidami? Hadisni «dunyoda bir qancha birodarlaring, balki uzoqdadir, balki u qo‘shningdir, moddiy qiynalib turganda sen qimmatbaho metaldan yasalgan idishda taom yeb tursang, qalbing nogahon qorayib, zarar ko‘radi», deb tushunishimiz lozim emasmidi? Moddadan muhimroq – qalb haqida emasmi hadis?

Biz esa hadisning zohirini oldik – tilla idishdan taom yeyishni harom bildik, ammo undan ko‘p marta qimmatbaho boshqa – ehtiyojdan ming marta oshib ketgan matohlarni o‘zimizga halol deb bildik.

Ikkinchi rivoyat

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Yon qo‘shnisi ochligini bilaturib, to‘q uxlagan kimsa menga iymon keltirmabdi».

Rivoyatda kelgan og‘ir ma'noga ko‘zlarimizni katta ochib yana bir nazar tashlaylik: «Yon qo‘shnisi ochligini bilaturib, to‘q uxlagan kimsa menga iymon keltirmabdi...»

Endi mana shu tamoyilga amal qiladigan jamiyatni ko‘z oldimizga keltiraylik... Endi esa o‘zimizning holimizga nazar tashlaylik...    

Alloh taolo o‘z elchisi vositasida yana o‘sha haqiqatga ishora etyapti – ruhlar o‘zaro ma'nan mushtarakdir – insonlar o‘zaro bir-birining holini his etmay qo‘ysa, qalblar zarar ko‘radi – mog‘or bosadi. Har bir sohada insonning avvalo qalbining salomatligini ko‘zlagan Islom ta'limoti biz insonlarga uqtiradi – ma'naviy mushtaraklikka ziyon yetkazish – ilohiy tamoyilga teskari bo‘lgan, qalbga zarar keltiruvchi ish.

Qalb salomatligini Islom dini har bir narsadan ustun qo‘yadi, ammo biz...

Bu rivoyatlarning hozirda so‘zlari qoldi – ruhi unut bo‘ldi. Mukammal ta'limotning mag‘zini tanituvchi ma'nolar chekkada qoldi. Endilikda 100 ming dollar turadigan mashinani minib yurgan musulmonning ongida bunga ruxsat beruvchi fatvo bor, qalb-chi?

Qalb esa egasiga to‘g‘risini aytib turadi: «qanchadan-qancha qiynalganlar bor, ularga yordam berishing mumkin, sen esa Alloh senga bergan mablag‘ni isrof qilyapsan, manmanlik uchun sarflayapsan», deb turadi.

Hashamatga berilgan o‘rnaklar

Kambag‘al kishilar toifasi hashamatni ko‘rganda ichida bir tuyg‘u paydo bo‘ladi. Bu hasad emas, boshqa narsa. Bu – tabiiy e'tiroz. Bu e'tiroz ko‘pincha so‘zlarga aylanmaydi, bo‘g‘izda qolib ketadi, zero «bu uning mulki-ku», degan tuyg‘u oraga kiradi. Aslida esa «hamma mulk Allohniki». Va bu e'tiroz mazkur haqiqatdan kelib chiqadi.

Va bunda diniy ta'lim olgan kishilar, imom-xatiblar odamlarning alohida e'tibori ostiga  tushadi. «Nega bizga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan kishilar hashamatga berilishgan?», – degan savol ko‘pincha pinhon, ba'zida tilda yangraydi. Ba'zida qarshi tarafning e'tirozi bilan to‘qnashadi.

Aslida esa bu tabiiy – haq dinni yetkazish yo‘lini, Allohning elchisi alayhissalomning xulqini odamlarga tanitish yo‘lini, xususan boylarga mulk tasarrufida qalbni mog‘orlatmaslikni  o‘rgatishi lozim bo‘lgan kishilarning hashamatga berilishi tabiiy e'tirozlarni keltirib chiqaradi. Qalb salomatligini saqlashni o‘rgatuvchi ta'limotni odamlarga yetkazuvchilar o‘zlari hashamatga, qo‘shnisining holiga beparvo bo‘lishini aqllari va qalblari ko‘tarmaydi.            

Hashamatli masjidlar

Tasavvur qilamiz. Falon million pul sarflab hashamatga, ortiqcha narsalarga to‘la masjid qurildi. U masjidning atrofida esa birqancha muhtoj oilalar yashaydi. Endi o‘sha masjidni qurgan va unda ibodat qiladigan musulmonlar buni – atrofda muhtoj oilalar mavjudligini bilishmaydimi? Albatta bilishadi. Bu ma'lumot, bu ziddiyat ularga qanday ta'sir etadi? Ularda yashirin aybdorlik hissi paydo bo‘lmaydimi? Aynan o‘sha yashirin aybdorlik hissi ularning shaxsiy yuksalishi yo‘lida g‘ovga aylanmaydimi?

Teskari da'vat

Soni 7 milliarddan oshgan Yer aholisi ichida bir qanchasi o‘ziga yo‘l axtaradi – haqiqatni izlaydi. Iste'molchilik botqog‘iga botib qolgan voqelik ichida turib, «hayotda biror ma'no bormikan», deb alanglaydi, uyg‘unlik istaydi. Va tabiiyki, turli ta'limotlarning takliflariga nazar soladi.

Iste'molchi bo‘lishdan charchagan kishilar qalblariga taskin o‘laroq iste'molchilikdan ularni xalos etadigan ta'limotni izlashadi, moddiyatdan o‘zini ustun qo‘yadigan toifalarning yo‘lini istashadi.

Tabiiyki, bu yo‘lda ular najot istab musulmonlarga ham ko‘z tikishadi. Va bir-birining holini so‘ramaydigan, hashamatga botgan moddaparast musulmonlarni ko‘rib noto‘g‘ri xulosalarga borib qolishadi. Bu holatda bunday musulmonlar Islomga da'vatchilar emas, balki aksilda'vatchilar bo‘lib qolishadi. Bu esa yer-u ko‘kka sig‘maydigan fojia...

Ibratli suratlar

Mana bu Dubayda ochilgan ko‘rgazmada sotuvga qo‘yilgan eng qimmatbaho oyoq kiyimi. Narxi 17 million dollar:

Mana bu esa eng qimmat, ko‘proq boy musulmonlar buyurtma beradigan brilliant bilan bezalgan smartfon:

Bu ham avvaldan buyurtma berib yasatiladigan tilla smartfon. Unga ham ko‘proq musulmonlardan  buyurtmalar tushadi.

Arab amirliklarida narxi o‘ta qimmat bo‘lgan minglab sportkarlar ko‘chaga tashlab yuboriladi:

Boy musulmonlar o‘rtasida yovvoyi hayvonlarni boqish tobora ommalashib boryapti. Bunday hobbi necha pulga tushishini tasavvur etish qiyin:

Bu og‘irligi 160 kilo keladigan quyma tilla. Uni odatda arab boylari uyga bezak bo‘lsin uchun sotib olishadi:

Bu esa Yamandagi yana bir och-nochor bolacha:

Islom dini shundaymi?

Qalbni yo tinglash mumkin yoki o‘ldirish – aldab bo‘lmaydi. O‘ldirilgan qalb egasi esa tuban lazzatlarning izidan yuguruvchi qurilma – robotga aylanadi. Bunday «robot» esa o‘zganing holini his etishga, butun boshli bir sayyoraning tashvishini chekishga safarbar etilgan hazrati Inson maqomidan yiroq bo‘lgan tuban jonzotdir.

Hech shubha yo‘qki, Islom dini qalblarni tiriltirish, salomat qilish, voqelikda odamlarga oqni oq, qorani qora qilib ko‘rsatish uchun nozil bo‘ldi. Zero, qoraning oq bo‘lib ko‘rinib qolishi yuqoridagi mudhish manzaralarga olib kelishini ko‘rib turibmiz.

Yo‘q, Islom dini unday emas! Balki «yon qo‘shnisi ochligini bila turib, to‘q uxlagan kimsa»ni o‘zidan nari qilish bilan qo‘rqitgan, hatto masjid qurganda ham ortiqcha xarajatni harom qilgan dindir.

P/S:

Maqoladagi suratlarni ko‘rib o‘quvchi «bu maqola uzoq o‘lkalar haqida ekan» degan xulosaga borib qolishi mumkin. Yo‘q, haqiqat shuki, musulmon ummati bir oila va so‘z aslida... Bular ham o‘zimiz haqimizda.

Uzoqda bo‘layotgan ishlar garchi biz uchun amrimaholdek - ammo holimiz o‘sha-o‘sha. Uyimiz to‘rini 160 kilolik tilla quyma bilan bezatmasmiz, biroq qo‘shnimizning holini his etmay qo‘yganimiz rost. Isrofga bepisandligimiz, to‘y-ma'rakalarimiz, markablarimiz, uy qurishimiz – bular ham o‘sha «qo‘shiq»ning «nota»laridan...

Shokir Sharipov

Top